Barcha uchun bir xil oʻyin qoidalari: xufyona iqtisodiyotni qisqartirish boʻyicha davlat siyosati
Xufyona iqtisodiyot oʻzi nima? Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi Bosh ilmiy xodimi Baxtishod Xamidov xufyona iqtisodiyot haqidagi tahlillarini keltirdi. Shuningdek, xufyona iqtisodiyot bilan qanday kurashish samarali natija berishi haqidagi fikrlar ilgari surilgan. Maqolada xufyona iqtisodiyotning yaxshi va yomon tomonlari atroflicha ochib berilgan.

“27 iyul kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti ishtirokida oʻtkazilgan yigʻilishda 43 ta davlat idorasining 270 ta nazorat funksiyasi tanqidiy oʻrganilib xufyona iqtisodiyot va korrupsiyaga sabab boʻlayotgan vakolatlarni qisqartirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi”, deyiladi xabarda. Mazkur xabarning dolzarbligini inobatga olgan holda maqolada xufyona iqtisodiyot tushunchasi, yaxshi va yomon jihatlari hamda bu boradagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari yoritib beriladi.
Xufyona iqtisodiyot oʻzi nima?
Xufyona (yashirin) iqtisodiyot deganda odatda mamlakat ichida yaratilgan (qoʻshilgan) qiymatning soliqqa tortilmay qolgan yoki davlat tomonidan nazorat qilinmaydigan va mamlakatning Yalpi ichki mahsulotida (rasmiy iqtisodiyot) aks etmay qolgan qismi tushuniladi.
Xufyona iqtisodiyotning asosan ikki turi ajratib koʻrsatiladi. Biri korxonalar tomonidan foydani kamaytirib koʻrsatish/yashirish boʻlsa (masalan, aholi va korxonalar bilan oldi-berdi ishlarining buxgalteriya hisobotlarda aks etmasligi), ikkinchisi ishchilar daromadining kamaytirib koʻrsatilishidir (masalan, ish haqini “konvert” usulida berish).
Oʻzbekistonda yashirin iqtisodiyot darajasi BMT Rivojlanish Dasturi izlanishlari natijasida YaIMga nisbatan 33 foizdan 48 foizgacha deb baholangan.
Xufyona iqtisodiyot yaxshimi yoki yomon?
Aslini olganda, bunday “soyalanish”ning sharoitga qarab ham yaxshi va ham yomon taraflari mavjud. Biznes yuritish va ishlashga byurokratik va korrupsion toʻsiqlar mavjud sharoitda iqtisodiyotning xufyona qismida topilgan daromadning katta qismi baribir iqtisodiyotning rasmiy qismida sarflanadi va rasmiy qismda ishlab chiqariladigan tovar va xizmatlarga qoʻshimcha talab yaratadi, bu esa iqtisodiy oʻsishga turtki beradi. Bundan tashqari, yashirin iqtisodiyot insonlarni ish balan taʼminlanishida katta rol oʻynaydi.
Shu bilan birga, “yashirin” ishlaydigan ishchilar odatda huquqlari himoyalanmagan, xavfsizliklari taʼminlanmagan, pensiya tizimidan uzilgan boʻladilar. Davlat byudjetga tushimlarning kam tushishi natijasida yoʻllar, istirohat bogʻlari, koʻchalarni yoritish tizimi kabi jamoat inshootlari qurilishiga mablagʻ kam ajratiladi. Soyada faoliyat yuritayotganlarning “yuki” rasmiy sektor vakillari boʻyniga tushishi natijasida bozordagi raqobat muhiti buziladi.
Jahon banki tomonidan Oʻzbekistonda 2019 yilning fevral - sentyabr oylarida 1 239 ta tadbirkorlik subʼyektlari oʻrtasida oʻtkazilgan soʻrov natijalariga koʻra, biznes yuritishda sogʻlom raqobatga norasmiy sektorning taʼsiri ikkinchi dolzarb muammo sifatida qayd etiladi. Tadbirkorlarning oʻrtacha 15 foizi ushbu muammoni biznes yuritishdagi asosiy toʻsiq sifatida qayd etishgan. Ushbu muammo kichik va oʻrta biznesda (17 foiz) yirik biznesga (10 foiz) nisbatan dolzarbligi qayd etiladi. Keyingi oʻrinlarda turuvchi elektr energiya taʼminotidagi yetishmovchilik va Transport logistikasidagi muammolar (8,6 foiz) ham qisman xufyona iqtisodiyot muammosi bilan chambarchas bogʻliq.
Tegishli ravishda, jahon mamlakatlari tajribasini oʻrganish iqtisodiyoti rivojlangan mamlakatlar xufyona iqtisodiyot koʻlamini kamaytirish tarafdori ekanliklarini koʻrsatadi. Jumladan, Xalqaro valyuta jamgʻarmasi maʼlumotlariga qaraganda daromadi yuqori mamlakatlarda bunday iqtisodiyot koʻlami oʻrtacha 15 foizni, oʻrta daromadlilarda - 28 foizni va past daromadlilarda – 39 foizni tashkil etadi.
Yashirin iqtisodiyot bilan kurashish tamoyillari
“Yashirin iqtisodiyot bilan kurashishda “ehtiyotkor” boʻlish va iqtisodiy faollikka zarar yetkazib qoʻymaslik zarur. Xufyona iqtisodiyotga qarshi kurashish tadbirkorlar va ishchilarni jazolash, ular faoliyatiga toʻsqinlik qilish degani emas. Bu ayniqsa, pandemiya davrida katta ahamiyatga ega”, deyiladi Prezident murojaatida.
Odatda kam toʻlanadigan ish oʻrinlari xufyona iqtisodiyotning asosiy qismini tashkil etadi. Agar ularga qarshi toʻgʻridan-toʻgʻri kurashiladigan boʻlsa, kam taʼminlangan aholi qatlamlari zarar koʻrishi mumkin va daromadlar/talab kamayishi natijasida iqtisodiy oʻsish ham sekinlashishi xavfi mavjud.
Shuning uchun, jahon tajribasida xufyona iqtisodiyotga qarshi kurashilayotganda maʼlum tamoyillarga amal qilish toʻgʻriroq hisoblanadi.
Davlat shunday shart-sharoit yaratishi kerakki rasmiy iqtisodiyotda faoliyat yuritish “soya”da boʻlishdan yaxshiroq va “soya”da boʻlish faoliyatni toʻxtatishdan yaxshiroq boʻlishi kerak. Bu degani xufyona iqtisodiyotni qisqarish tezligi va koʻlami oʻzining optimal nuqtasiga ega.
Xufyonalikni qisqartirishdagi qattiqqoʻllik adolatli qonun normalari joriy qilingandan keyingina amalga oshishi kerak. Zero, ishchilarni “soya”da ishlashiga soliqlarning balandligi turtki berayotgan boʻlishi mumkin. Shunda ham qattiq kurash normalari joriy etilsa, ishsizlik koʻpayadi hamda iqtisodiyotning rasmiy qismi ham zarar koʻradi. Uning ustiga, kam daromadli aholini jazolash siyosiy jihatdan toʻgʻri emas.
Jahon banki tadqiqot natijalariga koʻra, mamlakatimizdagi tadbirkorlarning aksariyati (23 foiz) soliq stavkalarining yuqoriligi biznesni rivojlantirishga taʼsir koʻrsatayotgan asosiy omil sifatida koʻrishmoqda. Kichik va oʻrta biznes (23 foiz) vakillarida soliq stavkalari muammosining dolzarbligi yirik korxonalarga (19 foiz) nisbatan ancha yuqori.
Soliq tushumlari, soliq stavkasi va xufyona iqtisodiyot oʻrtasidagi bogʻliqlik

Tushuncha: Soliq stavkasining maʼlum darajagacha koʻtarilishi byudjet tushumlarining oʻsishi va davlat xizmatlarining koʻlami va sifati oshishiga olib keladi, bu esa oʻz navbatida iqtisodiyotning rasmiy sektorining oʻsishini taʼminlaydi. Stavkalarning haddan tashqari oshib ketishi korxona va ishchilarning “soya”ga kirishiga, byudjet tushumlarining kamayishiga va rasmiy sektorning qisqarishiga olib keladi.
Bir paytning oʻzida ochiqlikni taʼminlash va korrupsiyaga qarshi kurashish lozim. Hatto adolatli qonunlar ham korrupsiya darajasi yuqori holatlarda ish bermaydi.
Agar odamlar davlatga ishonmasa, jumladan, korrupsiyada shubha qilgan holda, ular soliqlarni toʻlashdan oʻzlarini manfaatdor sezmaydilar. Chunki soliqni toʻlayotgan odam davlat tomonidan davlat xizmatlarining koʻlami va sifati koʻrinishida manfaat kutib qoladi. Xufyona iqtisodiyotning korrupsiya darajasi yuqori mamlakatlarida ulushi kattaligi ham bunga bir dalil. Ayniqsa rivojlanayotgan davlatlarda korrupsiya darajasi kattalashgan sari xufyona iqtisodiyotning ulushi koʻpayib borishini koʻrish mumkin (Johnson et al. 1997, 1998; Hindriks et al. 1999; Hibbs and Piculescu 2005; Schneider, 2012).
Oʻzbekistonda davlat xufyona iqtisodiyot bilan qanday kurashmoqchi?
Oʻzbekistonda oxirgi yillarda valyuta bozorini erkinlashtirish, yangi soliq islohotlari hamda 100 ga yaqin ruxsat berish va litsenziyalarni qisqartirish natijasida oxirgi 5 yilda sanoatda norasmiy sektor ulushi 20 foizdan 6 foizga tuganligi eʼtiborga sazovor.
Bundan tashqari, kuni kecha Prezident boshchiligida oʻtkazilgan yigʻilishda ham yashirin iqtisodiyotni 2 barobar qisqartirish maqsadi qoʻyildi va bunga erishish yoʻllarining konturlari belgilab berildi.
Jumladan, asosiy eʼtibor soliq islohotlarini izchil davom ettirib, yashirin iqtisodiyotga ragʻbat uygʻotmaydigan soliq stavkalarini joriy etishga qaratilgan. Shu bilan birga, tajribali xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda tadbirkorlarning legal ishlashiga koʻmaklashuvchi alohida tuzilma tashkil etish koʻzda tutilmoqda. Oʻylaymizki, bu tuzilma soliq stavkalarini optimal darajasi boʻyicha kerakli takliflar ishlab chiqadi va shu bilan birga, bu stavkalar joriy etilgandan soʻng barcha tadbirkorlar uchun bir xil oʻyin qoidalari ishlab chiqilishi va amalda taʼminlanishida muhim rol oʻynaydi.
Shuni taʼkidlab oʻtish kerakki, bugungi kunga qadar tadbirkorlik subʼyektidan faqatgina 13 foizi onlayn kassa mashinalari bilan taʼminlangan. Bu esa pul mablagʻlarining bank tizimidan tashqarida aylanishiga shart-sharoit yaratadi. Buning oldini olish maqsadida 5 milliard soʻm aylanmaga ega boʻlgan 62 ming korxonani onlayn kassa mashinasidan foydalanishga oʻtkazish taklif qilinmoqda. Shu bilan birga, tegishli idoralarga alkogol, pivo, tamaki mahsulotlari ishlab chiqaradigan 10 ta yirik korxonada markirovkalash tizimini ishga tushirib, 2021 yildan barcha aksiz tovari ishlab chiqaruvchilarda bu tizimni joriy qilish vazifasi yuklanmoqda.
Xufyona iqtisodiyot va korrupsiya doimo yonma-yon yurishi inobatga olinib korrupsiya muammosini yechish xufyonalikni kamaytirish choralari qatorida koʻrilmoqda. Jumladan, oxirgi paytlar Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi. Joriy yilda Korrupsiyaga qarshi kurashish xalqaro reytingida Oʻzbekiston 5 ta pogʻonaga koʻtarildi. Ammo, yaqinda Buxoro viloyati Yuqumli kasalliklar shifoxonasi 50 ta kislorod konsentratorini 12 million soʻmdan xarid qilgan boʻlsa, chet eldan olib kelish narxi 3,2 million soʻmni yoki 4 barobar kam boʻlgani korrupsiya muammosi hali hanuz islohotlar etagiga bolta soluvchi xavf sifati namoyon boʻlayotganidan dalolat beradi.
Buni inobatga olgan holda, davlat xaridlari va investitsiya loyihalarida korrupsiyaga yoʻl qoʻymaslik maqsadida har bir loyihani amalga oshirishdan avval “korrupsiyaga qarshi ekspertiza” oʻtkazish amaliyotini joriy etish taklif qilinmoqda. Qurilish, Sogʻliqni saqlash va Oliy taʼlim vazirliklari hamda Oʻzbekneftgaz, Oʻzkimyosanoat va banklarda “komplayens” tizimni oxirigacha joriy etish koʻzlanmoqda. Bunday amaliyotlar, oʻz navbatida, davlat mulkining talon-taroj boʻlishini oldini oladi va soliq toʻlovchilarning majburiyatlarini oʻz oʻrnida bajarishlariga toʻsqinlik qiluvchi toʻsiqlarni yoʻq boʻlishiga sharoit yaratadi.
Koʻp davlat idoralari hali ham eskicha usulda ishlaydi. Raqamli texnologiyalar imkoniyatlaridan unumli foydalanmaydi. Natijada ish unumdorligi va sifati pastligi seziladi. Shuni inobatga olib bojxona nazoratini kuchaytirishda raqamli texnologiyalarni joriy etish koʻzda tutilmoqda. Natijada “inson omili”ni yoʻqotish orqali kontrabanda va mahsulotlar bojxona qiymatini sunʼiy pasaytirib koʻrsatish holatlariga chek qoʻyish mumkin. Import mahsulotlari bazasini soliq idoralari tizimi bilan integratsiya qilib, bojxonadan keyingi nazoratni muvofiqlashtirish koʻzda tutilmoqda. Bundan tashqari, elektron hisob-fakturaga import bojxona deklaratsiyasini bogʻlash orqali tovarlarni isteʼmolchigacha yetkazishning uzluksiz zanjirini yaratish taklif qilingan. “Bojxona auditi” axborot tizimini ishga tushirish rejalashtirilgan.
Iqtisodiyotda band boʻlgan 13,5 million aholining atigi 4,9 millioni daromad soligʻi toʻlovchisi hisoblanadi. Norasmiy bandlik darajasi qurilish, savdo va umumiy ovqatlanish, transport va boshqa xizmat koʻrsatish sohalarida yuqoriligicha qolmoqda. Bu esa yashirin iqtisodiyotni tarmoqlar va sohalar boʻyicha tahlil qilish ishlarini takomillashtirishni talab etadi.
Oxirgi paytlar aholini oʻzini oʻzi band qilish tizimini soddalashtirib, faoliyat turlari 24 tadan 67 tagacha kengaytirildi. Bu esa xususiy sektorning uchdan bir qismini tashkil etuvchi oʻz oʻzini band qiluvchi aholi qatlami uchun soyadan chiqish va kelajakda pensiya tizimiga ulanish imkonini beradi. Iyul oyining oʻzida 184 ming nafar fuqaro oʻz faoliyatini rasmiy sektorga oʻtkazdi. Tegishli ravishda, tadbirkorlik faoliyatiga ruxsat berish va litsenziyalashda ortiqcha tartib-taomillarni yanada qisqartirish ishlarini davom ettirish koʻzlanmoqda.
Oʻylaymizki, yuqorida keltirib oʻtilgan asosiy yoʻnalishlar boʻyicha ishlarning samarali yoʻlga qoʻyilishi xufyonalik koʻlamini kamayishi, hamma uchun bir xil raqobat muhiti yaratilishiga, davlat tushumlarining koʻpayishi natijasida ijtimoiy obʼyektlar va ijtimoiy himoya tizimiga ajratiladigan mablagʻlarning koʻpayishiga olib keladi.
Baxtishod Xamidov,
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

Oʻzbekistonda davlat organlari va hududlar uchun korrupsiya hamda yashirin iqtisodiyot reytingi ishga tushiriladi

UZ V Uzbekistane zapuskayetsya reyting korrupsii i tenevoy ekonomiki dlya gosorganov i regionov

Oʻzbekistonda paxta, bugʻdoy, pomidor, kartoshka, sut va boshqa mahsulotlarning oʻrtacha hosildorligi uning haqiqiy quvvatidan ancha past

