| Toshkent |
UZ
Malibu•••
USD/UZS 11 990,54 −12,39 ↓EUR/UZS 13 136,84 −19,57 ↓RUB/UZS 146,24 −0,50 ↓
Trendlar3 daqiqada oʻqiladi476 marta oʻqildi

Bank-moliya sektorini yanada modernizatsiya qilish boʻyicha amalga oshirilgan taʼsirchan choralar

2019 yilda amalga oshirilishi rejalashtirilgan ustuvor vazifalardan biri sifatida bank va moliya tizimida islohotlarni jadal davom ettirish, sohaga zamonaviy bozor mexanizmlarini keng joriy etish vazifasi belgilangan edi.

Bank-moliya sektorini yanada modernizatsiya qilish boʻyicha amalga oshirilgan taʼsirchan choralar

2019 yilda amalga oshirilishi rejalashtirilgan ustuvor vazifalardan biri sifatida bank va moliya tizimida islohotlarni jadal davom ettirish, sohaga zamonaviy bozor mexanizmlarini keng joriy etish vazifasi belgilangan edi. Oʻtgan yilda mazkur vazifalarni muvaffaqiyatli bajarish maqsadida keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi.

Xususan, 2019 yil 5 noyabrda «Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida»gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqidagi OʻRQ-580-sonli Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni, 2019 yil 11 noyabrda «Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida»gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqidagi OʻRQ-582-sonli Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilindi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 30 noyabrdagi
PQ-4540-sonli ““Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki” unitar korxonasini aksiyadorlik jamiyati shaklida qayta tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qarori bilan “Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki” unitar korxonasi “Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki” aksiyadorlik jamiyati shaklida qayta tashkil etildi.

2019 yilda mamlakatimizni rivojlantirishning eng muhim ustuvor vazifalari toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Parlamentga Murojaatnomasida taʼkidlangan bank tizimidagi eng asosiy muammolarga eʼtibor qaratildi. Bank tizimi aktivi va kapitalining asosiy qismi davlatga tegishliligi va bu bank sektorida sogʻlom raqobatga, xizmat koʻrsatish sifatiga salbiy taʼsir qilayotganini hisobga olib, Moliya vazirligi tuzilmasida Davlat ishtirokidagi tijorat banklarini isloh qilishni muvofiqlashtirish boshqarmasi tashkil etildi.

Oʻtgan 2019 yilda bank sektorida yangi raqobatchi banklar paydo boʻldi. Qozogʻiston Xalq bankining (Halyk Bank) shoʻʼba banki – Tenge bank hamda Poytaxt bank taʼsis etildi.

Banklar oʻrtasida raqobatning sezilarli darajada kuchayishi milliy valyutadagi muddatli depozitlar boʻyicha foiz stavkalarida oʻz aksini topdi. Xususan, 2019 yil dekabr oyida jismoniy shaxslarning muddatli depozitlari boʻyicha oʻrtacha tortilgan foiz stavkasi 19,7 foizni tashkil etgan boʻlsa, yuridik shaxslar muddatli depozitlari uchun ushbu koʻrsatkich
16,5 foizgacha koʻtarildi. Depozitlar boʻyicha foiz stavkalari jozibadorligining oshishi hamda depozit sertifikatlari mablagʻlarining koʻpayishi natijasida bank tizimidagi jami depozitlar hajmi 2019 yil
1 dekabr holatiga 91,3 trln. soʻmga yetdi.

2019 yilda “Mobile-banking”, “Internet-banking” kabi masofadan bank xizmatlarini koʻrsatuvchi tizimlardan foydalanuvchi jismoniy shaxslar soni 1 863 113 kishiga koʻpaydi. Bugungi kunda zamonaviy bank xizmat-larining ommalashishi mijozlarga oʻz hisobraqamlarini yurgazish, toʻlovlarni amalga oshirish hamda bank hisobraqamlari boʻyicha hisobotlarni tuzish imkoniyatlarini bermoqda. Bundan tashqari, bank mijozlari kunu-tun uyali aloqa telefonlari orqali oʻz mablagʻlarini depozitlarga joylashtirishlari yoki masofadan turib kreditlar rasmiylashtirishlari mumkin.

2019 yilda toʻlov tizimida ham bir qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, muomaladagi bank plastik kartalari soni 2,86 mln.ga yetdi, oʻrnatilgan terminallar soni 147 448 taga, oʻrnatilgan bankomat va infokiosklar soni 2344 taga oshdi. Natijada, mazkur yilda toʻlov terminallari orqali tushgan tushumlar 71 trln. soʻmni tashkil etdi.

2019 yil 31 oktyabrdan banklar oʻz mijozlariga tezkor xizmat koʻrsatish maqsadida bank xizmatlari ofislarini tashkil qilish huquqiga ega boʻldi. Bank xizmatlari ofislarida depozit hisobvaraqlar ochish, omonatlar qabul qilish, toʻlovlarni va xalqaro pul oʻtkazmalarini amalga oshirish, valyuta ayirboshlash, isteʼmol krediti va mikroqarz berish kabi bazaviy bank xizmatlari koʻrsatila boshlandi.

Shuningdek, oʻtgan yilda bank sohasidagi kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlashning zamonaviy usullarini joriy etish asosida tijorat banklari xodimlarining bilimi va malakasini oshirishga katta eʼtibor qaratildi. Xususan, kadrlar tayyorlashga nisbatan xalqaro standartlarga va ilgʻor xorijiy tajribaga asoslangan tizimli yondashuvga oʻtildi. Shu bilan birga, tijorat banklarining boshqaruv, oʻrta va quyi boʻgʻin xodimlari mehnatiga ularning malakasi, bilimi va aniq ish natijalaridan (KPI) kelib chiqqan holda haq toʻlashning bonusli tizimi joriy etila boshlandi.

Taʼkidlash joizki, 2019 yil 25 noyabrda banklarning xalqaro kapital bozorlariga integratsiyalashuvi boʻyicha dastlabki qadam tashlandi. Oʻzbekiston sanoat qurilish banki 300 mln. AQSh dollari miqdoridagi
5 yillik xalqaro obligatsiyalarini London birjasida 5,75 foiz kupon stavkasida joylashtirdi. Bir yil ichida Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan 1,3 mlrd. AQSh dollariga teng obligatsiyalarning xalqaro kapital bozoriga chiqarilishi yurtimizdagi boshqa tijorat banklari va korxonalari uchun ham yangi imkoniyatlar eshigini ochib berdi.

2019 yil avgust oyining soʻnggi oʻn kunligi boshida jismoniy shaxslarga naqd chet el valyutasini sotish operatsiyalarining yoʻlga qoʻyilishi aholining bank tizimiga boʻlgan ishonchini yanada oshirdi. Natijada, oʻtgan yilda tijorat banklarining valyuta ayirboshlash shahobchalari orqali jismoniy shaxslardan sotib olingan valyuta mablagʻlari miqdori 2018 yildagi koʻrsatkichga nisbatan 41 foizga oʻsib, 3,8 mlrd. AQSh dollarini tashkil etdi.

2019 yil 1 dekabr holatiga bank tizimi jami aktivlari miqdori oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 94 trln. soʻmga oshdi.

Xalilulloh Hamidov

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

davaktiv.uze-auksion.uzBD terminalSOS 24
UZ