Ekspert Baxtishod Hamidovning inflyasiya haqida oʻziga xos fikri
Quyida Iqtisodiy islohotlar va tadqiqotlar markazi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish sohasidagi tadqiqotlar sektori katta ilmiy xodimi Baxtishod Hamidovning mazkur masala boʻyicha bildirgan fikri bilan tanishishingiz mumkin.

Oʻzbekistondagi eng faol onlayn nashrlardan biri boʻlgan Kun.uz sayti muxbiri Muhabbat Maʼmirova “Nega pulning qadri tushib ketyapti?” sarlavhali materialida ekspert sifatida Moliya vaziri Jamshid Qoʻchqorov, bakiroo tyelegram kanali muallifi Otabek Bakirovlar bilan bir qatorda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy islohotlar va tadqiqotlar markazi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish sohasidagi tadqiqotlar sektori bosh ilmiy xodimi Baxtishod Hamidovning fikrini beribdi.
Quyida Iqtisodiy islohotlar va tadqiqotlar markazi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish sohasidagi tadqiqotlar sektori bosh ilmiy xodimi Baxtishod Hamidovning mazkur masala boʻyicha bildirgan fikri bilan tanishishingiz mumkin.
– Nazariy jihatdan inflyasiyaga taklif, talab va import omillari guruhi taʼsir qiladi. Hammaga maʼlumki, inflyasiya bu umumiy isteʼmol mahsulotlari va xizmatlar narxlari oshishi. Agar ishlab chiqarish xarajatlari oshsa, mahsulotlar narxi oshadi va bu taklif inflyasiyasini keltirib chiqaradi. Boshqa tarafdan, aholi daromadlarining oshishi bozordagi mahsulot va xizmatlarga talabni oshiradi, bu esa talab inflyasiyasiga sabab boʻladi. Undan tashqari, milliy valyutaning qadrsizlanishi import qilinadigan isteʼmol tovarlari narxining oshishiga sabab boʻladi va bu import inflyasiyasini keltirib chiqaradi. Oʻzbekiston sharoitida har uch omil guruhi inflyasiya darajasiga oʻz taʼsirini koʻrsatib kelmoqda. Lekin alohida omillar guruhining sof taʼsir kuchi haqida tahlilchilarning fikrlari turli xil.
Taklif omillari ichida oxirgi yillardagi soliq siyosati, xususan qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchi tadbirkorlik subʼyektlarining qamrovi kengayganini alohida aytish mumkin. Bu oʻz navbatida, mahsulotlar narxi oshishiga olib keldi. Boshqa tomondan, narxlar davlat tomonidan tartibga solinadigan tovar va xizmatlarning koʻpchiligi uchun bozor narx shakllanish tizimiga oʻtildi. Bu tovar va xizmatlar uchun bozor narxlari ancha balandligi sababli iqtisodiyotdagi umumiy narxlar darajasida taʼsir koʻrsatdi. Yaqinda Prezident taʼkidlagan davlat korxonalarining samarasiz ishlashi ham, bu korxonalar monopol statusga ega boʻlgan sharoitda ularning mahsulot va xizmatlari narxi oshishga olib keladi va inflyasiyani keltirib chiqaradi.
Inflyasiyaga kreditlash koʻlamining taʼsiri katta, deb qarash keng tarqalgan. Soʻnggi yillarda kreditlash koʻlami oshgani rost. Jumladan, aholi uchun «Har bir oila tadbirkor» dasturi asosida kreditlar berilmoqda. Bu oʻz navbatida bozorda qoʻshimcha talab keltirib chiqarish orqali narxlarning oshishiga taʼsir koʻrsatayotgan boʻlishi mumkin. Bundan tashqari, davlat sektorida ish haqi oʻrtacha 30-40 foizga oshgani va daromad soligʻi tushirilgani ham bozordagi narxlarga oʻz taʼsirini koʻrsatgan boʻlishi mumkin.
Import inflyasiyasi omillari ichida valyuta liberalizatsiyasi (erkinlashtirilishi) siyosati omilining roli katta. Bu milliy valyuta soʻmning qadrsizlanishiga oʻz taʼsirini oʻtkazmay qolmaydi. Valyuta kursi oʻzgarishi import narxlariga taʼsiri orqali ichki inflyasiyaga bevosita taʼsir qiladi. Bu taʼsir odatda rivojlangan davlatlarga qaraganda rivojlanayotgan davlatlarda kattaroq boʻladi. Buning sababi isteʼmol savatida xalqaro bozorda oldi-sotdi qilinuvchi, xususan oziq-ovqat tovarlarning ulushi katta. Soʻnggi yillarda import koʻlamining eksport koʻlamiga nisbatan oshib ketishi ham devalvatsiyaga taʼsir qilmoqda. Natijada, import qimmatlashmoqda, narxlarning umumiy darajasi oshmoqda. Baʼzilar import aslida oshmadi, liberallashuv siyosati natijasida «rasmiylashdi» deyishi mumkin. Lekin liberallashuv siyosatining iqtisodiyotning baʼzi tarmoqlaridagi ishlab chiqarishning kamayishi bilan toʻgʻri kelishi, haqiqatan ham import oshganini bildiradi.
Oxirgi yillarda inflyasiyani jilovlashga siyosiy xohish borligi koʻrinib turibdi. Jumladan, inflyasion targetlashga oʻtish va byudjet qonun koʻrinishida qabul qilinishi bir tarafdan siyosiy tartibni taʼminlaydi va davlat pul-kredit va fiskal siyosati borasidagi ishlarning aniqligi oshishi hisobiga inflyasion kutilmalarni jilovlanishiga xizmat qiladi.
Inflyasiya soʻzi aslida nazariy tushuncha boʻlib, uni baholovchi koʻrsatkichlar odatda isteʼmol narxlar indeksi (INI) hisoblanadi. Bu indeksni hisoblash uchun aholi farovonligini taʼminlovchi tovar va xizmatlar roʻyxati, ularning ahamiyatlilik darajasi va narxlaridagi oʻzgarishlar boʻyicha maʼlumotlar kerak boʻladi. Bu roʻyxatni shakllantirishda turli davlat idoralari bir-biriga oʻxshamagan hisob-qitoblar qiladi. Shu sababli hukumat va Markaziy bank inflyasiya darajasini ikki xil raqamda aytadi.
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing




