Toshkent metrosining «Yunusobod» yoʻlidagi 2 ta yangi bekat qurib bitkazildi (foto)
Ushbu yangi bekatlar foydalanishga topshirilgach, bir kunda «Yunusobod» bekatida qoʻshimcha 5 ming yoʻlovchiga, «Turkiston» bekatida esa 2,5 ming yoʻlovchiga xizmat koʻrsatiladi. Quyida bekatlar tasviri va imkoniyati haqida toʻliq maʼlumot keltirilgan.

Toshkent metrosining «Yunusobod» yoʻnalishidagi «Turkiston» va «Yunusobod» bekatlari toʻliq qurib bitkazildi. Bu haqda «Oʻzbekiston temir yoʻllari» kompaniyasi tomonidan maʼlum qilindi.
Kompaniya tomonidan xabar berilishicha, uzunligi 2,9 kilometr boʻlgan «Turkiston» va «Yunusobod» metro bekatlarida qurilish-montaj va pardozlash ishlari nihoyasiga yetib, «Shahriston» bekatiga ulandi. Metro poyezdlarining sinov tariqasida harakatlanish ishlari amalga oshirildi.
«Toshkent metro loyiha» masʼuliyati cheklangan jamiyati loyihalari asosida bunyodkorlik ishlari bajarilgan obʼyektning umumiy qiymati 103,8 million dollarni tashkil etadi.
Taʼkidlanishicha, ushbu loyihaning yerosti tunnel qismini burgʻulash ishlari Germaniya texnologiyasi asosida mexanizatsiyalashtirilgan kompleks yordamida amalga oshirilgan hamda yuqori sifatli temir-beton tyubinglar oʻrnatilgan. Har bir bekat kompleks qurilishida monolit beton uslubi qoʻllanilgan.
Yerosti tunnel qismining oʻng va chap yoʻnalishi boʻyicha burgʻulash ishlari 100 foiz bajarilib, «Shahriston» bekatiga ulandi. Tunnel qismining ikki yoʻnalishi boʻyicha kommunikatsiya (elektr va aloqa kabellarni tortish) ishlari yakunlandi. «Turkiston» va «Yunusobod» bekatlarida qurilish-montaj va pardozlash ishlari ham yakuniga yetdi hamda bekatlarning 4 tomonli piyodalar oʻtish yoʻlaklari toʻliq qurib bitkazildi.
Shuningdek, yerosti tunnel qismi va bekatlarning oʻng va chap yoʻnalishlarida 2,9 kilometrdan iborat temir yoʻllarni yotqizish, elektr va aloqa oʻtkazgichlarini oʻtkazish ishlari bajarilib, ushbu yotqizilgan temir yoʻldan metro poyezdlari sinov tariqasida harakatlandi. «Turkiston» va «Yunusobod» bekatlari bezaklarida Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan qurilish xom ashyolaridan foydalanib, zamonaviy turniketlar, yerosti tunnel qismi va bekatlarida esa elektr tejamkorli yoritish chiroqlari oʻrnatildi.
Imkoniyati cheklangan, koʻzi ojiz yoʻlovchilar uchun bekatlar platformasida maxsus boʻrtib chiqqan taktil plitkalar yotqizilgan. Shuningdek, bekatlarga tushish va chiqish zinalarida nogironlar aravachasi bilan kirib-chiqishda foydalaniladigan zamonaviy qiyali elektromobil aravachalar oʻrnatilgan.
Maʼlum qilinishicha, qurilish ishlarida Germaniya hamda Italiya korxonalarida ishlab chiqarilgan zamonaviy qurilish texnikalaridan ham foydalanilgan. Xususan, ikkita 220 tonnali yukni koʻtaradigan zanjirli kran, uchta 70 tonnali yuqori aniqlikdagi (teleskopik) avtokran, ishlab chiqarish quvvati soatiga 20 va 40 kub metrni tashkil etuvchi mobil beton zavodlari, metalloprokatga ishlov beruvchi 14 ta qurilma, ikkita oʻta ogʻir, 350 tonnali yuklarni tashuvchi avtoulov hamda qurilish qoziqlari qoqadigan va burgʻulash uskunalaridan yerosti bekati hamda yoʻnalishlarini qurishda foydalanilgan.
Taʼkidlanishicha, «Turkiston» bekati oʻziga xos koʻrkam dizayni boʻyicha Toshkent metropolitenining hech bir bekatini takrorlamaydi. Ushbu bekatning chap va oʻng tomonidan ikkitadan, jami toʻrtta kirish yoʻlagi qurildi va atrofi obodonlashtirilib, zamonaviy monitorlar oʻrnatildi.
Bekatning ichki qismi oppoq marmar plitalar bilan bezatilgan boʻlib, 100 metrli perron va unda ikki qator oq marmar toshlar bilan pardozlangan ustunlar oʻrnatilgan. Bekat devorining bir tomoniga Oʻzbekistonga qoʻshni boʻlgan Qozogʻiston, Tojikiston, Qirgʻiziston hamda Turkmaniston davlatlarining diqqatga sazovor joylari, tarixiy maskanlari, ikkinchi tomoniga esa Oʻzbekistonning qadimiy Buxoro, Samarqand, Xorazm, Qashqadaryo, Surxondaryo, Jizzax, Sirdaryo viloyatlari va Toshkent shahri hamda Fargʻona viloyatining tarixiy maqbaralari, muqaddas qadamjolari mozaika koʻrinishidagi suratlarda ishlangan.
Bekatning har bir hududi toʻliq kuzatuv va xavfsizlik kameralari, konditsionerlar hamda havo ventilyatorlari va tovush chiqaruvchi texnikalar bilan jihozlangan. Bekatlarga kirish va chiqish hududlarida yoʻnalish belgilari oʻrnatilgan.
Qayd etilishicha, «Yunusobod» bekati «Turkiston» bekatiga nisbatan qurilishi va bezak berish uchun ishlatilgan materiallar rangi va koʻrinishi hamda dizayni boʻyicha biroz farq qiladi. Ikki bekat koʻrinishi va fasadi bir-birini mutlaqo takrorlamaydi. «Yunusobod» bekatining ichki qismi hamda 100 metrli perron oʻziga xos qiya shaklida bunyod etilgan. Perron oʻrtasida bir qatorli naqshinkor ustunlar bunyod etilgan.
Bekatga kirish qismida Toshkent shahrining zamonaviy va qadimiy koʻrinishi aks etgan tasviriy oyna koʻrinishidagi suratlar oʻrnatilgan. Bekatning ikki tomoni esa oltita zamonaviy monitor bilan jihozlangan.
Yunusobod yoʻnalishi yangi bekatlar bilan hisoblaganda sakkizta bekatdan iborat: Ahmad Donish koʻchasida qurilgan «Tukiston», «Yunusobod» hamda mavjud «Shahriston», «Bodomzor», «Minor», «Abdulla Qodiriy», «Yunus Rajabiy», «Ming oʻrik». Ushbu yoʻnalish «Yunus Rajabiy» bekatidan «Chilonzor» yoʻlining «Amir Temur», «Ming oʻrik» bekatidan esa «Oʻzbekiston» yoʻlining «Oybek» bekatiga ulanadi.
Maʼlum qilinishicha, ushbu yangi bekatlar foydalanishga topshirilgach, bir kunda «Yunusobod» bekatida qoʻshimcha 5 ming yoʻlovchiga, «Turkiston» bekatida esa 2,5 ming yoʻlovchiga xizmat koʻrsatiladi.
Avvalroq Toshkent halqa metro liniyasining birinchi bosqichi boʻlgan Doʻstlik—Qoʻyliq metro liniyasi qurib bitkazilgani haqida xabar berilgandi.
Eslatib oʻtamiz, «Yunusobod» yoʻlining ikkinchi bosqichi hamda yerusti halqa metro yoʻlining birinchi bosqichini 2020 yil martida foydalanishga topshirish rejalashtirilgandi.
Maʼlumot uchun, «Yunusobod» yoʻlining mazkur ikkita yangi bekatini qurish ishlari chogʻida 2019 yilning 18 dekabr kuni tuproq oʻpirilib tushishi oqibatida olti nafar ishchi halok boʻlgan.
Fotogalereya 9
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

Poytaxt sektor rahbarlari aholi muammolarini qay darajada hal eta olyapti?

Toshkentda ommaviy qabullar viloyatlardagi ommaviy qabullardan nimasi bilan farq qiladi?

«Oʻztransgaz» aholiga murojaat yoʻlladi










