YeOIIga aʼzo boʻlishning savdo-logistik afzalliklari
Tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, Yevroosiyo Iqtisodiy Ittifoqi MDHdagi eng ilgʻor integratsiya loyihasi hisoblanadi va dunyodagi mintaqaviy iqtisodiy integratsiya boʻyicha Yevropa Ittifoqidan keyin ikkinchi oʻrinni egallaydi.

Tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, Yevroosiyo Iqtisodiy Ittifoqi MDHdagi eng ilgʻor integratsiya loyihasi hisoblanadi va dunyodagi mintaqaviy iqtisodiy integratsiya boʻyicha Yevropa Ittifoqidan keyin ikkinchi oʻrinni egallaydi.
Ushbu Ittifoq doirasida tovar va xizmatlar, kapital va mehnat bozorlarining erkin harakati hamda iqtisodiyotning boshqa muhim sohalarida muvofiqlashtirilgan, kelishilgan yagona siyosat olib borish taʼminlanadi. YeOII rivojlanishining muhim yoʻnalishlaridan boʻlib, aʼzo mamlakatlarning moliyaviy-iqtisodiy resurslarining birlashishi, Ittifoq ichidagi integratsion hamkorlikning kuchayishi, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya va energetika sohalarida umumiy potensialdan koʻproq foydalana olish hisoblanadi.
2016-2018 yillar mobaynida, Oʻzbekistonning YeOIIga aʼzo mamlakatlar bilan ikki tomonlama kelishuvlar natijasida erishgan umumiy savdo aylanmasi 52 foizga oshib, 9,65 mlrd. dollarga yetdi.
Respublikamiz Ittifoq mamlakatlariga 4 mlrd. dollardan ortiq mahsulot eksport qiladi, bu 2016 yil hisobidan 40,4 foizga koʻproqdir.
Hozirda YeOII hududi ichki savdosi Belorussiya tashqi savdosining 52,6 foizini, Qirgʻizistonning 42,8 foizini, Armanistonning 29 foizini, Qozogʻistonning 23 foizini qamrab olgan va bu oʻz navbatida ushbu davlatlarning Ittifoqda yagona bozor boʻlishiga qiziqishidan dalolat beradi. Rossiya bundan mustasnodir, zero uning iqtisodiyoti xajmiga nisbatan olib qaralsa, bu taxminan 9 foizni tashkil qiladi.
YeOII doirasida Qozogʻiston Ittifoq bozoriga ayrim tarmoqlar boʻyicha eksportning oshishini taʼminlay oldi, jumladan: metall va undan tayyorlangan mahsulot turlari boʻyicha (oʻsish 15,4 foiz), mashinasozlik mahsulotlari (6,2 foiz), toʻqimachilik, kiyim-kechak va poyabzal (28 foiz), yogʻoch va qogʻoz mahsulotlarini (44 foiz) sotish boʻyicha oʻsish kuzatilmoqda.
Shu kabi, Armanistonning YeOIIdagi ishtiroki ham Yerevanning Rossiyaga eksportini 87 foizga oshirishga imkon berdi. Xususan, oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari shular jumlasidandir.
2016 yildan buyon Qirgʻizistonning tashqi savdo aylanmasi yiliga 10 foizdan yuqori darajada oʻsib bormoqda.
YeOIIga aʼzo mamlakatlarning Oʻzbekiston temir yoʻllari orqali eksport, import va tranzit yuklarini tashish umumiy xajmidagi ulushi mos ravishda 67, 71 va 78 foizni tashkil etmoqda.
YeOIIga aʼzo mamlakatlarga eksport qilinayotgan Oʻzbekiston mahsulotlarining qariyb 90 foizi Qozogʻiston orqali yuboriladi. 2018 yilda Qozogʻiston temir yoʻllari orqali amalga oshirilgan tranzit xajmi 17 mln. tonnani tashkil etdi.
Hozirgi vaqtda Ittifoqqa aʼzo davlatlar yuklarini Oʻzbekiston avtomobil yoʻllari orqali tashish yiliga 648 ming tonnani tashkil etadi.
Armaniston misolida koʻradigan boʻlsak, 2015 yilda YeOIIga aʼzo boʻlgandan keyin uning yuk oʻtkazish xajmi 200,7 foizga oshdi. Shu bilan birga, ushbu davlatning tranzit salohiyati Oʻzbekistonda mavjud imkoniyatlardan ancha past darajada.
2018 yilda YeOIIga aʼzo mamlakatlarning Oʻzbekiston atomobil yoʻllari orqali amalga oshirilgan eksport, import va tranzit yuklari tashish umumiy xajmidagi ulushi mos ravishda 51,4, 58,2 va 41 foizni tashkil etdi.
Shuningdek, Ittifoqqa aʼzolik mamlakatlarning logistika xarajatlarini kamayishiga ham xizmat qilmoqda. Masalan, Armaniston 2015 yilda Ittifoqqa aʼzo boʻlganidan soʻng yuklarni avtomobil va temir yoʻllar orqali tashish qiymati mos ravishda 18 va 21 foizga kamaygan.
Qirgʻizistonning YeOIIga toʻlaqonli aʼzo sifatida qoʻshilishi xalqaro reyslar uchun aviachiptalar narxini 14 foizga, yuklar aviatashuvi narxlarini esa 17 foizga tushirishga yordam berdi.
Shu bilan birga, tadqiqotlar Oʻzbekiston uchun Ittifoq tarkibida hamkorlar bilan birgalikda Ittifoq xududidan oʻtadigan eng muhim transkontinental xalqaro transport koridorlariga integratsiyalashuvni hisobga oladigan boʻlsak, mamlakatning transport infratuzilmasi keskin yaxshilanishini koʻrsatmoqda.
Dilfuza Rahimova
iqtisod fanlari doktori, professor
Mahmudjon Azimjon oʻgʻli
“Global Outreach” Markazi (AQSh) bitiruvchisi
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing




