| Toshkent |
UZ
Malibu•••
USD/UZS 11 990,54 −12,39 ↓EUR/UZS 13 136,84 −19,57 ↓RUB/UZS 146,24 −0,50 ↓
Mulohaza3 daqiqada oʻqiladi560 marta oʻqildi

Yevroosiyo Iqtisodiy Ittifoqi: Belorussiya va Rossiya munosabatlari

Jahon bankining maʼlumotlariga koʻra, Belorussiyada YaIMning oʻsishi 2016 yildan soʻng 60 mlrd. AQSh dollaridan 63 mlrd. AQSh dollarigacha oshgan, bu esa XVF maʼlumotlariga asosan aytganda, 2019 yildagi YaIMning prognoz oʻsishi 1,5 foizni tashkil etishini koʻrsatadi.

Yevroosiyo Iqtisodiy Ittifoqi: Belorussiya va Rossiya munosabatlari

Jahon bankining maʼlumotlariga koʻra, Belorussiyada YaIMning oʻsishi 2016 yildan soʻng 60 mlrd. AQSh dollaridan 63 mlrd. AQSh dollarigacha oshgan, bu esa XVF maʼlumotlariga asosan aytganda, 2019 yildagi YaIMning prognoz oʻsishi 1,5 foizni tashkil etishini koʻrsatadi.

Umuman olganda, iqtisodiyotning asosiy sanoat tarmoqlari boʻlib metallurgiya sanoati, mashinasozlik, metalni qayta ishlash, neft va kimyo, oziq-ovqat sanoati hisoblanadi. Shuningdek, savdo balansidagi qoldiq salbiy boʻlib, import hajmi eksport hajmidan ortiq hisoblanadi.

Belorussiyaning asosiy savdo hamkorlari sifatida YeOII mamlakatlari, Yevropa Ittifoqi davlatlari va boshqalar hisoblanadi. Oxirgi oʻn yillikda Rossiya bilan savdo munosabatlari sezilarli darajada mustahkamlandi. Umuman olganda, Belorussiya Vazirlar kengashining 2017 yil 12 yanvardagi qaroriga koʻra eksport tarkibini diversifikatsiya qilish nazarda tutilgan. Unga koʻra, YeOIIning ulushi – 36,6 foiz, Yevropa Ittifoqining ulushi 31,8 foiz va boshqa mamlakatlarning ulushi 31,6 foizni tashkil etadi. Ushbu qarorning ijrosi natijasida YeOIIning ulushi 2019 yil yanvar-may oylarida 40 foiz atrofida boʻlganligini qayd etish lozim, shundan Belorussiya eksportining 93,8 foizi Rossiyaga toʻgʻri kelganligi eʼtiborli holatdir. Shuningdek, 2019 yilning yanvar-mart oylarida Belorussiyaning importida YeOII ulushi 62 foizni tashkil etgan boʻlsa, shundan 99 foizi Rossiya ulushiga toʻgʻri keladi. Umuman olganda, Rossiyaning Belorussiya importidagi ulushi 60 foiz atrofida boʻlmoqda. Asosiy savdo sheriklari sifatida Xitoy, Ukraina, Buyuk Britaniya va Germaniya kabilarni keltirish mumkin.

Taʼkidlash lozimki, Belorussiya savdo hamkorlari orasida Rossiya sezilarli oʻringa ega boʻlmoqda. Shu boisdan, Rossiya bilan hamkorlikdan uzoqlashish iqtisodiy mazmunga ega emas. Aksincha, Belorussiya Prezidenti Lukashenkoning integratsiyaning salbiy jihatlari haqidagi bayonotlari boshqa maqsadlarni koʻzlaganligi koʻrinib turibdi.

Ammo, taʼkidlaganimizdek, ayrim ommaviy axborot vositalari Lukashenkoning soʻzlaridan masʼuliyatsizlarcha, boshqa maʼno chiqarishga urinishmoqda. Masalan, “mahsulotlarimiz uchun bozorlarni yopib qoʻyishsa, bu qanday yagona iqtisodiy makon?” degan soʻzlari keltirilganu, lekin Rossiya sanksiya qoʻygan davlatlarning mahsulotlarini reeksport qilishga urinilganligi haqida lom-mim deyilmagan?!

Shuningdek, Lukashenkoning “Belorus Rossiya bilan konstruktiv hamkorlikka tayyor, ammo teng huquqlarda. Va Belorus manfaatlariga zarar yetkazadigan hech qanday hujjatni imzolamaydi” degan soʻzlariga tushuntirish berilmagan, yaʼni u YeOIIga integratsiyani mutlaqo salbiy, deb baholayotgani yoʻq-ku!? Bundan tashqari, uning “yodda tuting! Men 3−4−5 yil prezident boʻlib ishlagan yigitcha emasman. Menga yetarlicha boʻldi. Va men sizlar bilan, xalq bilan amalga oshirilgan hamma narsani oʻchirib tashlamoqchi emasman – mustaqil davlatni qutiga solib tashlab yuborish yoki kimgadir berish uchun tashkil etdimmi?” degan soʻzlarining YeOII ittifoqiga mutlaqo aloqasi yoʻq, chunki hattoki mutaxassis boʻlmagan odamga ham koʻrinib turganidek, u bu soʻzlari bilan muholifatning “prezident YeOIIga kirish bilan mamlakat mustaqilligini ham berib yubormoqchi”, degan gʻiybat gaplariga zarba urmoqchi boʻlayapti, xolos.

Ustiga ustak, bizning OAV vakillarining ayrimlari yana oʻzlariga oʻzlari qarshi chiqib, Belorus “ekspertlar guruhlari... darajasida kelishilgan integratsiya boʻyicha hujjatlar va yoʻl xaritalari ustida ishlamoqda”, deb taʼkidlamoqdalar.

Biz OAVlarining yuqorida keltirilgan qarashlarini ularning noxolisligi sifatida baholaymiz, yaʼni ular mamlakatimizning YeOIIga kirishiga qarshilik koʻrsatayotganlarning tegirmoniga suv quymoqdalar!

Shuningdek, 2019 yil 7 dekabr kuni Rossiya va Belorussiya rahbarlari Sochida 5,5 soatlik uchrashuvida ham integratsion jarayonlarni rivojlantirish borasida qator masalalarni muhokama qilganliklarini qayd etish lozim.

Joriy yilning 5 dekabrida Rossiya hukumati rahbari D.Medvedev tomonidan ikki davlat oʻrtasidagi hamkorlik yuqori ahamiyatga ega ekanligini, integratsiya juda yuqori darajadaligini taʼkidlab, emotsional jarayonlar bunga taʼsir etmasligini aytib oʻtdi.

2019 yil 5 dekabrda kun.uz saytida Belorussiya Sotsiologiya instituti aprel oyida oʻzi oʻtkazgan tadqiqot natijalarini keltirdi. Unga koʻra: “mamlakat fuqarolarining 49,9 foizi Belorus mustaqil davlat boʻlishi va Rossiya bilan munosabatlarni xalqaro shartnomalar asosida qurishi kerak”, deb hisoblaydi. Belorusning Rossiya Federatsiyasi tarkibiga kirishi tarafdorlari 2019 yilda atigi 7,7 foizni tashkil etgan.

Belorusning butkul mustaqilligini istovchi fuqarolar soni 2003 yildan buyon 14,9 foizga oshgan, Rossiya bilan teng huquqli ittifoq tarafdorlari esa, 13,3 foizga kamaygan, deb qayd etmoqda Belorus rasmiy sotsiologlari. Shu bilan birga, ularning taʼkidlashicha, beloruslar Rossiyani eng yaqin doʻst mamlakat (60,5 foiz) va tashqi siyosatdagi eng muhim yoʻnalish (47,6 foiz) deb bilishadi”.

Xulosa qilib aytish mumkinki, hissiyotga berilgan bayonotlarda Belorussiya ittifoqdan alohida ishlashni hohlasada, tashqi savdo boʻyicha statistika va aholi oʻrtasida oʻtkazilgan ijtimoiy soʻrovlar buning aksini koʻrsatmoqda. Shu nuqtai nazardan, mazkur masalaga atroflicha tahlillarga asoslanib yondashish dolzarb hisoblanadi.

Xulosa shuki, agar Oʻzbekiston YeOIIga aʼzo boʻlsa, bu jarayon iqtisodiyotimizga hamda hayotimizga katta ijobiy oʻzgarishlar olib kelishi shubhasizdir. Shu sababli, ushbu oʻzgarishlarda millatimiz manfaatini hisobga olishimiz muhimdir.

Nodir Jumayev
iqtisod fanlari doktori, professor

Dilshodjon Rahmonov
iqtisod fanlari doktori

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

davaktiv.uze-auksion.uzBD terminalSOS 24
UZ