| Toshkent |
UZ
Malibu•••
USD/UZS 11 990,54 −12,39 ↓EUR/UZS 13 136,84 −19,57 ↓RUB/UZS 146,24 −0,50 ↓
Trendlar4 daqiqada oʻqiladi164 marta oʻqildi

Boy boʻlishning “koʻrinmas” imtiyozlari

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlari markazi Bosh ilmiy xodimi Baxtishod Xamidovning tahlillariga koʻra, kambagʻallikni kamaytirish uchun bozor va iqtisodiy oʻsishni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan davlat siyosatining oʻzi yetarli emas.

Boy boʻlishning “koʻrinmas” imtiyozlari

Koʻp hollarda iqtisodiy oʻsish (bozor munosabatlarini qoʻllab-quvvatlash, biznesni rivojlantirish) kambagʻallikni kamaytirishdagi asosiy omil deb qaraladi va har qanday iqtisodiy oʻsishni taʼminlashga qaratilgan siyosat tegishli ravishda kambagʻallikni ham kamaytirishga xizmat qiladi, deb tushuniladi. Chunki iqtisodiy oʻsish daromadlar oʻsishi degani, daromadlar oʻsishi esa insonlar, shu bilan birga, kam taʼminlanganlar farovonligining oshishiga olib keladi.

Ammo, amaliyot shuni koʻrsatdiki baʼzi hollarda iqtisodiy oʻsish avtomatik ravishda kambagʻallikni kamayishiga olib kelmayapti. Aks holda, jamiyatdagi boy qatlamning yanada boyishini taʼminlaydi xolos.

Xalqimizda “Pul pulni keltiradi”degan naql bor. Amaliyotda bu qonuniyat yaqqol koʻzga tashlanadi. Masalan, puli bor odam oʻz mablagʻlarini bankka qoʻyib foizlari hisobiga ishlamay kun kechirishi mumkin yoki koʻchmas mulk sotib olib ijara puliga yoki biror bir biznesga “oborot”ga qoʻyib oʻz mablagʻlarini koʻpaytirishda davom etishi mumkin. Tabiiyki, puli koʻp odamning atrofida tanish-bilishlar koʻp boʻladi, aloqalar yaxshilanadi va ish bitishi oson kechadi. Bu boy boʻlishning “koʻrinmas” imtiyozi hisoblanadi.

Ikkinchi tarafdan, kambagʻal puli kamligi hisobiga daromad oshishi manbai boʻlgan taʼlim (diplom) olishga vaqt va mablagʻ sarflay olmaydi, aks holda och qoladi. Bundan tashqari, hozirgi ekologiya yomonlashishi sharoitida yetarli moddalarga boy oziq-ovqat tanovul qila olmaydi, bemor boʻlib qolgan taqdirda chet joyda yashagani hisobiga tibbiyot xarajatlari ustiga yoʻl kira xarajatlari ham qoʻshiladi. Qiynalib orttirib yigʻgan mablagʻlari esa inflyasiya taʼsirida qadrsizlanib ketadi. Demakki, ular kambagʻallik botqogʻida qolib ketaveradilar.

Afsuski, bozor sharoitida bu muammoni yechishning iloji yoʻq. Buni nazariya ham, amaliyot ham tasdiqlaydi. Bozor nazariyasi asosiy eʼtiborni jamiyat miqʼyosidagi samaralilikni maksimal darajaga oshirishni maqsad qilgani sababli (The First Welfare Theorem – Birinchi farovonlik nazariyasi), jamiyat ichidagi aʼzolar oʻrtasidagi boylik taqsimoti masalasi eʼtiborsiz qoladi. Natijada, jamiyatdagi hamma boylikni bir kishi isteʼmol qilishi ham “pareto optimal” (samaralilik jihatdan eng yaxshi) yechim boʻlishi mumkin. Amaliy jihatdan qaraganda ham, bozor nazariyasiga eng yaqin hisoblangan AQSh iqtisodiyotida kishilar oʻrtasidagi tengsizlik izchil oshib bormoqda. Eng boy 0,1% odamning daromadi va 90% kam daromadli aholi orasidagi farq 70-yillarda 35 martani tashkil etgan boʻlsa, hozirda 200 barobarga yetgan. Xitoyda ham ochiqlik siyosati boshlangandan keyin daromad tengsizlik darajasi tez oʻsa boshlagan. Jumladan, eng boy 10% aholining daromadlari 80-yillarda barcha aholi daromadlarning 26%ni tashkil etgan boʻlsa, 2008 yilga kelib 42%ga koʻtarilgan.

Buning ustiga, Xalqaro valyuta jamgʻarmasining soʻrovlari shuni koʻrsatadiki, rivojlanayotgan mamlakatlarda yashovchi aholining 70 foizi u yerda yaratilgan iqtisodiy munosabatlar tizimi faqat boy qatlamni ragʻbatlantiradi. Natijada kambagʻallar va boylar oʻrtasidagi tafovutning oshish muammosi ular uchun juda dolzarb va hukumat eʼtibor berishi kerak boʻlgan soha hisoblanadi.

Natijada hozirgi kunda bozor nazariyasi iqtisodiyotga davlat aralashuvini baʼzi bir oʻrinlarda oʻrinli deb biladi (The Second Welfare Theorem – Ikkinchi farovonlik nazariyasi). Davlat aralashuvi ayniqsa, daromadlar tengsizligi darajasini kamaytirishda muhim ahamiyatga ega.

Bugun mamlakatlar hukumatlarining eʼtibori iqtisodiy siyosatning yangi usullarini izlashga qaratilgan. Bunday usullarning eng mashhurlari jumlasiga kambagʻallikni kamaytirish, yangi barqaror ish oʻrinlarini tashkil yetish, resurslardan foydalanish samaradorligini oshirish, inson kapitali sifatini yaxshilash va atrof-muhitni asrash kabilarni kiritish mumkin (MVF, 2013; Vsemirniy bank, 2013; Kumah and Sandy, 2013; Jaumotte, Lall and Papageorgiou, 2012; McMillan and Rodrik, 2011).

Asosiy xulosa shundan iboratki iqtisodiy oʻsishga yoʻnaltirilgan siyosat har doim ham kambagʻallikni kamayishiga xizmat qilmaydi. Shuning uchun ham iqtisodiy siyosat koʻrinishlari iqtisodiy oʻsishni qoʻllab-quvvatlovchi va kambagʻallikni kamaytirishga xizmat qiluvchi turlarga ajratish mumkin. Jumladan, innovatsiyalarni rivojlantirish, investitsion muhitni yaxshilashga yoʻnaltirilgan siyosat iqtisodiy oʻsishni taʼminlashga xizmat qilsa, progressiv soliq siyosati, makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlash va barcha aholi qatlamlari uchun teng imkoniyatlarni yaratish siyosati kambagʻallikni kamaytirishga turtki beradi, bandlikni oshirish, korrupsiyani kamaytirish, taʼlim sifatini yaxshilash kabilar esa ham iqtisodiy oʻsish, ham kambagʻallikni kamaytirishga xizmat qiladi.

Iqtisodiy oʻsish va kambagʻallikni kamaytirishga yoʻnaltirilgan iqtisodiy siyosati

Korrupsiyani kamaytirish kambagʻallar holatini yaxshilash bilan bevosita bogʻliq. Koʻp hollarda esa korrupsiya boshqalar, pora bermaganlar zarariga ishlaydi. Undan tashqari korrupsiya aholiga qoʻshimcha soliq yuki hisoblanadi. Qonunchilikda odamlar uchun yaratilgan teng imkoniyatlardan foydalanishdan mahrum qiladi.

Ish joylari yaratish kishilarga daromad manbai yaratishdir. Eng kam ish haqi darajasini toʻgʻri belgilash, odamlarning rasmiy ishlashini taʼminlash, yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish, kambagʻallarning boshqalar tomonidan “ekspluatatsiya” qilinishini kamaytiradi.

Progressiv soliq siyosatini qoʻllash koʻp daromadli kishilarni kattaroq va kam daromadlilarni kamroq soliqqa tortishni taʼminlaydi. Bu “pul pul keltiradi” tamoyili yaxshi ishlaydigan jamiyatlarda adolatli qaror hisoblanadi. Yaʼni daromadlar oʻrtasida 200 barobar farq boʻlishi baʼzilar boshqalardan 200 barobar unumli ishlaydi degani emas. Bu soliq siyosati koʻp mamlakatlarda qoʻllaniladi.

Taʼlim sifatini yaxshilash hammaga birday imkoniyat yaratish yoʻlidagi bir qadam. Chunki taʼlimning keyingi bosqichiga oʻtishni daromadlar emas, balki qobiliyatlar belgilaydi. Undan tashqari har qanday bilim kishi unumdorligiga taʼsir etib, daromad oshishini taʼminlaydi.

Innovatsiyalar iqtisodiy oʻsishga xizmat qiladi va shu bilan birga past bilim talab qiladigan ish joylariga talabni pasaytirib yuqori bilim talab qiladigan ish joylariga talabni oshiradi. Bu oʻz navbatida kambagʻal qatlamga salbiy taʼsir qilib, daromadlar tengsizligini keltirib chiqarishi mumkin.

Shunday ekan, bugungi kundagi kambagʻallikni kamaytirishga alohida eʼtibor berishni talab etayotgan davlat siyosati nazariy va amaliy jihatdan asoslangan strategiya boʻlib, kambagʻallikni kamaytirishga samarali kurashish imkonini beradi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Bosh ilmiy xodimi Baxtishod Xamidov

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

davaktiv.uze-auksion.uzBD terminalSOS 24
UZ