| Toshkent |
UZ
Malibu•••
USD/UZS 11 990,54 −12,39 ↓EUR/UZS 13 136,84 −19,57 ↓RUB/UZS 146,24 −0,50 ↓
Jamiyat2 daqiqada oʻqiladi302 marta oʻqildi

Timur Ishmetov: Bundan buyogʻiga davlat idoralari rahbar, xodimlari nima avtomobil olishini aniq koʻrsatib qoʻyiladi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida Timur Ishmetov jamoatchilik faolligi hukumatga, kerak boʻlsa, parlamentga tegishli qarorlarni qabul qilishga turtki boʻlayotganini qayd etdi.

Timur Ishmetov: Bundan buyogʻiga davlat idoralari rahbar, xodimlari nima avtomobil olishini aniq koʻrsatib qoʻyiladi

18 noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida Quyi palata deputati Rasul Kusherbayev mahalliy byudjetlarda orttirilgan mablagʻlarning 10 foiz miqdori jamoatchilik fikrini hisobga olib, sarflanishi lozimligi, lekin oxirgi vaqtlarda tashkilotlar qimmat avtomobillar olishga zoʻr berayotganini taʼkidladi.

«Oxirgi vaqtlarda koʻrayapmiz, negadir mahalliy byudjetni orttirilgan mablagʻi hisobidan hokimlar, boshqa tashkilotlar qimmat avtomobillar olishga zoʻr berib ketishmoqda. Arzonini ham emas, qimmatlirini olishmoqchi. Bu yerda jamoatchilik fikri qanchalik inobatga olinayapti? Yoki jamoatchilik haqiqatdan ham hokimlarimiz qimmat mashina olsin degan taklifni berayaptimi?», — dedi Rasul Kusherbayev.

Moliya vaziri Timur Ishmetov bunga javoban jamoatchilik faolligi hukumatga, kerak boʻlsa, parlamentga tegishli qarorlarni qabul qilishga turtki boʻlayotganini qayd etdi.

«Buning yaqqol misoli sifatida, avtomobillar masalasida aytadigan boʻlsak, bundan buyogʻiga davlat idoralari rahbar, xodimlari nima avtomobil olishini aniq koʻrsatib qoʻyish boʻyicha hukumatdan topshiriq oldik. Moliya vazirligi tomonidan haftani oxiriga qadar ishlab chiqish niyatimiz bor, hukumatga kiritamiz. U yerda har bitta lavozimini qoʻyib, qaysi lavozimga nima mashina sotib olish mumkinligini aniq koʻrsatib qoʻyamiz. Vazirlik va hokimliklar jamoatchilikni shunaqa fikrga olib kelishgan boʻlsa, majbur boʻlamiz shunaqa qilib koʻrsatib qoʻyishga», — dedi Timur Ishmetov.

Hokim va rahbarlarga biriktirilgan qimmat narxdagi xizmat avtomobillari auksion orqali sotiladi

Vazir shuningdek, davlat mablagʻlarini samarali ishlatishning yagona yoʻli ochiqlikni taʼminlash, jamoatchilik va parlamentdan fikrlarni eshitib, unga yarasha reaksiya qilish ekanini taʼkidladi.

Bundan tashqari, vazir orttirilgan mablagʻlarning 10 foiz qismi nimalarga sarflanganiga ham toʻxtalib oʻtdi.

«Ikkinchi chorakni tahlil qilganda, orttirib bajarilgan mahalliy byudjetlar mablagʻlari 200 mlrd soʻmdan ortiq boʻlsa, shundan 10 foizi 20 mlrd soʻmni fuqarolar bilan fikrlashib sarflashi kerak boʻlgan, aslida shuni yarmini, 10 mlrd soʻmini ishlatgan. Buni pandemiyaga qarshi kurashish maqsadida ishlatilgan deb, izoh bersa boʻladi», — deya taʼkidladi.

Ishmetov jamoatchilik yordamida davlat xaridlari portalida eʼlon qilingan barcha xaridlar yuzaga chiqa boshlagani haqida gapirdi. Davlat idoralari tomonidan mablagʻlar notoʻgʻri sarflanishiga tanqid bilan qaralishini aytdi.

«Iqtisodiy inqiroz, bunaqa pandemiya paytida albatta mahalliy hokimliklar, umuman hamma davlat idoralari, xarajatlarini nafaqat qonuniy nuqtai nazardan, balki sal mantiq, odamlarning hozirgi hayot tarzidan kelib chiqqan holda amalga oshirsa toʻgʻri boʻlardi deb hisoblayman», — dedi vazir.

U shuningdek, bosqichma-bosqich mahalliy byudjetlar va vazirliklarga xarajatlarni amalga oshirish mustaqilligi berilishiga toʻxtalib oʻtdi.

«Moliya vazirligi boʻladimi yoki uning qoshidagi davlat moliyaviy nazorati boʻladimi xarajatlarni nazorat qilish imkoniyati yoʻq. Lekin har bitta mablagʻni, har bitta soʻmini qayerga ishlatish mumkin, necha pul deb yozib chiqish — bu yana ortga qaytish boʻladi. Bitta vazirlik hal qilishi turli xil salbiy oqibatlarga olib kelgan. Mening fikrimcha, eng toʻgʻri yoʻli, ularga mustaqillikni berib, oshkoralikni taʼminlash. Mana shu jamoatchilik nazorati oʻzi hammani joyiga solib qoʻyadi», — dedi Timur Ishmetov.

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

davaktiv.uze-auksion.uzBD terminalSOS 24
UZ