SSV: “COVID-19” koronavirus infeksiyasidan qanday saqlanish mumkin?
Sogʻliqni saqlash vazirligi tibbiyot fanlari doktori Botir Tadjiyevning koronavirus infeksiyasidan qanday saqlanish mumkinligi toʻgʻrisidagi mulohazalarini bayon qildi.

Shu kunlarda koʻpchilikda butun dunyo boʻylab keng tarqalayotgan koronavirus infeksiyasi bilan bogʻliq qator savollar tugʻilmoqda. Sogʻliqni saqlash vazirligi tibbiyot fanlari doktori, Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish instituti direktori Botir Tadjiyevning koronavirus infeksiyasidan qanday saqlanish mumkinligi toʻgʻrisidagi mulohazalarini maʼlum qildi.
– Koronavirus infeksiyasining yashirin davri 2 kundan 14 kungacha davom etadi. Hozirgi kunda virus tarqalishi asosan odamdan odamga yaqin aloqa oqibatida yuz bermoqda. Uning alomatlari isitma, yoʻtal va nafas qisishi hisoblanadi, – deydi Botir Tadjiyev.
Virusni barcha yoshdagi odamlar yuqtirishi mumkin. Yoshi katta, surunkali kasallikka yoʻliqqan, immuniteti zaiflashgan odamlarda kasallik ogʻirroq kechishi mumkin. Ayni paytda Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti va dunyo davlatlari mutaxassislari ushbu virusga qarshi yangi vaksina va davolash metodlarini yaratish ustida faol ishlashmoqda.
"Xastalikdan saqlanishda qoʻllarni yuvish muhim oʻrin tutadi. Bundan tashqari, spirtli dezinfeksiyadan foydalanish ham zarar qilmaydi. Ovqat qilish davomida hamda undan oldin va keyin, shuningdek, ovqatlanishdan oldin, uy hayvonlari oldidan qaytganda ham qoʻllarni yuvishni unutmaslik kerak. Ayni kunlarda Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan butun aholiga qoʻl yuvishning ahamiyati haqida sms xabarlar tarqatilayotganligining sababi ham ana shunda", deydi mutaxassis.
Botir Tadjiyev koronavirusni yuqtirib olmaslik yoki uning xavfini kamaytirish uchun avvalo, shamollash yoki gripp alomatlari kuzatilgan odamlar bilan yaqin aloqa qilishdan tiyilish kerakligini taʼkidlamoqda. Shuningdek, yuzni qoʻl bilan ushlamaslikni, imkon qadar bozor, vokzal, katta doʻkonlar kabi odamlar yigʻiladigan joylarga borishni kamaytirish kerakligi aytdi. Bundan tashqari yoʻtalganda, burun qoqqanda va aksirganda ogʻiz va burunni berkitish kerak.
Kasallikning ilk alomatlari kuzatilganda, uyda qoling va darhol shifokorga murojaat qiling.
Mutaxassis ayrim holatlardagini himoya niqobini taqib yurishni, boshqa holatlarda zururat tugʻilmasligini aytdi.
– Bilasizmi, sizda yoʻtal, nafas olishda qiynalish kabi respirator infeksiya alomatlari kuzatilsa, shuningdek, tibbiyot xodimi sifatida infeksiya alomatlariga ega bemorga qarayotgan boʻlsangiz yoki borib koʻrsangizgina tibbiy niqobni taqib yurishingiz mumkin. Respirator infeksiyasi alomatlari mavjud boʻlmagan barcha holatlarda himoya niqoblarini taqib yurishga zarurat yoʻq.
Tibbiyot fanlari doktorining soʻzlariga koʻra, ovqat tayyorlayotganda, xom goʻsht va tayyor ovqatni kesish uchun alohida chopish taxtalari va pichoqlardan foydalanish zarur ekan. Goʻsht va sut mahsulotlarini ushlagandan keyin qoʻllarni yaxshilab yuvish esa muhim oʻrin tutadi. Goʻsht mahsulotlarini yaxshilab pishirish lozim. Xom yoki chala qaynatilgan goʻsht mahsulotlarini isteʼmol qilishdan saqlaning.
Safarga yoʻl olganda koronavirus infeksiyasidan saqlanish uchun nimalarga eʼtibor qaratish kerak?
– Avvalo, zarurat boʻlmaganda xorijga chiqishdan cheklanish maqsadga muvofiq boʻladi. Safarga chiqqanda infeksiyadan saqlanish uchun yuqoridagi aytib oʻtilgan, umumiy gigiyenik qoidalarga qatʼiy rioya qilishi kerak. Bunda avval, qoʻllarni spirtli nam salfetka yordamida tez-tez artib, sovunlab yuvib turish kerak. Sogʻligingiz yomonlashsa, siz bilan safarga chiqqan guruh aʼzolariga xabar qiling va imkon boʻlishi bilan shifokorni ham xabardor eting. Shamollash yoki gripp alomatlariga ega odamlardan yiroq boʻling, agar yuqoridagi alomatlar sizda sezilsa, safarni bekor qilganingiz maʼqul, – deydi Botir Tadjiyev.
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

Poytaxt sektor rahbarlari aholi muammolarini qay darajada hal eta olyapti?

Toshkentda ommaviy qabullar viloyatlardagi ommaviy qabullardan nimasi bilan farq qiladi?

«Oʻztransgaz» aholiga murojaat yoʻlladi

