| Toshkent |
UZ
Malibu•••
USD/UZS 11 990,54 −12,39 ↓EUR/UZS 13 136,84 −19,57 ↓RUB/UZS 146,24 −0,50 ↓
Mulohaza4 daqiqada oʻqiladi430 marta oʻqildi

Ekspert Markaziy Osiyo mintaqasidagi siyosiy, xavfsizlik va ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlar haqida gapirdi

"YeOII bilan hamkorlik darajasini aniqlashda kutilayotgan siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarni toʻliq hisobga olish va chuqur tahlil qilish lozim", deydi ekspert Akram Umarov.

Ekspert Markaziy Osiyo mintaqasidagi siyosiy, xavfsizlik va ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlar haqida gapirdi

UzAnalytics saytiga Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti yetakchi ilmiy xodimi va xalqaro munosabatlar boʻyicha mutaxassis Akram Umarov Markaziy Osiyo va Oʻzbekiston uchun dolzarb mavzular haqida soʻzlab berdi.

"Ayni damda Markaziy Osiyo mintaqasidagi siyosiy, xavfsizlik va ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarning quyidagi yoʻnalishlarni ustuvor deb bilaman", deydi Akram Umarov.

Afgʻonistondagi vaziyat. 2016 yilda nihoyasiga yetgan doktorlik dissertatsiyam mavzusi hozirgi vaziyatda Markaziy Osiyo mintaqaviy xavfsizligini taʼminlashda afgʻon omili ahamiyatiga bagʻishlangan edi. Ushbu ilmiy ishda men ilgari surgan asosiy gʻoya Afgʻonistonga uzoq yillar davomida Oʻzbekistonga va butun mintaqaga xavf-xatar manbai sifatida qarashlar ushbu mamlakatdagi mojaroli vaziyatni yanada ogʻirlashtiruvchi omillardan biri ekanidir. Ayni yondashuv Afgʻonistonning asrlar davomida Markaziy Osiyo mintaqasi bilan shakllangan chuqur va keng qamrovli aloqalarini deyarli toʻliq cheklab qoʻygan va xavfsizlik nuqtai nazari boshqa barcha yoʻnalishlardan ustun qoʻyilgan. Men ilmiy ishimda qoʻshni mamlakatga bunday munosabatni oʻzgartirishga, oʻzaro manfaatli hamkorlikka yoʻl ochish zarurligiga urgʻu berganman.

Turli tashqi kuchlarning Markaziy Osiyo mintaqasidagi manfaatlari va amalga oshirayotgan siyosati tahlili. Men ushbu yoʻnalishda AQSh, Rossiya, Xitoy, Hindiston, Yevropa Ittifoqi, Eron, Turkiya va boshqa davlatlarning ustuvor manfaatlari hamda ularning mintaqa mamlakatlari barqaror rivojlanishi va tashqi siyosati shakllanishiga taʼsirini oʻrganaman. Bunda, albatta, ushbu davlatlarning Markaziy Osiyo bilan xavfsizlik, siyosat, energetika va iqtisodiyot sohalaridagi oʻzaro aloqalari, ularning oʻzgarish dinamikasini doimiy ravishda kuzatib, tahlil qilib boraman.

Nihoyat, soʻnggi paytlarda mintaqa mamlakatlarining ichki siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish muammolarini oʻrganishga ham alohida eʼtibor qaratyapman. Yaqinda yakunlangan tadqiqotim Qirgʻizistonning mustaqillik yillarida chet mamlakatlar va turli xalqaro tashkilotlardan olgan moliyaviy yordamining mamlakat ravnaqi, amalga oshirilgan turli islohotlar natijasiga taʼsirini oʻrganishga bagʻishlanadi. Ushbu izlanishning dastlabki natijalari tashqi moliyaviy yordamga qaramlik, yaʼni yalpi ichki mahsulot shakllanishida uning ulushi katta boʻlishi ayrim hollarda davlat islohotlari unumdorligiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkinligini koʻrsatmoqda. Fikrimcha, mintaqadagi ichki salohiyatdan oqilona foydalanish barcha mamlakatlar taraqqiyoti garovi boʻlishi mumkin. Keyingi ilmiy faoliyatimda ham Markaziy Osiyo mamlakatlarining barqaror rivojlanishga erishish yoʻlidagi muammolarini tahlil qilishga koʻproq eʼtibor qaratishni rejalashtirganman.

Umarov Xitoy anchadan beri oʻz “yumshoq kuchi”ni (soft power) mintaqamizda kuchaytirishga taraddud koʻrib kelayotgani, ushbu siyosat nimalarga erishishi mumkinligi haqida ham oʻz fikrlarini bildirdi.

‒ Xitoyning Markaziy Osiyodagi “yumshoq kuchi” boshqa yirik mamlakatlar (Rossiya va AQSh) bilan solishtirganda, ancha ortda qolmoqda. Rossiya “yumshoq kuchi”ni koʻproq rus tilining mintaqamizda qaror topgan maxsus oʻrni, umumiy tarix va ommaviy axborot vositalari orqali ilgari surmoqda. AQSh esa yoshlarga koʻplab taʼlim olish imkoniyatlari va rivojlanish darajasi yuqoriligi bilan mintaqa xalqlari eʼtiborini tortmoqda. Xitoy ham shunga oʻxshash vositalar bilan Markaziy Osiyodagi taʼsiri va jozidaborligini oshirishga urinmoqda.

Soʻnggi yillarda Xitoy hukumati mintaqa yoshlariga oʻz universitetlarida taʼlim olishi uchun minglab grantlar ajratmoqda, xitoy tili va madaniyatini oʻrganishga moʻljallangan Konfutsiy institutlari sonini koʻpaytirish hamda madaniy hamkorlik darajasini oshirish orqali “yumshoq kuchi”ni rivojlantirishga harakat qilyapti. Biroq soʻnggi yillarda Markaziy Osiyoning ayrim mamlakatlarida aholining Xitoyga qarshi chiqishlari sinofobiya haligacha keng tarqalganidan dalolat beradi. Koronavirus epidemiyasi tarqalishi ham Xitoyga oʻqishga borishga intilayotgan yoshlar soni kamayishiga sabab boʻlishi mumkin. Xitoy madaniyatini toʻlaqonli koʻrsatishga moʻljallangan telekoʻrsatuvlar, televizion seriallar va xitoylik ijodkorlarning mintaqaga safarlari, xitoylik kompaniyalarning mintaqa iqtisodiy rivojiga qoʻshayotgan hissasini omma eʼtiboriga taqdim eta bilish ushbu mamlakat imijining Markaziy Osiyo xalqlari koʻz oʻngida ijobiy tarafga oʻzgarishiga xizmat qilishini kutsa boʻladi.

Ekspert Oʻzbekiston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII)gaqoʻshilsa, qaysi sohalarda ijobiy natijalarga erishishi mumkinligi haqida ham gapirdi.

YeOII bilan hamkorlik darajasini aniqlashda kutilayotgan siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarni toʻliq hisobga olish va chuqur tahlil qilish lozim, deb hisoblayman. Hozirgi kunda Oʻzbekistonda ushbu masala boʻyicha eʼlon qilingan baʼzi tadqiqotlarda asosiy eʼtibor kutilayotgan iqtisodiy oqibatlarni oʻrganishga qaratilmoqda va umuman olganda, koʻplab ijobiy natijalar kutilayotgani taʼkidlanmoqda. Bunda mamlakatimizning transport va logistika, tovarlar eksportini oshirish hamda ittifoqqa aʼzo mamlakatlarda faoliyat olib borayotgan oʻzbekistonlik mehnat migrantlariga qulayliklar yaratish kabi masalalar eʼtibor markazida boʻlib qolmoqda.

Men iqtisodchi emasman, shu sababli bunday xulosalarga professional va toʻlaqonli baho berishim qiyin. Biroq mustaqillikka erishilgandan soʻng Oʻzbekiston tashqi savdosida hozirgacha qoʻshni va boshqa postsovet mamlakatlarining salmogʻi katta boʻlib qolayotganini taʼkidlamoqchiman. Shuningdek, tashqi yirik bozorlarga chiqish uchun tranzit yoʻllar hali ham, asosan, postsovet mamlakatlari hududi orqali oʻtishiga eʼtibor berish lozim, deb oʻylayman. Shu sababli ushbu ittifoq bilan chuqur integratsiyalashuv yoʻlini tanlash mamlakatimizning tashqi eksport bozorlarini va marshrutlarini diversifikatsiya qilishga boʻlgan ragʻbatlarini soʻndirishi mumkin. Hozirgi kunda YeOIIga aʼzo mamlakatlar oʻrtasida yuzaga kelayotgan koʻplab bahslar va ushbu muammolarni hal qilish imkoniyatiga ega betaraf, adolatli va barcha taraflar tan oladigan mexanizm yoʻqligiga diqqat qilish kerak.

Yana potensial aʼzolikning siyosiy oqibatlari haqida qisqacha toʻxtalsam. YeOIIning yetakchi mamlakati Rossiya Federatsiyasining jahon hamjamiyatidagi hozirgi oʻrni, boshqa yirik mamlakatlar bilan mavjud ziddiyatlari, unga nisbatan joriy qilingan turli sanksiyalar va ularning iqtisodiyotga salbiy taʼsiri chuqur oʻrganilishi lozim.

Umumiy xulosam shuki, Oʻzbekistonning YeOII bilan hamkorlik shakllari va istiqbollarini har taraflama tahlil qilish, turli ekspertlar uchrashuvlarini tashkil etish, ommaviy axborot vositalarida yoritish va jamoatchilik eʼtiboriga taqdim etish lozim.

Ushbu maqolada bildirilgan fikrlar muallifning shaxsiy qarashlari boʻlib, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti yoki Oʻzbekistondagi boshqa biror muassasa nuqtai nazarini aks ettirmaydi.

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

davaktiv.uze-auksion.uzBD terminalSOS 24
UZ