EOIIga aʼzo boʻlish uchun puxta tayyorgarlik zarur
2019 yilning oxirgi oylarida turli davralarda mamlakatimizning YeOIIga aʼzo boʻlish masalasi qizgʻin muhokama va munozaralarga sabab boʻlmoqda. Fikr-mulohazalar turli-tuman, kimlardir mazkur ittifoqqa aʼzo boʻlishni yoqlayapti, boshqa birovlar esa bunga mutlaqo qarshi. Shu sabab men ham Oʻzbekistonning YeOIIga aʼzo boʻlish masalasining ijobiy va salbiy jihatlari haqidagi fikrlarim bilan oʻrtoqlashmoqchiman.

2019 yilning oxirgi oylarida turli davralarda mamlakatimizning YeOIIga aʼzo boʻlish masalasi qizgʻin muhokama va munozaralarga sabab boʻlmoqda. Fikr-mulohazalar turli-tuman, kimlardir mazkur ittifoqqa aʼzo boʻlishni yoqlayapti, boshqa birovlar esa bunga mutlaqo qarshi. Shu sabab men ham Oʻzbekistonning YeOIIga aʼzo boʻlish masalasining ijobiy va salbiy jihatlari haqidagi fikrlarim bilan oʻrtoqlashmoqchiman.
2014 yil 29 mayda Ostona shahrida imzolangan “Yevroosiyo Iqtisodiy Itttifoqi haqida”gi shartnomaning 4-moddasida uni tuzishning asosiy maqsadlari quyidagicha belgilangan:
- aʼzo-davlatlar aholisining turmush darajasini oshirish maqsadida ular iqtisodiyotini barqaror rivojlantirish uchun sharoitlar yaratish;
- Ittifoq doirasida tovarlar, xizmatlar, kapital va mehnat resurslarining yagona bozorini shakllantirishga intilish;
- global iqtisodiyot sharoitida milliy iqtisodiyotlarni har taraflama modernizatsiya, kooperatsiya qilish va ular raqobatbardoshligini oshirish.
Xoʻsh, bu maqsadlarning qaysi biri bizning manfaatlarimizga toʻgʻri kelmaydi? Bu maqsadlar 2016 yil sentyabr oyidan boshlangan Oʻzbekiston Respublikasi yangi iqtisodiy siyosatining asoslarini belgilab bergan “Harakatlar Strategiyasi” maqsadlariga toʻgʻri kelayotganligi koʻrinib turibdi. Demak, YeOII va bugungi Oʻzbekiston iqtisodiy siyosatlarining asosiy maqsadlari bir-biriga mos keladi.
Rossiya, Belorussiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Armaniston davlatlarining umumiy maydoni 20,3 million kvadrat kilometrni tashkil etadi, aholisining soni 186 million kishi, YaIM hajmi 1, 9 trillion AQSh dollariga teng. Koʻrinib turibdiki, YeOII hajmi jihatidan juda katta bozor va bu bozorning teng huquqli aʼzosi boʻlish Oʻzbekistonga ulkan imkoniyatlar yaratib beradi.
Oʻzbekiston uzoq yillar mobaynida YeOII davlatlari bilan bitta davlat tarkibida boʻlgan va shu bois mazkur davlatlar bilan juda yaqin iqtisodiy aloqalar mavjud. Birgina qoʻshni davlatlar bilan qay darajada yaqin iqtisodiy hamkorlikda yashaganligimizni olib qaraylik.
Markaziy Osiyo davlatlari asrlar mobaynida tabiiy-iqlim, yer-suv, aholining koʻchmanchi yoki oʻtroq holda yashashi bilan bogʻliq turli omillar taʼsiri ostida bir-birini toʻldirib turadigan yagona hududiy kompleks holida shakllangan.
1992-2016 yillar mobaynida beshta davlatning iqtisodiy aloqalari susaydi, oʻrtada sunʼiy toʻsiqlar paydo boʻldi. Bu davlatlarning hammasiga salbiy taʼsir koʻrsatdi.
Mamlakatimizning yangi rahbari Shavkat Mirziyoyev darhol tashqi siyosatni butkul oʻzgartirib, hamma davlatlar, ayniqsa, qoʻshni davlatlar bilan aloqalarni kengaytirdi. Iqtisodiy aloqalarning kuchayishi Markaziy Osiyo davlatlari iqtisodiyotlariga sezilarli darajada ijobiy taʼsir koʻrsata boshladi, tobora kamayib borayotgan oʻzaro savdo aylanmasi hajmi oxirgi yillarda yana osha boshladi.
Ayni vaqtda Oʻzbekiston hududida Rossiya kapitali ishtirokida 950 dan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda, Rossiyada esa Oʻzbekistonning iqtisodiy subʼyektlari ishtirokida 550 dan ortiq korxona mavjud. Ikki mamlakatning mintaqalararo hamkorligi ham yanada kengaymoqda va bugun oʻzbekistonlik tadbirkorlar Rossiyaning 70 ga yaqin hududlaridagi korxonalar bilan hamkorlik qilishmoqda.
Belorussiya bilan mashinasozlik, elektrotexnika, toʻqimachilik, oziq-ovqat sanoati sohasida hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha koʻplab loyihalar amalga oshirilyapti.
Oʻzbekistonda Qozogʻiston kapitali ishtirokida 200 dan ortiq korxona, Qirgʻiziston investorlari ishtirokida esa 96 ga yaqin kompaniya faoliyat koʻrsatmoqda. Oʻz navbatda, Qozogʻiston hududida 150 ga yaqin Qozogʻiston-Oʻzbekiston qoʻshma korxonasi, Qirgʻiziston hududida esa 200 dan ortiq Qirgʻiziston-Oʻzbekiston qoʻshma korxonalari faoliyat koʻrsatmoqda.
2016-2019 yillarda YeOII aʼzo davlatlari bilan hamkorlikning kuchayishi yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish, hududiy klasterlar, sanoat va savdo zonalarini tashkil etishda mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatini yanada kengaytiradi.
Ittifoq doirasida tovarlarning boj toʻlovlarisiz olib oʻtilishi, davlatlarning ichki bozorlariga mahalliy tovarlarimizning hech qanday toʻsiqlarsiz kirib borishi, bojxona idoralari faoliyatini tartibga solishning umumiy va mukammal tizimini yaratish, kapital harakati erkinligini taʼminlash imkoniyatlarini yaxshilaydi.
Mamlakatimizda eksportni, ayniqsa, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksportini kengaytirish strategik vazifa qilib belgilangan. Buning uchun salohiyatli va barqaror isteʼmol bozori zarur boʻladi. Shu jihatdan olib qaraganda, YeOII bilan integratsiyalashuv biz uchun bu borada juda muhim imkoniyatlar yaratadi. Qolaversa, qishloq hoʻjaligi mahsulotlarimizni YeOII mamlakatlariga bojxona toʻlovlarisiz eksport qilish imkoniyatini beradi.
Chorvachilik sohasida esa hozircha goʻsht mahsulotlarini import qilishimizga toʻgʻri kelyapti. Bu masalani ham YeOII hisobiga hal etishimiz mumkin boʻladi.
Mamlakatimiz qishloq xoʻjaligi ekinlarini sugʻorishga sarflanayotgan suvning deyarli 80 foizi Qirgʻiziston va Tojikistondan keladi. Bu borada mavjud jiddiy kelishmovchiliklarni ham YeOII doirasida nisbatan osonroq hal etish imkoniyati paydo boʻladi.
Oʻzbekiston, Qirgʻiziston, Turkmaniston, Tojikiston va Janubiy Qozogʻistonni oʻz ichiga oluvchi mintaqaviy energotizimni Markaziy Osiyo birlashgan energetika tizimi sifatida shakllantirish 1991 yilda yakunlangan edi. U oʻz ichiga 25 ming MVt umumiy quvvatga ega 83 ta elektr stansiyasini qamrab olgandi. Biroq, davlatlar oʻrtasidagi kelishmovchiliklar tufayli yagona energetika tizimi buzilib ketdi.
YeOII doirasida yagona elektr energiya bozorini yaratish va shu yoʻl orqali barcha aʼzo davlatlarni nisbatan arzon elektr energiyasi bilan taʼminlash imkoniyatini yaratadi. Bu Ittifoq aʼzolarining iqtisodiy oʻsishiga ijobiy taʼsir qiladi.
Oʻzbekiston YeOIIga aʼzo mamlakatlar ichida mehnat resurslari soni boʻyicha Rossiyadan keyin ikkinchi oʻrinni egallaydi. Bu esa, Oʻzbekistonning mehnat resurslariga boyligini, mehnat salohiyati yuqoriligini koʻrsatadi.
Bugungi kunda Oʻzbekistonda tashqi mehnat migratsiyasi oʻta muhim muammolardan biri boʻlib qolmoqda. Hozirda 2,4 millionga yaqin Oʻzbekiston fuqarolari ishlash uchun chet elga chiqib ketgan. Tashqi migrantlarning asosiy qismi Rossiya Federatsiyasiga (2,2 mln. kishi yoki 91,7 %) toʻgʻri kelmoqda.
Ittifoqqa aʼzo boʻlish mehnat munosabatlari masalasida Oʻzbekiston uchun quyidagi ijobiy natijalarni beradi:
-migrantlarning xorijiy mamlakatdagi ishlashi, yashashi, turmush sharoiti yaxshilanishiga olib keladi;
-migrantlarning qonuniy yoʻl bilan chiqib ketishini va ularning aniq hisobini yuritishni taʼminlaydi;
-mehnat bozoridagi taklifning hamda aholining chetga chiqishga qiziqishining yuqoriligini hisobga olib, mehnat bozorida muvozanatni taʼminlaydi;
-patent toʻlovlari bekor qilinadi va bu migrantlarga oyiga oʻrtacha 150 – 170 million AQSh dollari miqdorida qoʻshimcha foyda olib keladi;
-mamlakatimizga xorijiy valyuta oqimini koʻpaytiradi, qaytib kelgan migrantlar mamlakatga malakali tayyor ishchi kuchi boʻlib qaytadi.
Siyosiy va iqtisodiy islohotlar, bozor iqtisodiyoti, iqtisodiy faoliyatni tashkil etish, xususiylashtirish konsepsiyalari va dasturlarini yaratish va ularni amaliyotga joriy etishda bundan 20 – 25 yil oldin amalga oshirishimiz lozim boʻlgan jiddiy tadbirlarni biz endi yaqin kelgusi istiqbolda bajarishimiz shart. Ana oʻshanda YeOIIga aʼzolikning ayrim salbiy jihatlari hal boʻladi.
Xulosa qilib aytganda, YeOIIga aʼzolikning ijobiy jihatlari juda koʻp hamda Oʻzbekistonning manfaatlariga toʻla mos keladi. Hamma gap YeOII ga aʼzo boʻlishga puxta tayyorgarlik koʻrishga bogʻliq. Ana shunda bu tadbir xalqimizning manfaatlariga xizmat qiladi va mamlakatimiz iqtisodiyoti yanada oʻsishiga yordam beradi.
Odil Olimjonov,
iqtisodiyot fanlari doktori, professor
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing




