Toshkent shahriga doimiy propiskaga qoʻyish toʻgʻrisida qonun loyihasi ishlab chiqilmoqda
Vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olish muddati uy-joy egasining roziligi asosida 1 yildan 5 yilgacha uzaytirilmoqda.

Toshkent shahri va Toshkent viloyatiga doimiy propiska qilish tizimini takomillashtirish boʻyicha hujjat loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qoʻyildi.
Muhokamaga qoʻyilgan loyihada koʻpchilik fuqarolarning eʼtirozlariga sabab boʻlayotgan “propiska” tushunchasi oʻrniga “roʻyxatdan oʻtkazish” tushunchasi kiritilmoqda.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari uchun Toshkent shahri va viloyatida koʻchmas mulkni olishda ushbu hududlarda doimiy propiskaga ega boʻlish hamda yangi qurilgan uylarning oldi-sotdi shartnomasini rasmiylashtirish uchun davlat bojining alohida stavkasini toʻlash haqidagi talablar bekor qilinmoqda.
Fuqarolarning birinchi va ikkinchi darajadagi qarindoshlarini nafaqat oʻzi doimiy roʻyxatda boʻlgan manzilga, balki egaligidagi boshqa uy-joyga ham doimiy roʻyxatga qoʻyish huquqi nazarda tutilmoqda.
Doimiy propiska uchun er-xotinning nikohdan keyin bir yil davomida birgalikda yashash sharti va bir yil ichida nikoh bekor qilinganda propiska yoʻqotilishi haqidagi qoidalarni qonunchilikdan chiqarib tashlash koʻzda tutilgan.
Ilgari Toshkent shahri va viloyatida doimiy roʻyxatga ega boʻlgan fuqarolar qaytib kelganda, ular ushbu hududlarda hech qanday qoʻshimcha shartlarsiz qayta doimiy roʻyxatga olinishi mumkin boʻladi.
Shundan kelib chiqib, vakillik organlariga saylangan, tegishli davlat organlari, xoʻjalik boshqaruvi organlari va respublika ahamiyatidagi boshqa davlat tashkilotlariga tayinlangan xodimlar uchun doimiy roʻyxat boʻyicha lavozimni egallab turish davriga oid cheklov ham olib tashlanmoqda.
Bundan tashqari, oilaga tarbiyaga olingan (patronat) shaxslar ularning tutingan ota-onasining doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga turish imkoniyatiga ega boʻladi.
Vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olish muddati uy-joy egasining roziligi asosida 1 yildan 5 yilgacha uzaytirilmoqda.
Ayni vaqtda, fuqarolarni Toshkent shahri va viloyatida doimiy va vaqtincha roʻyxatdan oʻtmasdan, yashash muddati 10 kundan 15 kunga oʻzgartiriladi.
Shu bilan birga, doimiy va vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olish fuqaroning xohishiga koʻra ichki ishlar organlari, davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali amalga oshiriladi hamda uning muddati 3 kundan 1 kunga qisqartiriladi.
Doimiy roʻyxatni rasmiylashtirishda pasport, uy daftari yoki xonadon kartochkasiga shtamp bosish amaliyotidan voz kechish va buni raqamlashtirish koʻzda tutilmoqda.
Shuningdek, doimiy roʻyxatga olishni rasmiylashtirishda avvalgi yashash joyidan mustaqil roʻyxatdan chiqish tartibi hamda harbiy xizmatga majburlarning doimiy roʻyxatga turishdan oldin va keyin harbiy hisob uchun mudofaa boʻlimlariga borish tartibi bekor qilinmoqda.
Muhokama joriy yil 11 aprelga qadar davom etadi.
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

Poytaxt sektor rahbarlari aholi muammolarini qay darajada hal eta olyapti?

Toshkentda ommaviy qabullar viloyatlardagi ommaviy qabullardan nimasi bilan farq qiladi?

«Oʻztransgaz» aholiga murojaat yoʻlladi

