COVID-19 dan keyingi hayot: Davlat va Jamiyat
Daron Ajemoʻgʻluning Project Syndicate saytidagi longrid maqolasi COVID-19 pandemiyasidan keyingi davrlarda davlatning roli qanday boʻlishi mumkinligini chiroyli yoritib beribdi. Garchi maqola asosan, AQSh va Gʻarb mamlakatlari nuqtai nazaridan yozilgan boʻlsa-da, undan olinadigan xulosalar biz uchun ham muhim. Maqoladagi asosiy nuqtalar va xulosalarga Behzod Alimov qisqacha toʻxtalib oʻtgan.

Dunyo Ikkinchi Jahon Urushidan keyingi eng jiddiy transformatsiyani boshdan kechirmoqda. AQShda mart oyining oʻrtasidan buyon 40 milliondan ortiq inson ishsiz qoldi.
Jahon Bankining hisob-kitoblariga koʻra, shu yilning oxirigacha dunyo boʻyicha 40 milliondan 60 milliongacha inson kuniga 1,90 AQSh dollaridan kamga topadigan ekstremal qashshoqlar safiga qoʻshilishi kutilmoqda. 2015 yil koʻrsatgichlariga koʻra 734 million kishi, yaʼni dunyo aholisining deyarli 10 dan biri ushbu ekstremal qashshoqlik darajasida yashagan.
Insoniyatning bugungi holati Ajemoʻgʻlu va Robinson (A&R) taʼbiri bilan "kritik lahza"ga (critical juncture) misol boʻla oladi. (A&R ga koʻra, "kritik lahza" ijtimoiy munosabatlarni tartibga soluvchi siyosiy va iqtisodiy sohalardagi tub institutsional oʻzgarishlarga imkon beradigan, ammo bularni qaysi tarafga oʻzgartirishi noaniq boʻlgan hodisadir.) Bunday kritik lahzalarda jamiyatlar ulardagi institutlar, kuch-qudrat strukturalari, siyosiy liderlar va boshqa omillarga bogʻliq ravishda bir-biridan tubdan farq qiluvchi trayektoriyalarga yoʻnaladilar. Tarixiy va bugungi shart-sharoitlar iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy oqibatlari bir-biridan keskin farq qiladigan toʻrt xil ssenariyning mumkin ekanligini koʻrsatadi.
"Fojeali eski hammom, eski tos" (tragic business as usual) ssenariysi.
Bunda biz amalda rasvosi chiqqan siyosiy va iqtisodiy institutlarimizni isloh qilish yoki endemik (tup qoʻyib, palak yozgan) iqtisodiy va ijtimoiy tengsizliklar muammosini hal qilish uchun biror jiddiy harakat qilmaymiz. Bu holatda biz na turli qarorlar qabul qilishdagi maxsus bilim va tajriba hamda ilm-fanning rolini mustahkamlashning, na iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy tizimlarimizning moslashuvchanligini oshirishning uddasidan chiqa olamiz. Agar liderlarimiz muammoning jiddiyligini tushunib yetishmasa yoki biz ulardan zaruriy oʻzgarishlarni talab qilish yoʻlida birlasholmasak, ushbu ssenariyning amalga oshishi, yaʼni mavjud botqoqlikdan chiqolmasligimiz ehtimoli yuqori.
"Xitoysimon" davlat (China-lite) ssenariysi.
Hozirda koʻp mamlakatlar boshidan kechirayotgan "Hobbs momenti"da ushbu ssenariyning ehtimoli asta-sekin ortib bormoqda. Angliyadagi Fuqarolar Urushi (1642-1651) davrida yoza turib, Tomas Hobbs har qanday insonlar jamiyati shaxslarni bir-biridan himoya qilib turish uchun qudratli davlatga (leviafan) muhtoj ekanligini aytgan edi. Hobbsning iddao qilishicha, jamiyat oʻz irodasini ushbu leviafanga taslim etibgina ravnaq topishi mumkin. Bu ssenariyga koʻra, Gʻarbdagi demokratik mamlakatlar shaxsiy hayot va aholi ustidan nazorat kabi xavotirlaridan qisman voz kechish hamda xususiy kompaniyalar ustidan davlat nazoratini kuchaytirish bilan Xitoyga "taqlid" qiladilar. Davlat apparatining kengayib, jamiyat ustida quloch yozib borishga boʻlgan mayli esa oxir-oqibat "fojeali eski hammom, eski tos" ssenariysi kabi ayanchli endshpilga (endgame) olib keladi.
"Raqamli qullik" (digital serfdom) ssenariysi.
Ushbu ssenariyga koʻra, davlat va jamoat institutlari oʻz oʻrnini texnologik hukmronlikka boy beradi. Masalan, AQShda Apple va Google kabi texnologik gigantlarning kishilarni kasallikka tekshirish, "kontakt-treysing" (kasallik yuqtirgan shaxs bilan muloqotda boʻlgan kishilarni aniqlash jarayoni) va boshqa pandemiyaga qarshi javob choralarini hukumatdan koʻra samaraliroq amalga oshirishi davlatning xalqdagi oʻziga boʻlgan ishonchni shu kabi xususiy kompaniyalarga boy berishiga olib kelishi mumkin. Bundan tashqari, ushbu kompaniyalar allaqachon karantin va ijtimoiy masofalanish sharoitlarida iqtisodiy faoliyatni turli shakllarda davom ettirish uchun ijodiy innovatsiyalar taklif qilishni boshlab yubordilar. Biroq, bu kabi gigantlar taklif qiladigan texnologiyalar zaruriy mahsulotlarga aylanib borgani sari ushbu xususiy kompaniyalarning kuch-qudrati ham ortib boraveradi. Ayni paytda bu kompaniyalar shaxsiy maʼlumotlarni yigʻishda va foydalanuvchilarning xatti-harakatlarini manipulyasiya qilishda davom etadilar; davlat esa Silikon Vodiysiga xizmat qiluvchi "choʻri"ga aylanib boradi. Bu esa ushbu pandemiya iqtisodiyoti chempionlarining borgan sari kattalashib borishiga, natijada mavjud ijtimoiy-iqtisodiy tengsizlikning yanada kuchayishiga olib keladi. Bu ssenariy boʻyicha uzoq muddatda jamiyatning boradigan yeri ilk ikki ssenariy kabi distopik manzildir.
"Ijtimoiy farovonlik 3.0" (welfare state 3.0) ssenariysi.
Bu yagona optimistik ssenariy. Ijtimoiy farovonlikka asoslangan ilk davlatlar Gʻarbda Buyuk Depressiya va Ikkinchi Jahon Urushi natijasida yuzaga keldi. Ijtimoiy himoya, ishsizlik nafaqasi, ommaviy tibbiy sugʻurta kabilar ijtimoiy farovonlik davlatiga xos xususiyatlardir. Bunday davlatning ikkinchi versiyasi 1980 yillarda, AQShda Ronald Reganning va Buyuk Britaniyada Margaret Tetcherning hukumatga kelishi hamda Sovet Ittifoqining inqirozga uchrashi bilan vujudga keldi. Koʻpgina Gʻarb mamlakatlarida, xususan, AQSh va Britaniyada ijtimoiy farovonlik 2.0 avvalgi ijtimoiy himoya elementlarining zaiflashuvi hamda kasaba uyushmalarining samarasizlashtirilishi bilan belgilanadi. Ajemoʻgʻlu nazarda tutayotgan ijtimoiy farovonlik 3.0 esa kuchli va yaxshi muvofiqlashtirilgan ijtimoiy xavfsizlik tarmogʻi (social safety net), hozirgidan koʻra samaraliroq ishlaydigan hukumat va ancha takomillashtirilgan ommaviy sogʻliqni saqlash tizimi kabilarni oʻz ichiga oladi. Bu ssenariyning "Xitoysimon" davlat ssenariysidan farqi shundaki, bunda davlatning kuchlanishi demokratik institutlarning hamda davlat faoliyatini nazorat qilish va undan hisobdorlikni talab qilish uchun yetarli siyosiy ishtirok mexanizmlarining kuchlanishi bilan parallel ravishda roʻy beradi.
Ajemoʻgʻluning fikricha, ilk uch ssenariy uchun yetarli ehtimol mavjud va "ijtimoiy farovonlik 3.0" shunchaki orzu kabi koʻrinishi mumkin. Biroq aytish joizki, shunga oʻxshash holat avval ham roʻy bergan (ijtimoiy farovonlik 1.0). Robinson bilan birgalikda yozgan "Tor Yoʻlak" (The Narrow Corridor: States, Societies, and the Fate of Liberty) kitobida muallif yuqoridagi toʻrtinchi yoʻlning bir vaqtning oʻzida haqiqiy davlat salohiyati (state capacity), demokratiya va erkinlikka erishishning yagona yoʻli ekanligini koʻrsatib bergan. Albatta, yangi shakldagi va avvalgilaridan samaraliroq ijtimoiy farovonlikka erishishning osonlik bilan yoki oʻz-oʻzidan, tabiiy ravishda yuz berishini kutish oʻta soddalikdir. Demokratiya va hisobdorlikni kuchaytirish bilan bir qatorda davlat masʼuliyatini kengaytirish, eng asosiysi, bunda toʻgʻri muvozanatni topa olish hozirgidek pandemiya sharoiti u yoqda tursin, eng yaxshi vaqtlarda ham oson ish emas. Biroq, Ikkinchi Jahon Urushi nasli singari, bizning sinab koʻrishdan boshqa choramiz yoʻq, deydi Ajemoʻgʻlu.
Xoʻsh, mamlakatimiz uchun ushbu toʻrt trayektoriyadan qay birining ehtimoli yuqoriroq? Koʻrinib turibdiki, uchinchi trayektoriya hozirda Oʻzbekiston uchun eng ehtimoli oz boʻlgan ssenariy: davlatning oʻz hokimiyatini raqamli gigantlarning texnologik hukmronligiga boy berishi haqidagi fikrlar balki kelajakda nevaralarimizni xavotirga solishi mumkin, lekin bizda bunga hozircha hech qanday asos yoʻq. Davlatning va unga yaqin shaxslarning iqtisodiyotga va jamiyat hayotiga aralashuvi shundoq ham haddan tashqari yuqori ekanligini hisobga olsak, ikkinchi (Xitoysimon) ssenariydan ham, menimcha, unchalik xavotir olmasak boʻladi. Toʻgʻrirogʻi, shu holatda ekanimizning oʻzi xavotir uchun yetib ortadi. Aytish joizki, iqtisodimizning kushandasi boʻlgan monopolistlarimiz ham aynan davlatning iqtisodiyotga nooʻrin - halol raqobatni emas, maʼlum guruhlarning xalqni osonroq talay olishini taʼminlash uchun - aralashuvi natijasida oyoqda turishibdi. Demak, bizda tanlov asosan birinchi va toʻrtinchi trayektoriya orasida boʻlishi kerak: hammasi "eski hammom, eski tos" koʻrinishida qoladimi yoki ijtimoiy (va oʻz-oʻzidan, iqtisodiy) farovonlik tomon sakrash uchun yetarli siyosiy iroda va ommaviy jurʼat topa olamizmi?
Behzod Alimov PhD, Turin Universiteti
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

Oʻzbekistonda davlat organlari va hududlar uchun korrupsiya hamda yashirin iqtisodiyot reytingi ishga tushiriladi

UZ V Uzbekistane zapuskayetsya reyting korrupsii i tenevoy ekonomiki dlya gosorganov i regionov

Oʻzbekistonda paxta, bugʻdoy, pomidor, kartoshka, sut va boshqa mahsulotlarning oʻrtacha hosildorligi uning haqiqiy quvvatidan ancha past

