Tashkilotlar va jamgʻarmalar uchun yagona mehnatga haq toʻlash tizimini tatbiq etiladi
Oliy Majlis palatalari, sud va prokuratura organlari, barcha vazirlik va idoralar hamda ularning hududiy organlari, ularning tarkibiga kiruvchi tashkilotlar va jamgʻarmalar uchun yagona mehnatga haq toʻlash tizimini tatbiq etish boʻyicha Prezident qarori loyihasi ishlab chiqiladi.
“Koronavirus pandemiyasi davrida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti barqarorligini taʼminlash va birinchi navbatdagi tadbirlarni oʻz vaqtida moliyalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” Prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga koʻra, respublika byudjeti va mahalliy byudjetlar xarajatlari maqbullashtiriladi. 2020 yil II choragi uchun rejalashtirilgan ayrim xarajatlar 2020 yilning ikkinchi yarim yilligiga oʻtkaziladi.
Davlat hokimiyati organlari, sud va prokuratura organlari, vazirliklar va idoralarning byudjetdan tashqari jamgʻarmalari xarajatlari qisqartiriladi va iqtisod qilingan mablagʻlar respublika byudjetiga yoʻnaltiriladi (mehnatiga haq toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish xarajatlari bundan mustasno).
Vazirlik, idoralar va ularning hududiy boʻlinmalarining joriy yil 1 avgustiga qadar byudjetdan tashqari jamgʻarmalar hisobidan asosiy vositalarni xarid qilish, qurilish, rekonstruksiya va kapital taʼmirlash bilan bogʻliq xarajatlari toʻxtatiladi, moliyalashtirish boshlangan chora-tadbirlar bundan mustasno.
Ustav kapitalida 50 foiz va undan ortiq davlat ulushi boʻlgan korxonalar va tashkilotlarda 2019 yil uchun olingan va 2020 yilda olinadigan sof foyda boʻyicha davlat ulushiga hisoblangan dividendlar toʻligʻicha Davlat byudjetiga oʻtkaziladi.
Oliy Majlis palatalari, sud va prokuratura organlari, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, barcha vazirlik va idoralar hamda ularning hududiy organlari, ularning tarkibiga kiruvchi tashkilotlar va jamgʻarmalar uchun yagona mehnatga haq toʻlash tizimini tatbiq etish boʻyicha Prezident qarori loyihasi ishlab chiqiladi.