COVID-19 karantin cheklovlari: jahondagi vaziyat
"Markazimiz tomonidan 165 davlat tajribasi, pandemiya davrida qoʻllagan choralari oʻrganildi. Har bir davlatning oʻz iqtisodiyotidan kelib chiqqan modellari bor. Oʻzbekiston tadbirkorlarga toʻgʻridan-toʻgʻri moddiy yordam koʻrinishida emas, kredit toʻlovlarini kechiktirish, soliq imtiyozlari koʻrinishida koʻmak koʻrsatdi", - Umid Abidxadjayev, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktorining oʻrinbosari.

“Yuksalish” umummilliy harakati qoshidagi Xalqaro munozara klubining ilk uchrashuvi ushbu mavzuga bagʻishlandi.
Prezidentning 2020 yil 2 martdagi 2017—2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq “Yuksalish” umummilliy harakati qoshida Xalqaro munozara klubi tashkil etildi.
Munozara klubi faoliyati doirasida quyidagilar koʻzda tutilgan:
islohotlarni amalga oshirishdagi dolzarb masalalarning jamoatchilik muhokamasiga mahalliy va xorijiy ekspertlarni jalb qilish;
davlat organlari, hokimlik va idoralarining samarali faoliyatiga doimiy baho berish tizimini yoʻlga qoʻyish uchun aholi va mutaxassislar orasida soʻrovlar oʻtkazish;
normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarida ilgari surilgan asosli takliflarni ularning jamoatchilikdagi muhokamasini inobatga olgan holda qayta ishlash;
davlat organlari va tashkilotlarining xalq oldidagi hisobdorligini oshirish uchun doimiy jamoatchilik eshituvlarini tashkillashtirish;
Joriy yilning 8 iyul kuni Xalqaro munozara klubining “COVID-19 karantin cheklovlari: jahondagi vaziyat” mavzusida ilk uchrashuvi oʻtkazildi. Unda aholining epidemiologik osoyishtalik hamda ijtimoiy-iqtisodiy masalalariga ixtisoslashgan parlament, vazirlik va idoralar, xalqaro tashkilotlar, fuqarolik jamiyati vakillari, Yevropa, AQSH ekspertlari bevosita va video-konferens aloqa orqali ishtirok etdilar.
Soʻz — tadbir ishtirokchilariga:
Akmal BURXANOV, “Yuksalish” umummilliy harakati raisi:
— Bugun butun dunyo hamjamiyatining diqqat markazida COVID-19 pandemiyasi boʻlib turibdi. JSST maʼlumotlariga koʻra, bugungi kunda dunyoda 12 mlnga yaqin odam koronavirus bilan kasallanish holati aniqlangan, shu jumladan, 550 mingga yaqin oʻlim holatlari qayd etilgan. Toʻgʻri, Oʻzbekistonda bu koʻrsatkichlar nisbatan ancha kam. Chunki kasallik tarqalishining birinchi bosqichida Oʻzbekiston rahbariyati tomonidan bir qator shoshilinch choralar koʻrildi. Lekin, afsuski, oxirgi kunlarda bizda kasallanganlar soni kundan-kunga rekord darajada koʻpaymoqda. Shuning uchun ham respublika boʻylab yana karantin cheklovlari qaytadan joriy etildi. Bu cheklovlar qachondir jiddiy ijtimoiy-iqtisodiy asoratlarni keltirib chiqaradi va eng yomoni, aholi bandligi masalasi yana kun tartibiga chiqadi. Bugun vaziyat koʻrilayotgan choralarni doimiy tahlil qilib borishimizni taqozo etmoqda.
Ronni XAYNE, Konrad Adenauer nomidagi jamgʻarmaning Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy vakolatli vakili:
— Germaniyada pandemiya mobaynida aholining yashash sharoiti uchun kerakli choralar koʻrildi. Alohida paytda mamlakatda qiyin vaziyat yuzaga keldi, yaʼni kasallanish holati eksponent boʻyicha ortdi. Bu vaqtda Konrad Adenauer nomidagi jamgʻarmasi paydo boʻlgan muammolar yechimiga hissa qoʻshish, xalqaro tajriba bilan boʻlishish uchun oʻzining ekspertlik koʻmagini taklif qildi. Xususan, karantin paytida qanday yoʻl tutish kerak? Karantin iqtisodiyotga qanday taʼsir qiladi? kabi savollarga javob izlandi. Ayni paytda Germaniyaning alohida hududlarida karantin cheklovlari olib tashlanishi, boshqalarida esa yumshatilishi mumkin. Inqirozni yengib oʻtish uchun maqsadli choralar koʻrilmoqda.
Umid ABIDXADJAYEV, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktorining oʻrinbosari:
— Ayni vaqtga qadar aynan koronavirus infeksiyasiga chalinganlarni davolash, karantinda saqlash, test tizimlari uchun Inqirozga qarshi kurash jamgʻarmasidan 745 mlrd soʻm mablagʻ sarflandi. Ushbu jamgʻarma mablagʻlaridan nega kichik biznes korxonalari subsidiyalar bilan qoʻllab-quvvatlanmadi, degan savollar boʻlmoqda. Markazimiz tomonidan 165 davlat tajribasi, pandemiya davrida qoʻllagan choralari oʻrganildi. Har bir davlatning oʻz iqtisodiyotidan kelib chiqqan modellari bor. Oʻzbekiston tadbirkorlarga toʻgʻridan-toʻgʻri moddiy yordam koʻrinishida emas, kredit toʻlovlarini kechiktirish, soliq imtiyozlari koʻrinishida koʻmak koʻrsatdi.
Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasiga Osiyo taraqqiyot bankidan 500 mln dollar, Jahon bankidan 700 mln dollar, Xalqaro valyuta jamgʻarmasidan 375 mln dollar mablagʻlar jalb qilingan. Bu mablagʻlar qayerga sarflanayotgani boʻyicha Moliya vazirligi shaffof faoliyat koʻrsatmoqda. Har bir yoʻnalishda hisobotlarni chop etmoqda. Hozirgi vaziyatda ijro va intizom masalalari birinchi oʻringa qoʻyilishi lozim. Biz bugungi kunda karantin choralari natijasida qiyin ahvolga tushgan tadbirkorlar holatini oʻrganish boʻyicha germaniyalik hamkorlar bilan maxsus soʻrovnomalar tashkil qilayapmiz. Bunda 997 ta korxonalar bilan bogʻlanib mavjud holat, ularning kayfiyatlari oʻrganildi. Soʻrovnoma qatnashchilarining 41 foizi mavjud vaziyatni “yaxshi”, 42 foizi “qoniqarli” va 17 foizi “yomonlashgan” deya baholashdi. Xuddi shu kabi bu borada isteʼmolchilar kayfiyati boʻyicha ham tadqiqotlar yuritilmoqda.
Ibrat SAFO, BBC muhbiri (Buyuk Britaniya):
— Hozir butun dunyodagi ahvolni davlatlar emas, odamlar emas yoki xalqaro tashkilotlar emas, koronavirus belgilayapti. Qayerdadir karantin choralari yumshatilyapti, qayerdadir qatʼiy cheklovlar yana qaytarilyapti. Karantin yumshatilishi bilan yana unga qaytish bu - tabiiy holat, yaʼni bir qadam oldinga, ikki qadam orqaga tamoyili boʻyicha ish koʻrilyapti. Britaniyada ham doʻkonlar, barlar, restoranlar ochilishi ortidan Lester shahri yana toʻla qattiq karantinga kiritildi.
Hukumat ham korxonalarni iqtisodiy qoʻllab-quvvatlash choralarini koʻrayapti. Yoshlarni ishga olgan korxona egalariga 1000 funt mablagʻ toʻlab berish amaliyoti kiritilmoqda. Oʻzini oʻzi ish bilan taʼminlagan yakka tadbirkorlarga yoki daromadsiz qolgan odamlarga moddiy koʻmak berish rejalashtirilgan. Men bu vaziyatga "Qand va qamchi" iborasini qoʻllagan boʻlardim. Yaʼni ayrim davlatlar faqat qamchi bilan urib qiynamasdan, qand berib ham siylayapti.
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

Pandemiyaning Oʻzbekiston avtomobilsozlik sanoatiga taʼsiri nisbatan yumshoq oʻtmoqda

COVID-19 pandemiyasi sharoitida davlatning puxta oʻylangan rivojlanish strategiyasi juda muhimdir – ekspert

Inqiroz ichidagi inqiroz: COVID-19 va xalqaro migratsiya

