| Toshkent |
UZ
Malibu•••
USD/UZS 11 990,54 −12,39 ↓EUR/UZS 13 136,84 −19,57 ↓RUB/UZS 146,24 −0,50 ↓
Trendlar7 daqiqada oʻqiladi239 marta oʻqildi

COVID-19ni toʻxtatish yoki iqtisodiyotni qutqarish? Ikkalasini ham eplash mumkin(mi?)

Shu kunlarda Nyu-York universiteti iqtisodchisi va Nobel mukofoti laureati Pol Romerning fikrlari asabiy yangramoqda: “Biz yo iqtisodiyotdan yoki odamlardan ayrilishday ogʻir vaziyatga tushib qoldik”, deydi u.

COVID-19ni toʻxtatish yoki iqtisodiyotni qutqarish? Ikkalasini ham eplash mumkin(mi?)

Uzanalytics.com sayti MIT Technology Review nashrida eʼlon qilingan “Stop covid or save the economy? We can do both” maqolasining qisqartirilgan tarjimasini chop etdi.

AQShning koʻplab shtatlarida ijtimoiy masofalanish choralari koʻrilgandan soʻnggi ilk bandlik toʻgʻrisidagi hisobotda Mehnat vazirligi 3,3 million kishi ishsizlik nafaqasi olish uchun ariza berganini maʼlum qildi. Oradan bir hafta oʻtib, aprelning ilk haftasida yana 6,6 millionta ariza kelib tushdi. Bu 1982 yilgi 695 000 ta arizadan iborat rekordni bu raqamlar bilan umuman solishtirib boʻlmaydi.

Biroq, ushbu raqamlar mavjud inqirozni toʻliq qamray olmaydi, chunki ularga yarim ish oʻrinlari, oʻz-oʻzini ish bilan band qilganlar va erkin ishlaydiganlar kirmagan, ammo ular ham tirikchilik manbaidan uzilib qolmoqda. Moliya sohasi ekspertlari AQSh YaIMi yozga borib, 30 – 50 foiz qisqarishini bashorat qilmoqda.

Mart oyining oxirida prezident Donald Tramp “davolash muammoning oʻzidan battar” boʻlishiga yoʻl qoʻyib boʻlmasligini, butun mamlakat oʻsha paytda ikki hafta qolgan Pasxa bayramiga qadar ishga qaytajagini maʼlum qilgan edi. Chikago universiteti iqtisodchisi va prezident huzuridagi iqtisodiyot maslahatchilari kengashining sobiq aʼzosi Keysi Malligan virus tarqalishini kamaytirish uchun hech ish qilmaslikdan koʻra koʻproq zarar keltirishi mumkinligini aytadi.

Nihoyat, Oq Uy kasallikning nazoratsiz tarqalishi modelini ishlab chiqdi. Unga koʻra, agar bu kasallikni nazoratsiz tarqalishiga qoʻyib berilsa, natijada 2,2 million amerikalik qurbon boʻlishi mumkinligi bashorat qilindi, bu boshqa epidemiologlarning hisob-kitoblariga ham mos tushadi. Tramp tezroq ishga qaytish daʼvatidan voz kechib, ijtimoiy masofalanish yoʻriqnomalariga amal qilishni aprel oxiriga qadar uzaytirdi. Lekin asosiy dalil baribir saqlanib qolaverdi: koronavirus epidemiyasi davrida iqtisodiyotni qutqarish bilan odamlar hayotini saqlash oʻrtasida ogʻriqli murosa mavjud.

Biroq tadqiqotlar dalolat berishicha, bu notoʻgʻri dixotomiyadir[1]. Aslida eng yaxshi yoʻl iqtisodiy zararni cheklash va imkon qadar koʻproq odamlarning hayotini saqlab qolishdir.

Yangi retsessiya

− Dunyo qanchalik oʻzgarib ketishini oldindan bashorat qilish qiyin, − deydi Massachusets texnologiya institutining mehnat masalalari boʻyicha iqtisodchisi Devid Otor. – Bu biz soʻnggi yuz yilda guvoh boʻlgan hech narsaga oʻxshamaydi.

Ilgarigi retsessiya yoki depressiya vaqtida muammoga iqtisodiy yechim ish kuchiga talabni ragʻbatlantirish, yaʼni ishchilarni ishga qaytarish boʻlgan. Biroq ayni holatda biz iqtisodiy faoliyatni atay toʻxtatib, odamlarga uyida oʻtirishni tayinlayapmiz. Otor fikricha, “gap faqat retsessiyaning qanchalik chuqurlashuvida emas. Bu – butunlay boshqa narsa”.

Eng katta xavflardan biri shuki, iqtisodiy pasayishga hech bir qarshilik koʻrsata olmaydigan kishilar: restoran va mehmonxonalardagi maosh kam toʻlanadigan xizmat koʻrsatish sohasi xodimlari, erkin ishlaydigan kishilar koʻp zarar koʻradi.

Kongress mart oxirida tasdiqlagan 2 trillion dollarlik yordam paketi ajratish toʻgʻrisidagi qonunda ish toʻxtab qolishidan zarar koʻradigan ishchilar va korxonalarga mablagʻ ajratishni hamda koronavirus nazoratga olinishi bilan iqtisodiyotni qayta ishga tushirish nazarda tutiladi. Yiliga 75 ming dollardan kam maosh oluvchi har bir katta yoshli kishiga 1200 dollar beriladi hamda ilk marta erkin ishlaydigan va oʻzini oʻzi band qilgan kishilar ham ishsizlik nafaqasi oladi. Yuz milliardlab dollarlik mablagʻlar korxonalarni saqlab qolish uchun sarflanadi. Lekin bu mamlakatning, ayniqsa, qattiq zarar koʻrgan hududlarida yetarli boʻlmasligi aniq.

Hayot qiymati

Korxonalarning yopilishi odam tanlashi mumkin boʻlgan narsa, biroq nazoratsiz pandemiya iqtisodiy faoliyat uchun oʻta salbiy oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin. Bunga faqat ish kuchi kamayib borayotganigina sabab boʻlmaydi. Keng tarqalgan xavflar biznes uchun zararli: isteʼmolchilar restoranlarga oqib bormay, uchoqlarda safar qilish uchun chiptalar sotib olmay yoki oʻzini kasallikka giriftor qilish xavfi bor faoliyat turlariga pul sarflamay qoʻyadi. Chikagodagi But nomli maktabning yetakchi iqtisodchilari oʻtkazgan soʻrovga koʻra, fikri soʻralganlarning 88 foizi kasallik tarqalishi oldini olish uchun “har tomonlama siyosiy javob choralari” “iqtisodiy faoliyatning keskin qisqarishi”ga sabr-toqat bilan qarashni oʻz ichiga olishi kerak, deb hisoblaydi. Deyarli 80 foiz fikri soʻralganlar “qattiq tartibdagi izolyasiyadan juda erta voz kechish” yana koʻproq iqtisodiy zarar keltirishi mumkinligini aytgan.

Ayni choqda virus yuqishi sabab boʻladigan oʻlim holatlarini kamaytirishga qaratilgan har qanday chora-tadbir ulkan iqtisodiy foyda keltiradi. Chikago universiteti iqtisodchisi Maykl Grinstoun Londondagi qirollik kolleji tayyorlagan kasallik tarqalishi modeliga asoslanib dalolat berishicha, 1 martdan 1 oktyabrga qadar moʻʼtadil ijtimoiy masofalanish 1,7 million kishining hayotini saqlab qoladi. Uning qabul qilingan keng qamrovli iqtisodiy chora, yaʼni “statistik hayot qiymati”ga asoslanib bildirishicha, shuncha kishining oʻlimiga yoʻl qoʻymaslik iqtisodiyotga 8 trillion dollar yoki AQSh YaIMning 1/3 qismiga yaqin foyda keltiradi.

Shu oʻrinda muallif 1918 yilda roʻy bergan gripp pandemiyasini tadqiq qilgan Massachusets texnologiya instituti qoshidagi Sloan maktabi iqtisodchisi Emil Verner soʻzlarini keltiradi: “Biz vaziyatga aralashish yoki normal iqtisodiyotga qaytishdan birini tanlamasligimiz kerak. Tanlovimiz iqtisodiy ahvol hozir yomon boʻladigan, ammo kelgusida yaxshi boʻlib ketadigan aralashuv yoki hech narsa qilmaslikdan iboratdir, u holda pandemiya nazoratdan chiqib, iqtisodiyotga katta zarar keltirishi mumkin”.

Tadqiqotchi fikricha, oʻsha pandemiya AQShdagi milliy ishlab chiqarish 18 foiz tushib ketishiga sabab boʻlgan, ammo oradan bir yil oʻtib, gripp taqalishi sabab cheklovlar joriy etgan shaharlarda iqtisodiy koʻrsatkichlar ancha yaxshilangan.

Bugungi iqtisodiyot asosan xizmat koʻrsatish sohasiga yoʻnaltirilgan boʻlib, 100 yil oldingidan farq qiladi. Lekin bugungi shaharlardagi vaziyat oʻylab koʻrishni taqozo qiladi. Vernerga koʻra, “vaziyatga aralashish iqtisodiyot uchun yomon boʻlganiga hech qanday isbot yoʻq. Pandemiya oʻta vayronkordir. Pirovardida vaziyatni yumshatishga qaratilgan har qanday siyosat iqtisodiyotga foyda keltiradi”.

Iqtisodiyotni tiklash

Shu kunlarda Nyu-York universiteti iqtisodchisi va Nobel mukofoti laureati Pol Romerning fikrlari asabiy yangramoqda: “Biz yo iqtisodiyotdan yoki odamlardan ayrilishday ogʻir vaziyatga tushib qoldik”, deydi u.

Olimga koʻra, nisbatan oson strategiya “ham virusni cheklash, ham iqtisodiyot tiklanishiga yoʻl ochish”dir.

Yechim, deydi Romer, kim infeksiya yuqtirganini aniqlash uchun kasallik alomatlari boʻlmagan har bir kishini qayta-qayta tibbiy tekshiruvdan oʻtkazishdir. (Kasallik belgilari bor kishilar COVID-19 yuqtirgan deb hisoblanishi va shunga yarasha davolanishi kerak). Kimda tekshiruv vaqtida virus aniqlangan boʻlsa, “oʻzini yakkalashi”, kimda aniqlanmagan boʻlsa, ishga chiqishi, sayohat qilishi va boshqalar bilan muloqot qilishi mumkin, biroq ular har ikki hafta yoki shunga yaqin muddatda qayta tekshiruvdan oʻtkazilishi lozim. Agar sizda kasallik aniqlanmagan boʻlsa, qoʻlingizda samolyotga chiqish yoki restoranga bemalol kirishga ruxsat beradigan karta boʻlishi kerak.

Tibbiy tekshiruvdan oʻtish ixtiyoriy boʻlishi lozim. Romer baʼzi kishilar bunga qarshilik qilishi, hatto kasallik yuqtirgani aniqlangan boʻlsa ham “oʻzini yakkalash”ni istamasligini tan oladi, biroq “aksariyat kishilar toʻgʻri ishni qilishni istaydi”, deydi u va bu virus tarqalishini cheklash uchun yetarli boʻlishi mumkin.

Romer Silikon vodiysidagi Cepheid kompaniyasi yoki dori-darmon ishlab chiqaruvchi yirik Roche kompaniyasining yangi va tez tashxis qoʻyadigan tekshiruv vositalari mavjudligini qayd etadi. Roche kompaniyasining eng yaxshi mashinalari bir kunda 4200 kishini tekshiruvdan oʻtkazishi mumkin. Mabodo 5000 ta shunday mashina ishlab chiqarilsa, kuniga 2 million kishini tekshiruvdan oʻtkazsa boʻladi.

‒ Bu – qoʻlimizdan keladigan ish, – deydi u.

Agar virus yuqtirgan kishilar aniqlanib, izolyasiya qilinsa, boshqalarga ishga chiqishiga ruxsat berish mumkin.

Aprel oyi boshida Chikagoning But nomidagi maktabi oʻtkazgan soʻrov natijasiga koʻra, iqtisodchilarning 93 foizi “iqtisodiyotning qayta yurgizib yuborish” uchun “ommaviy tibbiy tekshiruvdan oʻtkazishni koʻpaytirish”ga rozi.

AQShning Oziq-ovqat va dori-darmon boshqarmasi sobiq direktori Skott Gottilib ham barcha kishilarni tibbiy tekshiruvdan oʻtkazishni faollashtirishni va infeksiya yuqtirganlarni “yakkalash” zarurligini taʼkidlamoqda.

Takliflar tafsiloti bir-biridan farq qiladi, lekin barchasida ishga qaytish xavfli boʻlmasligi uchun kim himoyasiz va kim unday emasligini aniqlash niyatida turli-tuman va keng qamrovli tekshiruvlar oʻtkazish zarurligi qayd etiladi.

Biroq hademay ommaviy va tez-tez tibbiy tekshiruvlar oʻtkazilishiga oid isbotlar juda kam. Yangi tekshiruv vositalari paydo boʻlgani bilan ularni ahvoli oʻta ogʻir bemorlar va tibbiy frontning oldingi qatorida boʻlgan kishilar sotib ola bilmaydi. Haligacha tekshiruv toʻplamlari va ularni oʻtkazish uchun zarur boʻlgan jihozlar yetishmayapti.

Bunday inersiya Romerning hafsalasini pir qilyapti. U Kongress ajratgan 2 trillion dollarlik mablagʻni iqtisodiyot uchun “palliativ davolash” deb atadi. Uning fikricha, 100 milliard dollar tibbiy tekshiruvlar uchun sarflansa edi, ahvol “ancha yaxshilangan boʻlur edi”.

Bir kun kelib iqtisodiyotni ochishimizga toʻgʻri keladi. Ehtimol, pandemiya chekina boshlashi alomatlari paydo boʻlgunga qadar sabr qilarmiz yoki iqtisodiy azoblar rahbarlar uchun ham, ogʻir zarar koʻrgan mintaqalarda yashaydigan aholi uchun chidab boʻlmas ahvolga olib kelar. Keng qamrovli tibbiy tekshiruvlar oʻtkazmaydigan boʻlsak, oʻsha kun kelganda, biz odamlarni virus yuqtirish xavfi bor-yoʻqligini va uni boshqalarga yuqtirishi mumkinligini bilmay, qaytarib ishga joʻnatamiz. “Biz bu haqda notoʻgʻri oʻylayapmiz”, deydi Romer. Gap shundaki, bir kun kelib, iqtisodiyot qayta ishga tushirilganda ommaviy tekshiruvlarni oʻtkazmay turib, virus tarqalishi nazorat ostida deb oʻylash xomxayol boʻlganini koʻramiz.

Bu – asta-sekinlik bilan kechadigan jarayon, infeksiya yuqmagan yoki immuniteti baquvvat kishilarga birinchi boʻlib ish joylariga qaytishga ruxsat berilishi mumkin. Biroq tibbiy tekshiruvlarsiz biz ushbu oʻtish davrini qanday boshqarishni bilmaymiz. Bunday holatda Trampga xos tarzda iqtisodiyotni qutqarish yoki oʻlim holatlari keskin ortib ketishidan birini tanlashga majbur boʻlib qolamiz.

[1] Dixotomíya (yunoncha διχοτομία: δῐχῆ, «ikkiga» + τομή, «boʻlinish») — ikkilanish, oʻzaro emas, ichida bogʻliqligi boʻlgan ikki qismga izchil boʻlinish.

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

davaktiv.uze-auksion.uzBD terminalSOS 24
UZ