| Toshkent |
UZ
Malibu•••
USD/UZS 11 990,54 −12,39 ↓EUR/UZS 13 136,84 −19,57 ↓RUB/UZS 146,24 −0,50 ↓
Trendlar4 daqiqada oʻqiladi74 marta oʻqildi

Dam olish vaqti emas. Koronavirus Oʻzbekiston mehnat bozoriga qanday taʼsir qildi

First Development Group va Forbes Uzbekistan «2020 yilgi inqiroz sharoitida ish qidiruvchilar VS ish beruvchilar» mavzusida onlayn-munozarani oʻtkazishdi.

Dam olish vaqti emas. Koronavirus Oʻzbekiston mehnat bozoriga qanday taʼsir qildi

HR-ekspertlar Forbes Uzbekistan bosh muharriri Anastasiya Novikova bilan birgalikda pandemiyaning ish qidiruvchilar va ish beruvchilarga taʼsirini muhokama qilishdi.

Tadbirda PR Head Hunterning Markaziy Osiyo boʻyicha marketing direktori Anna Shevchenko, Person Hunters asoschisi va boshqaruvchi hamkori Yuliya Yakovleva, CEO Grow Management Team Solutions, ATB «Kapitalbank» boshqaruvi aʼzosi Gulnora Xisamiyeva va First Development Group HR-menejeri Zarina Gilyazova ishtirok etishdi. Forbes Uzbekistan bosh muharriri Anastasiya Novikova uchrashuv moderatori sifatida ishtirok etdi.

Karantin mehnat bozorini oʻzgartirdi

Anna Shevchenkoning soʻzlariga koʻra, aprel oyida rezyumelar soni 7%ga oshdi va bu kompaniya qayd etgan eng yuqori koʻrsatkichlardan biri boʻldi. Karantin oldidan va undan keyin eng koʻp talab qilingan boʻsh ish oʻrinlari - maʼmuriyat xodimlari va savdolar boʻyicha mutaxassislardir.

- Aprel oyida vaziyat biroz oʻzgarib, IT-mutaxassislar birinchi oʻringa chiqishdi, talabalar orasida esa maʼmuriyat va moliya xodimlariga ehtiyoj koʻpaydi, - dedi u.

Maʼruzachi birinchilardan boʻlib xizmat koʻrsatish sohasi, turizm, mehmonxonalar biznesi va umumiy ovqatlanish (yetkazib berish xizmatidan tashqari) tarmogʻi zarar koʻrganligini taʼkidladi. Fan va taʼlim sohasida ham rezyumelar soni masofaviy oʻqitishning tobora ommaviylashib borishi tufayli koʻpaydi. Qurilish va ishlab chiqarish sohalarida barqarorlik kuzatildi.

- Nomzodlar oʻz rezyumelarida masofadan turib ishlash imkoniyati borligini belgilashdi, bu esa takliflar sonini 10dan 13%ga oshirdi.

Pandemiya davrida mehnat bozorida vaziyat salbiy tomonga oʻzgardi, ammo hozir boʻsh ish oʻrinlari soni koʻpaymoqda, bu esa murojaat qiluvchilarga turli variantlarni koʻrib chiqish imkonini beradi.

- Karantindan oldin Oʻzbekistonda bu boradagi vakansiyalar 2-2,5 mingni tashkil etgan boʻlsa, hozir bu koʻrsatkich 1945 tani tashkil etdi. Bu ijobiy holat. Ish qidiruvchilar barcha sohalarda ish izlash va suhbatdan oʻtish imkoniyatiga ega boʻlishayapti, - deya taʼkidladi Anna Shevchenko.

Yuliya Yakovleva pandemiya tufayli aksariyat kompaniyalar unchalik pozitiv kayfiyatda emasligini va moliyaviy yoʻqotishlar kutilayotgan daromadning 40%ni tashkil qilishini taʼkidladi. Koʻpgina tadbirkorlar bundan keyin nima boʻlishini bilishmaydi va faqat kichik bir qismi maʼlum bir oʻsishni kutishadi.

- Bozor tahlillari shuni koʻrsatdiki, chakana savdo, farmatsevtika va IT-sohalarida oʻsish kuzatilmoqda. Soʻnggisi juda ommaviylashib ketdi - kompaniyalar ichki IT-resurslarini jadal rivojlantirishni boshlashdi.

Koʻplab ish beruvchilar karantin tufayli xodimlarining bir qismini maosh toʻlanmaydigan majburiy taʼtilga yuborishdi, ammo koʻplab kompaniyalar oʻz xodimlarini qoʻllab-quvvatlashga va ish haqining bir qismini toʻlashga harakat qilishdi. Bundan tashqari, qoʻshimcha ijtimoiy toʻlovlar, mukofot pullari qisqartirilib, bonuslar tizimi toʻxtatildi.

Mutaxassisning qoʻshimcha qilishicha, koʻplab ish beruvchilar odatdagi ish tizimiga qaytishadi va oʻz biznes-jarayonlarini koʻp oʻzgartirishni rejalashtirishmaydi. 13-15% ularni qisman yoki toʻliq koʻrib chiqishmoqchi.

- Iyun oyida bonus toʻlovlarining qisqarishiga qaramay, mehnatga haq toʻlash tizimidagi vaziyat yaxshilanishni boshladi. Asosan mehmonxona, restoran biznesi, turizm sohalariga taʼsir koʻrsatildi va aynan shu xodimlar mehnat bozoriga murojaat etishdi.

Anastasiya Novikovaning taʼkidlashicha, inqirozga qaramay, ish beruvchilar xodimlarning ish haqini kiskartirmaslikka harakat qilishmoqda.

Masofadan ishlash - hayotning paradigma oʻzgarishi

Gulnora Xisamiyeva karantin paytida banklar faoliyat koʻrsatishdan toʻxtamaganligini, ammo baʼzi xodimlar masofadan ishlashga yuborilganligini aytib oʻtdi:

- Biz hamma ham masofadan turib ishlay olmasligiga duch kelyapmiz. Ishning bunday uslubi - hayotning paradigma oʻzgarishi. Bank tizimidagi shaxsiy tajribamizga asoslanib, hamma ham masofadan turib ishlay olmasligiga guvoh boʻldim. Biz xodimlardan kutadigan eng muhim xislat - bu shaxsiy intizom, keyin professionallik va masʼuliyat.

Uning fikriga koʻra, masofadan turib ishlash koʻproq jarayonga emas, natijaga qaratiladi, shuning uchun ushbu formatda toʻlovlar ishbay boʻlishi lozim. U insonlarda koʻnikmalar oshganligini, Trello va Slack kabi qoʻshimcha vositalar va texnika bilan ishlash malakasi paydo boʻlganini qoʻshimcha qildi.

Zarina Gilyazova karantinning dastlabki bosqichi paytida qurilish maydonlarida ham barcha ish faoliyatlari toʻxtatilganini eslab oʻtdi: ishchilarning bir guruhi ish haqi qisman saqlangan holda mehnat taʼtiliga yuborildi.

- Ammo chora-tadbirlar yengillashtirilishi bilan biz tezkor ravishda karantin tadbirlariga rioya qilgan holda inshootlarda va idoralarda ishlarni boshlab yubordik. Xavfsizlik meʼyorlariga qatʼiy rioya qilish qulay ish muhitini taʼminlaydi, ammo xodimlar hali ham xavotirda. Shuning uchun biz ularni tashish va ovqatlanishni maxsus belgilangan joyda tashkil qildik. Shaxsiy himoya vositalari sotib olindi, xodimlar harorati oʻlchanib qayd etilib borilayapti, - deya tushuntirdi munozara ishtirokchisi.

Anna Shevchenko qurilish sohasidagi malakali ishchilarning bir qismida maoshlar pasaytirilganini, ammo may oyida vaziyat oʻzgarishni boshlaganini aytib oʻtdi. Top-menejerlar va yuqori malakali mutaxassislarda ish haqi oʻzgarmadi.

Ish beruvchilar tomonidan talablar oshdi

- Endi siz moslashuvchan koʻnikmalarga ega boʻlishingiz kerak va Microsoft Officeʼni bilishning oʻzi yetarli emas. Talablar oshib bormoqda va agar siz yuqori talablarga javob beradigan va yetarli malakaga ega boʻlgan mutaxassisni yollasangiz, uning xizmatlari oʻrtacha kamida $1000ni tashkil qiladi, agar tor doiradagi mutaxassislar haqida gapiradigan boʻlsak, raqamlar yanada yuqoriroq boʻladi, - dedi Gulnora Xisamiyeva.

Moderatorning pandemiyadan oldin va keyin mehnatga ish haqini toʻlashga boʻlgan munosabati qanday oʻzgarganligi haqidagi savoliga javob berar ekan, Yuliya Yakovleva tez rivojlanayotgan iqtisodiyot tufayli tabaqalanish juda kuchli ekanligini taʼkidladi.

- Oʻzbekistonga koʻplab yirik xorijiy sarmoyadorlar kirib kelishmoqda va endi biz malakali mutaxassislar bozori oʻsib borayotgan bir vaziyatdamiz va pandemiya tufayli mamlakatda koʻplab quyi malakali kadrlar yigʻilib qolgan.

Uning fikricha, Oʻzbekiston uzoq vaqtdan beri qoʻshni davlatlar uchun kadrlar zaxirasi boʻlib kelgan, hozirda mamlakatda malakali kadrlar yetishmovchiligi mavjud va uni qayta tiklash mushkul.

- Hozirgi kunda ekspatlarning katta oqimi kirib kelayapti va bu har bir jalb etilgan mutaxassis uchun qoʻshimcha xarajatlar sarflanishiga sabab boʻladi, bunday xodimning qiymati arifmetik progressiyada oʻsib boradi.

Maʼruzachining taʼkidlashicha, kompaniyalar ish beruvchining obroʻsi ustida ham ishlashlari lozim va bu tendensiya kuchayib boradi, chunki eng yaxshi mutaxassislarni jalb qilish va saqlab qolish zarur:

- Ish beruvchiga raqobatbardosh ish haqini toʻlashning oʻzi yetarli boʻlmaydi va biz buni Oʻzbekiston bozorida, xodim ish joyini maoshiga qarab tanlamayotgan paytda koʻrayapmiz. Bugungi kunda murojaat qiluvchilar tarmoqlarda ish beruvchining qanday ekanligini, mehnat bozorida u haqida qanday fikrlar bildirilayotganligi, u xodimga yaqin boʻlgan bir xil qoidalar va meʼyorlarga rioya qilish yoki qilmasligini eʼtiborga olishmoqda. Aynan shu narsalar asosiy oʻringa chiqayapti va bu HRning rivojlanadigan yoʻnalishidir. Ish beruvchilar ushbu omillarga eʼtibor berishlari kerak - eng yaxshi xodimlar eng yaxshi kompaniyalarda ishlashadi.

Manba: Forbes

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

davaktiv.uze-auksion.uzBD terminalSOS 24
UZ