Tugʻilganlik haqida elektron guvohnoma va homilador ayollarni elektron hisobga olish: bir qator davlat xizmatlarini proaktiv tarzda koʻrsatishga oʻtish (Infografika)
Farzand tugʻilganidan soʻng, Aholi reyestrida, uning hayoti davomida oʻzgarmaydigan shaxsiy identifikatsiya raqami generatsiya qilinadi va bolaga biriktiriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi tomonidan, homilador ayollarni elektron hisobga olish va "Farzand tugʻilishi" kompleks xizmatini joriy etish toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasi ommaviy muhokamaga qoʻyildi.
Elektron hukumat doirasida aholiga qulay shart-sharoitlar yaratish va uzoq davom etadigan, bir necha marotaba davlat muassasalariga murojaat qilishni talab qiladigan jarayonlarini qisqartirish maqsadida, "Farzand tugʻilishi" kompleks xizmatini joriy etish koʻzda tutilmoqda.
Hujjatga koʻra, "Farzand tugʻilishi" davlat kompleks xizmati quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
- bolaning tugʻilishini roʻyxatga olish va tugʻilganlik haqida elektron guvohnomani shakllantirish;
- bolaning elektron tibbiy kartasini yaratish;
- bola tugʻilganda beriladigan nafaqani avtomatik tayinlash;
- davlat maktabgacha taʼlim muassasasiga qabul qilish uchun navbatga qoʻyish.
Loyihada homilador ayol homiladorlikning 12-haftasiga qadar pasport maʼlumotlari, nikoh tuzilganligi haqidagi guvohnoma va turmush oʻrtogʻining pasporti (agar ayol nikohda boʻlsa), shuningdek, aloqa uchun oʻz maʼlumotlarni taqdim etgan holda roʻyxatdan oʻtishi shart ekanligi koʻzda tutilgan. Homilador ayol va uning turmush oʻrtogʻi toʻgʻrisida maʼlumotlarni shakllantirish, shuningdek, nikoh haqida maʼlumotni tasdiqlash idoralararo elektron hamkorlikni qoʻllagan holda axborot tizimida amalga oshiriladi.
Farzand tugʻilganidan soʻng, Aholi reyestrida, uning hayoti davomida oʻzgarmaydigan shaxsiy identifikatsiya raqami generatsiya qilinadi va bolaga biriktiriladi. Avtomatik tarzda shakllantiriladigan bolaning tugʻilganlik haqidagi guvohnomasining qogʻozdagi nusxasini bolaning ota-onasi tugʻruqxonada, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoki davlat xizmatlari markazlari orqali olishlari mumkin boʻladi.
Shuningdek, davlat xizmatlarini koʻrsatishda tugʻilganlik haqidagi guvohnomaning nusxasi va bola tugʻilganda bir martalik nafaqa olish uchun beriladigan FHDYo organining maʼlumotnomasi talab etilishi bekor qilishi rejalashtirilmoqda.
Bir martalik toʻlovni avtomatik ravishda tayinlash, bola tugʻilgan kundan boshlab 6 oydan kechiktirmay murojaat qilish sharti bilan amalga oshiriladi.
Ushbu modelning joriy etilishi hududlar kesimida zarur vaksinalar xarid qilishni, maktabgacha taʼlim muassasalari va umumtaʼlim muassasalarini qurishni toʻgʻri rejalashtirishga, markaziy ravishda bolalar tugʻilishi haqidagi maʼlumotlarni avtomatik boshqarish imkonini beruvchi tizimli yondashuvni amalga oshirishga zamin yaratadi. Bu esa oʻz navbatida, aholiga davlat xizmatlarini sifatli taqdim etish uchun asos boʻlib xizmat qiladi va inson omilini istisno qilish orqali bolalar tugʻilishini hisobga olish tizimining aniqligini oshiradi.
Loyiha muhokamasi 2020 yil 11 martgacha davom etadi.
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

Poytaxt sektor rahbarlari aholi muammolarini qay darajada hal eta olyapti?

Toshkentda ommaviy qabullar viloyatlardagi ommaviy qabullardan nimasi bilan farq qiladi?

«Oʻztransgaz» aholiga murojaat yoʻlladi

