| Toshkent |
UZ
Malibu•••
USD/UZS 11 990,54 −12,39 ↓EUR/UZS 13 136,84 −19,57 ↓RUB/UZS 146,24 −0,50 ↓
Trendlar9 daqiqada oʻqiladi234 marta oʻqildi

Deputatlar Oʻzbekistonning YeOII bilan hamkorlik masalasi haqida fikrlarini bildirdi

YeOII bilan hamkorlik qilish biz uchun qiymati 1 trillion 587 milliard AQSh dollariga teng boʻlgan bozorga kirish imkonini beradi. Oʻzbekiston bu bozorga oʻzining nisbatan arzon mahsulotlarini eksport qilib, katta miqyosda foyda koʻrishi mumkin, deydi Akmal Burhonov. Qodir Jumayev esa, YeOIIga aʼzo davlatlarning birortasiga xorijiy davlatlar yoki xalqaro tashkilotlar tomonidan sanksiyalar qoʻllaniladigan boʻlsa, bu holat Oʻzbekistonga ham taʼsir oʻtkazmasdan qolmaydi, degan fikrni bildirdi.

Deputatlar Oʻzbekistonning YeOII bilan hamkorlik masalasi haqida fikrlarini bildirdi

Davlatimiz rahbarining joriy yil 2 martdagi Farmoni bilan tasdiqlangan 2017 — 2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida Oʻzbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorligi masalasini atroflicha oʻrganish vazifasi belgilangan.

Hozirgi vaqtda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qoʻmitalari va siyosiy partiyalar fraksiyalarida tegishli oʻrganish ishlari olib borilmokda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Oʻzbekistonning YeOII bilan hamkorlik masalasi haqida fikr-mulohzalarini bildirdi.

Dilorom FAYZIYeVA, Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qoʻmitasi raisi:

— YeOII 2015 yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan integratsion birlashma boʻlib, unga hozirgi kunga qadar Rossiya, Belarus, Qozogʻiston, Armaniston va Qirgʻiziston mamlakatlari aʼzo boʻlib kirishgan. 2018 yildan eʼtiboran Moldova kuzatuvchi maqomiga ega. YeOIIning asosiy maqsadi — aʼzo davlatlar aholisining turmush darajasini oshirish borasida barqaror rivojlanish uchun sharoitlar yaratish, YeOII doirasida tovarlar, xizmatlar, kapital va ish resurslarining yagona bozorini shakllantirishga harakat qilish, global iqtisodiyot sharoitida milliy iqtisodiyotlarning raqobatbardoshligini oshirish, har tomonlama modernizatsiyalash va oʻzaro kooperatsiyani rivojlantirishdir.

Ayni kunda YeOIIga aʼzo mamlakatlar joylashgan hudud maydoni jihatidan dunyoda birinchi oʻrinda boʻlsa, aholi soni boʻyicha sakkizinchi (hozirgi kunda 184 mln. kishidan iborat) va YaIM hajmi boʻyicha esa oʻninchi oʻrinda qayd etilmoqda.

YeOII tarkibiga toʻlaqonli aʼzo boʻlib kirish yoki kuzatuvchi maqomiga ega boʻlishdan oldin har bir mamlakat, eng avvalo, YeOIIga oid tashkiliy-huquqiy munosabatlarni, institutsional organlar va ularning faoliyatini, oʻzaro hamkorlikning huquqiy asoslarini, umuman, YeOII bilan hamkorlik mamlakat uchun qanday naf berishini yoki qanday salbiy oqibatlarga olib kelishini chuqur tahlil qilishi tabiiy holdir.

Shu nuqtai nazardan, qoʻmitamizda ushbu masala boʻyicha maxsus ishchi guruhi tuzilgan boʻlib, oʻrta va uzoq muddatli istiqbolda YeOII bilan hamkorlik Oʻzbekistonning boshqa xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar hamda asosiy strategik hamkorlari boʻlmish xorijiy mamlakatlar bilan munosabatlariga taʼsiri har tomonlama koʻrib chiqilmoqda.

Akmal BURHONOV, Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qoʻmitasi aʼzosi:

— Tan olish kerakki, bugungi dunyoda biron bir davlat jahon iqtisodiyotidan ajralgan holda rivojlana olmaydi. Zamonaviy dunyoda integratsiya imtiyoz sifatida emas, balki zarurat sifatida qaralmoqda. Shu nuqtai nazarda, mamlakatimizning YeOII bilan kelgusidagi hamkorligini chuqur tahlil qilish biz uchun muhim ahamiyat kasb etadi.

YeOII bilan hamkorlik qilish biz uchun qiymati 1 trillion 587 milliard AQSh dollariga teng boʻlgan bozorga kirish imkonini beradi. Oʻzbekiston bu bozorga oʻzining nisbatan arzon mahsulotlarini eksport qilib, katta miqyosda foyda koʻrishi mumkin.

Oʻzbekiston YeOII bilan hamkorlik qiladigan boʻlsa, oʻz qoidalarini ittifoq standartlari bilan muvofiqlashtirib boradi va tadbirkorlarimiz uchun katta imkoniyatlar vujudga keladi. Buning natijasida, YeOII bozorini koʻzlagan xorijiy investitsiyalar oqimi yuzaga kelishi mumkin. Zero, shu paytgacha 34 millionlik bozor uchun ishlab kelingan boʻlsa, YeOII bilan hamkorlik oʻrnatilishi natijasida salkam 200 million kishilik bozorga hech qanday bojlarsiz kirish imkoni paydo boʻladi. Bu esa Oʻzbekistonning investitsiyalar uchun jozibadorligini yanada oshiradi.

Zuhra ShODIYeVA, Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qoʻmitasi aʼzosi:

— Oʻzbekistonning YeOII bilan hamkorligi qaysi shaklda boʻlishi toʻgʻrisida soʻz borganda, bir qator siyosiy-iqtisodiy omillar, albatta, inobatga olinishi kerak, deb hisoblayman. Birinchi omil — bu Oʻzbekistonning YeOIIga kiruvchi mamlakatlar bilan chegaraviy punktlarni ochish masalasi. Masalan, mamlakatimizning Qirgʻiziston va Qozogʻiston bilan bir nechta chegaraviy punktlari mavjud boʻlishiga qaramay, Qirgʻiziston va Qozogʻiston YeOIIga aʼzo sifatida boshqa savdo rejimi asosida faoliyat olib borganligi bois, ushbu punktlarni toʻliq ochishda muayyan qiyinchiliklar yuzaga kelmoqda.

Ikkinchi omil — Oʻzbekiston fuqarolarining Rossiyaga va Qozogʻistonga boʻlgan mehnat migratsiyasi boʻlib, mamlakatimiz ushbu masalada YeOII bilan oʻz milliy manfaatlaridan kelib chiqqan holda hamkorlik oʻrnatishi maqsadga muvofiqdir.

Jahongir MAMAJONOV, Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qoʻmitasi aʼzosi:

— Maʼlumki, Oʻzbekiston jugʻrofiy jihatdan quruqlikda “qamalib” qolgan davlat boʻlib, dengizga toʻgʻridan-toʻgʻri chiqa olmaydi. Shu bois, transport-kommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirish, ayniqsa, dengizga chiqish yoʻllariga ega boʻlish Oʻzbekiston uchun strategik ahamiyatga ega boʻlgan masala hisoblanadi. Dengizga chiqishning eng asosiy yoʻnalishlaridan biri esa bu Qozogʻiston va Rossiya orqali chiqishdir. Bu esa, xohlaymizmi-yoʻqmi, mamlakatimizning YeOII bilan hisoblashishga majburligini anglatadi.

Feruza NIGMATOVA, Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qoʻmitasi aʼzosi:

— Avvalo, iqtisodiyotimizni rivojlantirish va uning raqobatbardoshligini oshirish, aholi bandligini taʼminlash va turmush darajasini yaxshilash, taʼlim, sport, turizm sohalarini yuksaltirishda xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan integratsiyalashuv ulkan ahamiyatga ega ekanligini eʼtirof etish lozim.

Shu nuqtai nazardan, hozirgi kunda Oʻzbekistonning tashqi savdo aylanmasida YeOII davlatlarining ulushi 30 foizdan oshishi mamlakatimizni YeOII bilan munosabatlarni yanada mustahkamlashga undaydi. Boz ustiga, Rossiya va Qozogʻiston bilan bir qator investitsion loyihalarni birgalikda amalga oshirishga kelishib olingan. YeOIIga kiruvchi boshqa mamlakatlar bilan ham hamkorlik yoʻnalishlari belgilab olingan. Shundan kelib chiqsak, mamlakatimizning YeOII bilan hamkorligini yanada chuqurlashtirish, oʻzaro kelishilgan investitsion loyihalarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish imkonini beradi.

Nodir JUMAYeV, Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qoʻmitasi aʼzosi:

— Taʼkidlash joizki, YeOII iqtisodiy tashkilot boʻlib, uning asosiy maqsadi savdo-iqtisodiy munosabatlarda oʻzaro manfaatdorlikni taʼminlashdan iborat.

Istiqbolda mamlakatimizning YeOII bilan oʻzaro hamkorligining ijobiy jihatlariga toʻxtalib, shuni aytmoqchimanki, Oʻzbekistonda aholining 16 yoshdan 25 yoshgacha boʻlgan qatlami zichligi boshqa aʼzo mamlakatlarga nisbatan yuqori ekanligi sababli, mehnat migratsiyasi masalasida samarali natijalarga erishish mumkin.

Maʼlumki, YeOIIga aʼzo mamlakatlar mehnat migrantlari uchun litsenziya va ruxsat olish talablarini oʻzaro jiddiy yengillashtirishgan. Shu nuqtai nazardan, bugun 2-2,5 milliondan ortiq fuqarolarimiz YeOII davlatlarida mehnat qilayotganligini hisobga olsak, Ittifoq bilan hamkorlik oʻrnatiladigan boʻlsa, fuqarolarimiz ushbu davlatlarda patent olmasdan ishlash imkoniyatiga ega boʻladilar va pul joʻnatmalari hozirgi 4-5 mlrddan 7-8 mlrd. AQSh dollariga yetishi kutilmoqda.

Qolaversa, Oʻzbekiston aholisiga xos boʻlgan mehnatsevarlik va tadbirkorlikni toʻla amalga oshirish hududi kengayadi. Mamlakatda ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish uchun zarur boʻlgan investitsiya manbalari vujudga keladi. Shu bilan birga, YeOIIga aʼzo davlatlar iqtisodiy tizimlari uygʻunligi rivojlanish uchun asos boʻla oladi.

Toʻgʻri, hozirda mamlakatimiz YeOIIga aʼzo mamlakatlarning barchasi bilan ikki tomonlama oʻzaro manfaatli kelishuv va bitimlarga ega. Biroq aslida YeOIIga aʼzo mamlakatlar oʻzaro ikki tomonlama munosabatlarda kamdan kam hollarda ichki talablar doirasida tashqariga chiqishadi. YeOII manfaatlari hamisha ustuvordir. Chunki asosiy ustuvorlik aʼzo mamlakatlar mahsulotlariga nisbatan qoʻllanilishi oʻz-oʻzidan maʼlum. Shu nuqtai nazardan, hozircha bizning mahsulotlarimizga, afsuski, eʼtibor darajasi nisbatan pastligicha qolmoqda.

Muqaddas TIRKAShEVA, Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qoʻmitasi aʼzosi:

— Mamlakatimizning YeOII bilan yaqin hamkorligi nafaqat savdo-iqtisodiy, balki kompleks ekologik masalalarni yechishda ham qoʻl kelishi mumkin. Zero, ishtirokchi mamlakatlarning tabiiy boyliklarini saqlash, qayta tiklash va ulardan oqilona foydalanish boʻyicha tajribasidan ham unumli foydalanish imkoniyatiga ega boʻlamiz.

Kezi kelganda shuni taʼkidlab oʻtmoqchimanki, atrof-muhitni muhofaza qilish va unga iqtisodiy faoliyatning salbiy taʼsirini oldini olish borasida shu paytga qadar YeOII doirasida birorta koʻp tomonlama shartnoma tuzilmagan. Ushbu masalalarga yanada keng qamrovli va muvozanatli yondashuv zarurligini hisobga olgan holda, Oʻzbekiston va YeOII oʻrtasidagi hamkorlik dastlab Oʻzbekiston uchun kuzatuvchi maqomini olishdan boshlanishi maqsadga muvofiq, deb hisoblayman.

Dilbar USMANOVA, Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qoʻmitasi aʼzosi:

— Parlament quyi palatasi deputati sifatida Oʻzbekistonning YeOII bilan hamkorligini, eng avvalo, xalqimiz, xususan, biznes yurituvchi subʼyektlarning manfaatlari nuqtai nazaridan koʻrib chiqish zarur, deb hisoblayman. Bir muhim savolni oʻzimizga oʻzimiz berishimiz zarur: oddiy fuqarolarimiz, tadbirkorlarimiz YeOII bilan hamkorlikdan qanday naf koʻradi? Zero, hozirda mamlakatimizdan chetga olib chiqilayotgan yuklarning 80 foizi YeOII aʼzolari boʻlmish Rossiya, Qozogʻiston va Qirgʻiziston orqali tranzit tashib ketiladi, tayyor mahsulotlarimiz eksportining 50 foizi, baʼzi mahsulotlar boʻyicha esa hatto 80 foizdan ziyodi ana shu mamlakatlar hissasiga toʻgʻri keladi.

Shu bois, YeOII bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish Oʻzbekistonning uzoq muddatli strategik maqsadlariga, xususan, oʻrta qatlam negizini tashkil qiluvchi tadbirkorlik subʼyektlarining manfaatlariga toʻliq mos tushadi.

Zulayho AKRAMOVA, Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qoʻmitasi aʼzosi:

— YeOII bilan hamkorlik mamlakatimizning bundan keyingi tashqi savdo aloqalarining rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etadi. Eng asosiysi, turizm sohasida, xalqaro yuk hamda passajir tashuvlari soddalashtiriladi va bu boradagi imkoniyatlarimiz yanada kengayadi.

Biroq Oʻzbekiston YeOII bilan hamkorlik oʻrnatishidan oldin tegishli infratuzilmani barpo etishi va milliy qonunchilikni YeOII doirasida qabul qilingan standartlarga moslashtirib borishi lozim boʻladi. Xususan, bojxona postlari infratuzilmasini tamomila qaytadan koʻrib chiqishi kerak. Buning uchun esa 1 mlrd. AQSh dollariga yaqin mablagʻ talab etiladi.

Oʻktamjon ISLOMOV, Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qoʻmitasi aʼzosi:

— YeOII bilan hamkorlik oʻrnatilishi Oʻzbekistondagi isteʼmolchilarning mintaqa bozoridagi iqtisodiy raqobat natijasida nisbatan arzon va sifatli mahsulotlarni xarid qilish imkoniyatini yanada oshiradi. Bundan tashqari, YeOII aʼzo mamlakatlarida import toʻlovlarining kamayishi, transport logistika tizimining qulaylashishi natijasida Oʻzbekistondan bugungi kunda ishlab chiqarishda nisbiy afzallikka ega boʻlgan meva-sabzavot, tekstil, charm-poyabzal singari mahsulotlar eksporti hajmi oshadi. Oʻzbekistondagi monopoliya va oligopoliya toifasidagi ishlab chiqaruvchi va xizmat koʻrsatuvchilar integratsiyalashgan raqobat muhiti natijasida korrupsiyani bartaraf qilishga, tannarxni kamaytirishga, mahsulot va xizmatlar sifatini oshirishga majbur boʻladi. Integratsiya natijasida ishlab chiqarishda kooperatsion aloqalar rivojlanadi. YeOIIda tovar va xizmatlarga qoʻyiladigan stantdartlar talablarining yuqoriligi hisobidan ularning sifat darajasi ham oshadi.

Shu bilan birga, qator salbiy omillar ham borki, yetarli darajada tayyorgarlik koʻrishimizni taqozo etadi. Xususan, YeOIIga aʼzo davlatlardagi ishlab chiqaruvchilar bilan raqobatga bardoshli boʻlmagan mahalliy ishlab chiqaruvchilar bankrot boʻlishi mutanosib ravishda ish oʻrinlari hamda YaIM hajmining kamayishiga olib kelishi mumkin. Oʻzbekistonda hali rivojlanib ulgurmagan ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish segmentlari Ittifoqning boshqa aʼzo davlatlari korxonalari tomonidan egallab olinishi xavfi ham saqlanib qoladi.

Abdullo ASLONOV, Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qoʻmitasi aʼzosi:

— Oʻzbekistonning YeOII bilan hamkorligi qator ijobiy natijalar bilan birga, ayrim ziddiyatli masalalarni ham keltirib chiqarishi mumkin. Birinchidan, import qilinuvchi mahsulotlar narxining tushishi natijasida mahalliy ishlab chiqaruvchilarning bozordagi oʻrnini saqlab qolishi qiyinlashadi. Ayniqsa, monopol xususiyatga ega boʻlgan tarmoqlarning bozordagi oʻrni xavf ostida qoladi. Shu bilan birga, YeOII doirasida umumiy bojxona tariflarining oʻrnatilishi ortidan baʼzi tovarlarning qimmatlashishi yuzaga kelishi mumkin.

Ikkinchidan, Oʻzbekiston va YeOIIning yirik iqtisodiyotlari oʻrtasida ish haqi hajmi boʻyicha sezilarli tafovutlar borligi sababli mamlakatimizda ishchi kuchining ommaviy tarzda xorijga koʻchishi yuz berishi mumkin. Bu esa, qishloq xoʻjaligi sohasida xizmat qiluvchilarga mehnatga haq toʻlashning qimmatlashuviga olib kelishi mumkin.

Biroq nima boʻlganda ham, oʻylaymanki, agar YeOII bilan yaqin hamkorlik oʻrnatadigan boʻlsak, bu hayotimizda ijobiy oʻzgarishlarga olib keladi. Biz uchun ushbu oʻzgarishlarda milliy manfaatlarimizni himoya qilib, halqimiz farovonligi va tinchlik-xotirjamligini taʼminlash oʻta muhimdir.

Qodir JOʻRAYeV, Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qoʻmitasi aʼzosi:

— YeOII bilan hamkorlikning ijobiy jihatlari bilan birga, ayrim salbiy tomonlari ham borligini alohida taʼkidlash joiz.

Masalan, YeOIIga aʼzo davlatlarning birortasiga xorijiy davlatlar yoki xalqaro tashkilotlar tomonidan sanksiyalar qoʻllaniladigan boʻlsa, bu holat Oʻzbekistonga ham taʼsir oʻtkazmasdan qolmaydi.

Hozirda YeOIIga aʼzo boʻlgan eng asosiy mamlakat boʻlmish Rossiya Federatsiyasining xalqaro sanksiyalar va bosim ostida qolayotganligi va kelgusida ushbu sanksiyalarning yanada kuchaytirilishi mumkinligi bizni hamisha sergak boʻlishga daʼvat etadi. Rossiya Federatsiyasi Ittifoq iqtisodiy potensialining salkam 85 foizini tashkil etuvchi mamlakat boʻlib, kelgusida unga nisbatan sanksiyalar yanada kuchaytiriladigan boʻlsa, bu YeOIIning boshqa aʼzo va hamkor davlatlarining iqtisodiyotiga salbiy taʼsir koʻrsatadi.

Taʼkidlash joizki, hozirgi kunda aynan shunga oʻxshash holat yuzaga kelgan boʻlib, dunyoda koronavirus pandemiyasi oqibatida energiya resurslari, xususan, neft narxining tushib ketishi Rossiya Federatsiyasi rublining keskin qadrsizlanishiga olib kelmoqda. Bu esa, oʻz navbatida, Ittifoqning boshqa aʼzolari milliy iqtisodiyotiga ham zarar keltirmoqda.

Umuman aytganda, Oʻzbekistonning YeOII bilan hamkorlik qilish istiqbollarini keng qamrovli tahlillar asosida oʻrganish, bunda esa nafaqat milliy, balki nufuzli xorijiy hamda xalqaro ekspertlar va konsalting kompaniyalar bilan muhokamalar oʻtkazish talab etiladi. Shundan keyingina Oʻzbekiston YeOII bilan hamkorligi qay shaklda boʻlishi toʻgʻrisida yakuniy xulosaga kelish mumkin.

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

davaktiv.uze-auksion.uzBD terminalSOS 24
UZ