YeOIIga aʼzo boʻlishning oʻziga xos jihatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev taʼkidlab oʻtganidek, “Izlanishdamiz, niyatimiz shundaki, iloji boricha... Mana, biz katta-katta integratsiyalarga qoʻshilmoqchimiz. Hamma har xil aytyapti: mustaqillikni berib qoʻyamiz... Hech kim hech qachon mustaqillikni, oʻzbek millati, kim boʻlishidan qatʼi nazar endi bermaydi”.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev taʼkidlab oʻtganidek, “Izlanishdamiz, niyatimiz shundaki, iloji boricha... Mana, biz katta-katta integratsiyalarga qoʻshilmoqchimiz. Hamma har xil aytyapti: mustaqillikni berib qoʻyamiz... Hech kim hech qachon mustaqillikni, oʻzbek millati, kim boʻlishidan qatʼi nazar endi bermaydi”. Shu nuqtai nazardan aytish lozimki, mazkur Ittifoqga aʼzo boʻlish Oʻzbekistonning suverenitetiga taʼsir koʻrsatmaydi.
Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri oʻrinbosarining soʻzlariga koʻra, shaxsan oʻzi YeOIIga aʼzolikni yoqlaydi.
«Oʻzbekiston iqtisodiyoti, sanoati, qishloq xoʻjaligi oʻsib bormoqda. Eksport koʻpaymoqda. Bizga bozor kerak, oʻziga xos maydon kerak. Bu joy qayerda? Qozogʻistonda, Rossiyada, Qirgʻizistonda, u ham YeOII aʼzosi. Shuning uchun toʻgʻridan-toʻgʻri aytaman - ishtirok etish tarafdoriman. Faqat iqtisodiy manfaatlardan kelib chiqqan holda... Yana bir muhim omil - demografiya. Aholi oʻsib bormoqda, har yili 700 ming kishiga koʻpaymoqda. Tabiiyki, biz mutanosib ravishda 700 ming kishini ish bilan taʼminlay olmaymiz. Bu nimaga olib keladi? Migratsiyaga. Xalqimiz qayerga ketmoqda? Rossiyaga, Qozogʻistonga. Bu omil, shuningdek, Oʻzbekistonning YeOII bilan yaqin aloqalarni saqlashini ham belgilaydi. U yerda aʼzo davlatlar, migrantlar uchun boshqacha sharoitlar mavjud. Shuning uchun, menimcha, ushbu shartlardan kelib chiqqan holda qaror qabul qilishimiz kerak», - deya taʼkidlab oʻtdi u.
Oʻzbekistoning YeOIIga aʼzo boʻlib kirishida baʼzi xatarlar ham mavjud boʻlishi mumkin.
Qayd etib oʻtganimizdek, Ittifoqning jahon iqtisodiyotidagi ulushi 3 foizdan ortiq boʻlib, bu taxminan Germaniya iqtisodiyotiga teng ekanligini anglatadi. Shunday boʻlsada, jahon eksportyorlari ichida Xitoy va AQShdan keyingi uchinchi mamlakat hisoblanib, Germaniya dunyo eksportida 9 foizni amalga oshirishi bilan ajralib turadi. Qayd etish lozim, mazkur davlatning asosiy savdo hamkorlari Yevropa Ittifoqi mamlakatlari boʻlib, Germaniya eksportining salkam 70 foizini tashkil qiladi. Bu shundan dalolat beradiki, har qanday mamlakat oʻz atrofida joylashgan va masofaviy jihatdan yaqin boʻlgan iqtisodiyotlar bilan savdo munosabatlarini yoʻlga qoʻyishi manfaatlidir. Mazkur qoida dunyo iqtisodchi olimlari tomonidan “mamlakat YaIMda tashqi savdoning ulushi uning savdo hamkorlari bilan oʻrtadagi masofalarga teskari propotsional ekanligi” asoslab berilganligi bilan izohlanadi.
Zotan, Ittifoqning jami YaIM Germaniya davlatiniki bilan teng boʻlsa-da, YeOIIning jahon savdosidagi ulushi katta emasligi, yaʼni eksporti 2,8 foiz va import 1,9 foizni tashkil etishi aʼzo mamlakatlarning milliy iqtisodiyotlari import oʻrnini bosuvchi iqtisodiyot tarzida shakllanganligi bilan izohlash mumkin. Xulosa qilib aytganda, Oʻzbekistonning YeOII mamlakatlarida oʻz mahsulotlari bilan kirib borishida 185 mln.ga yaqin isteʼmolchi mavjud bozorlarga notarif toʻsiqlarsiz kirish imkoni yaratiladi.
Bizningcha, Oʻzbekistoning YeOIIga aʼzo sifatida kirib borishi quyidagi afzalliklarni keltirib chiqaradi.
Oʻzbekiston eksportida yengil sanoat va toʻqimachilik mahsulotlarining tabiiy resurslar va rangli metallardan keyin uchinchi tashqi savdo yoʻnalishi hisoblanadi. Shu boisdan, mazkur YeOII aʼzo mamlakatlarda ushbu tarmoqda yetakchining aniq emasligi Oʻzbekistonga bu boradagi nisbiy ustunlikni taqdim etadi. Bu esa, mazkur yoʻnalishni yanada raqobatbardosh qilish zaruratini keltirib chiqaradi. Boshqa jihatdan, YeOII Turkiya bilan erkin savdo kelishuvi mavjud emasligi va istiqbolda shartnoma nazarda tutilmaganligi mamlakatimizning bozordagi oʻrniga ijobiy taʼsir etadi. Lekin, 2015 yildan boshlab Xitoy va YeOII oʻrtasida erkin savdo kelishuvi mavjudligi inobatga olinsa, Oʻzbekistonda yengil sanoat sohasida qoʻshimcha qiymatli mahsulotlarga yetib borishga boʻlgan zaruratni keskinlashtiradi.
Oʻzbekiston importining 1/3 qismini mashinalar, uskunalar va mexanizmlar tashkil etishini inobatga olsak, YeOII mamlakatlaridan qilinayotgan import mahsulotlar hajmi yuqori emasligi maʼlum boʻladi. Importning asosiy qismini tashkil etuvchi ushbu yoʻnalishdagi asosiy hamkor – bu Xitoy ekanligi inobatga olinsa, mazkur tovarlarning narxi tushishi va natijada import xarajatlarining kamayishiga erishilishi mumkin.
Oʻzbekistonliklarga qulay viza rejimini taqdim etilishi nafaqat Ittifoq mamlakatlariga mehnat qilish uchun, balki yashash uchun ham joylashishlariga yengilliklarni vujudga keltiradi. Bu esa, nisbatan zich demografik joylashuvga ega boʻlgan Oʻzbekistonga aholi sonini Ittifoq davlatlariga samarali taqsimlash imkonini qoʻlga kiritadi. Shuningdek, oʻzbekistonliklar boshqa mamlakat fuqarolari bilan teng sharoit va huquqlar bilan mehnat qilishning toʻlaqonli aʼzosiga aylanadi. Bu birinchidan, fuqarolarimizda mehnat qilish malakasi va tajribasi oshishiga imkoniyat yaratadi. Ikkinchidan, toʻlov balansining joriy transfertlar balansining barqarorlashuviga olib keladi. Uchinchidan, oʻzbekistonliklar oʻz oilasini birgalikda olib ketishi uchun sharoit yuzaga kelishi natijasida turli ijtimoiy kelishmovchiliklarning yuzaga kelishi kamayadi.
Taʼkidlash lozim, savdo aylanmasining diversifikatsiyalanganlik darajasi mamlakatning geosiyosiy jihatdan bir mamlakatga bogʻlanib qolmasligini oldini olishga va oʻz pozitsiyasini mustahkamlashga yordam beradi. Hozirgi kunda Oʻzbekiston 170 dan ortiq mamlakatlar bilan oʻzaro tashqi savdo munosabatlarini amalga oshiradi. Shu nuqtai nazardan aytganda, Oʻzbekistonni na Ittifoq doirasida, na jahon iqtisodiyotida faqatgina bir mamlakat bilan savdo qilmasligini anglatadi.
Masalan, hozirgi kunda Oʻzbekistoning yirik savdo hamkorlari Xitoy (18,7 foiz), Rossiya (14,9 foiz), Qozogʻiston (8,3 foiz) va Janubiy Koreya (6,6 foiz) bilan savdo aloqalarida bir davlatning toʻliq ustunlikka ega boʻlmayoganligi ijobiy holat. Shu bilan birga, YeOII aʼzo mamlakat Qirgʻiziston bilan savdo aylanmasi yirik ulushga ega boʻlmasada, oʻzaro savdo munosabatlarida Oʻzbekistonning savdo balansi ijobiy qoldiqqa ega. Demak, Qirgʻizistonning ulushi kichik boʻlsada, u bilan savdoga kirishish salbiy deb baholash maqsadga muvofiq emas. Aksincha, Qirgʻiziston bojxona hududida Oʻzbekiston tovarlari narxlarini kamaytirish orqali raqobatbardoshligini oshirish dolzarb masala hisoblanadi. Bu esa, bojxona kelishuvlarini talab etadi.
Shu boisdan, Ittifoqqa aʼzo boʻlishda huquqlar va majburiyatlar muvozanatiga erishish mamlakatning savdo munosabatlarining diversifikatsiya darajasini inobatga olmaslik oʻta tor doiradagi xulosani anglatadi. Bizningcha, Oʻzbekiston uchun xalqaro iqtisodiy munosabatlarni, ayniqsa, savdo munosabatlarini rivojlantirishda quyidagi jihatlarni inobatga olish maqsadga muvofiq:
tashqi savdo aylanmasini ham geografik jihatdan, ham tovarlar jihatidan diversifikatsiya qilish;
savdo aylanmasida maʼlum bir davlatning pozitsiyasiga suyanib qolmaslik;
Ittifoq doirasida yoki savdo hamkorlari bilan tarif va notarif toʻsiqlarni muvozanatlashtirishga erishish.
Xulosa qilib aytganda, mamlakatlarning oʻzaro savdo aylanmasida biror davlatning mutloq ustunlikka ega boʻlishi bilan emas, balki tashqi savdoning diversifikatsiyalashganligi va raqobat ustunligiga ega boʻlishini taʼminlash dolzarb hisoblanadi.
Dilshodjon Raxmonov
iqtisodiyot fanlari doktori
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing




