Taksi litsenziyasiga ega avtomobillarga stiker talab etilmaydi
Adliya vazirligi Respublika maxsus komissiyasi va Maxsus shtabning 2020 yil 14 apreldagi qoʻshma yigʻilishi qaroriga asosan, Oʻzbekistonda taksi litsenziyasiga ega avtomobillarga stiker talab etilmaydigan boʻldi.

Adliya vazirligi Respublika maxsus komissiyasi va Maxsus shtabning 2020 yil 14 apreldagi qoʻshma yigʻilishi qaroriga asosan, koronavirus infeksiyasi keng tarqalishining oldini olish va eʼlon qilingan karantin talablariga qatʼiy rioya etilishini taʼminlashga qaratilgan yangi choralar belgilanganini xabar qildi.
Qoʻshma yigʻilish qaroriga asosan quyidagi choralar belgilanmoqda:
Toshkent, Nukus shaharlari hamda viloyatlar markazlarida joriy etilgan koronavirus infeksiyasi keng tarqalishining oldini olish boʻyicha barcha cheklovlar Toshkent viloyatining Angren, Bekobod, Olmaliq, Chirchiq va Yangiyoʻl shaharlariga nisbatan ham tatbiq etiladi;
pensioner va nafaqaxoʻrlarning salomatligini saqlash maqsadida, shuningdek, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tavsiyalariga koʻra, respublikadagi epidemiologik holat barqarorlashgunga qadar may oyidan pensiya va nafaqalarni toʻliqligicha plastik kartalarga oʻtkazish orqali amalga oshirish choralari koʻriladi. Bunda barcha hududlar naqd pul olish imkonini beruvchi bankomatlar bilan hamda ular naqd pul bilan taʼminlanadi;
naqd pullar saqlanadigan pul omborxonalari va qayta sanash kassalari haftada 2 marotaba dezinfeksiya qilinadi;
davlat xizmatlari markazlari tomonidan viloyatlararo, Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyatlar markazlarida harakatlanish uchun berilgan maxsus ruxsatnomalar karantin tugaguniga qadar amal qiladi (bunda maxsus ruxsatnomalarning amal qilish muddatini uzaytirish boʻyicha qoʻshimcha harakatlar talab etilmaydi).
Qoʻshma qarorda Respublika maxsus komissiyasining 2020 yil 8 apreldagi 17-son bayoni bilan tasdiqlangan Avtotransport vositalari harakatlanishiga maxsus ruxsatnomalar talab etilmaydigan holatlar roʻyxatini amaliyotda qoʻllash bilan bogʻliq turli tushunmovchiliklarning oldini olish maqsadida quyidagi avtotransport vositalari harakatlanishi uchun maxsus ruxsatnoma talab etilmasligi alohida koʻrsatib oʻtildi:
davlat sogʻliqni saqlash tizimiga kiruvchi tashkilotlarning xizmat va xodimlarning shaxsiy avtotransport vositalari (1-band);
xususiy tibbiyot tashkilotlari (xususiy klinika, dorixona va boshqa tibbiyot tashkilotlari)ning xizmat avtotransport vositalari (2-band);
yoʻlovchi tashish faoliyati bilan shugʻullanish litsenziyasiga ega boʻlgan yoʻnalishsiz taksilar (shu jumladan, shaxsiy davlat raqamli avtotransport vositalari) yoʻlovchilarsiz, yetkazib berish xizmati koʻrsatish maqsadida (4-band) harakatlanishi uchun maxsus ruxsatnoma (stiker) talab qilinmaydi.
Shuningdek, qoʻshma qarorda Davlat soliq qoʻmitasiga oziq-ovqat, dori-darmon, tibbiy buyum va vositalar, shuningdek, birinchi navbatdagi zarur mahsulotlar yetkazib berish xizmati koʻrsatishda narxlarning asossiz ravishda koʻtarilishining oldini olish choralarini koʻrish topshirildi.
Qanday avtomobillarning koʻchalarda harakatlanishiga ruxsat beriladi?
Qoʻshma qarorga muvofiq, karantin davrida nogironlik muddati tugaydigan fuqarolarni qayta koʻrikdan oʻtkazmasdan, nogironlik muddatlari avtomatik tarzda uzaytirilgan holda pensiya (nafaqa) toʻlovlari davom ettiriladi.
Shuningdek, karantin davrida pensiya va nafaqa (jumladan, dafn marosimi va bola tugʻilganda beriladigan bir martalik nafaqa)larga huquqi paydo boʻlgan fuqarolarga karantin tadbirlari tugagandan keyin 1 oy davomida Pensiya jamgʻarmasi tuman (shahar) boʻlimlariga murojaat etish huquqi taqdim etiladi, bunda ularga pensiya (nafaqa)lar karantin cheklovlari davridagi huquqi paydo boʻlgan sanadan tayinlanadi.

Bank plastik kartalari va ishonchnoma orqali pensiya (nafaqa) olayotgan hamda tayinlangan pensiya (nafaqa)ga boʻlgan huquqini tasdiqlash muddati kelgan, shaxsni tasdiqlovchi hujjati (pasport) muddati tugagan fuqarolardan hujjat talab etmasdan, toʻlov muddatlari 4 oy muddatga uzaytiriladi.
Iqtisodiyot tarmoqlarining muhim yoʻnalishlari va yirik ishlab chiqarish tashkilotlarining faoliyatini davom ettirish, shuningdek, yirik qurilish obʼyektlarida qurilish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash ishlarini davom ettirish (boshlash)ga Respublika maxsus komissiyasining hududiy shtablari rahbarlarining qarori (yigʻilish bayoni)ga muvofiq ruxsat berilishi belgilandi. Bunda ushbu tashkilotlarning faoliyati davrida sanitariya va gigiyena qoidalariga toʻliq rioya qilishi, oʻz faoliyatini faqatgina tegishli obʼyekt hududi doirasida tashkil etishi, shuningdek, ularni ovqatlantirishni mazkur obʼyekt hududida tashkillashtirish uchun shaxsiy javobgarlik tegishli xoʻjalik birlashmasi rahbari hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari zimmasiga yuklanadi.
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

Poytaxt sektor rahbarlari aholi muammolarini qay darajada hal eta olyapti?

Toshkentda ommaviy qabullar viloyatlardagi ommaviy qabullardan nimasi bilan farq qiladi?

«Oʻztransgaz» aholiga murojaat yoʻlladi

