| Toshkent |
UZ
Malibu•••
USD/UZS 11 990,54 −12,39 ↓EUR/UZS 13 136,84 −19,57 ↓RUB/UZS 146,24 −0,50 ↓
Jamiyat2 daqiqada oʻqiladi102 marta oʻqildi

Maktablarni 14 sentyabrdan ochish taklifi kiritildi

Ekspertlar fikridan kelib chiqib, bu yilgi oʻquv yilini 14 sentyabr – dushanba kunidan boshlash taklif sifatida kiritildi, deb yozmoqda Xalq taʼlim vaziri Sherzod Shermatov.

Maktablarni 14 sentyabrdan ochish taklifi kiritildi

Xalq taʼlim vaziri Sherzod Shermatov maktablar ochilishi boʻyicha murojaat eʼlon qildi

Uni toʻliqligicha havola qilamiz:

«Hurmatli ota-onalar,

Xabaringiz bor, biz 3 ta ssenariy boʻyicha ishlayotgan edik: 1) anʼanaviy maktabni ochish, 2) onlayn maktab orqali oʻqitish va 3) aralash (gibrid) ssenariy – ham anʼanaviy ham onlayn. Telegram orqali deyarli 1 mln. foydalanuvchi qatnashgan soʻrovnomada 70% ota-ona bola sogʻligʻidan xavotirda boʻlib, uyda oʻzi onlayn oʻqitishi mumkinligi, 30% esa pandemiya sharoitida ham farzandini maktabga yuborishini bildirgan.

Shuning uchun, aholini koʻproq qatlamini rozi qilishni inobatga olib, faqat 3-ssenariy, yaʼni ota-onalarning oʻzlariga tanlash huquqini berish eng optimal variant boʻlib turibdi.

Bir tomondan, internetda baʼzi davlatlarda maktablar ochilib, kasallik koʻpayishi natijasida qaytadan yopilgani, bolalar oʻzi kuchli kasallanmasada, kattalarga qaraganda kuchliroq virus tashuvchisi boʻlishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalayapti.

Ikkinchi tomondan, bu virusdan yaqin orada qutilmasligimizni, vaksina ishlab chiqilgan taqdirda ham uni barcha havfsizlik sinovlaridan oʻtkazishga va ishlab chiqarib bizga yetib kelishiga ancha vaqt ketishi ham aniq. Shunga, ushbu vaqt davrida farzandlarimiz bilim olishdan orqada qolib ketmasliklari zarur.

Karantin qoidalarining yumshatilishi kasallik holatlarining ortishiga olib kelishi mumkinligi, ularni davolashga ham qoʻshimcha vaqt talab etilishi kerakligi hamda oʻqish boshlanishidan avval ularni davolab, kamaytirish muhimligi kabi faktorlarni inobatga olib ekspertlar fikridan kelib chiqib, bu yilgi oʻquv yilini 14 sentyabr – dushanba kunidan boshlash taklif sifatida kiritildi.

Shuningdek, bir hafta oldin sinov tariqasida virus tarqalmagan, havfsiz hududlardagi baʼzi kichik maktablarni ochish, ushbu jarayonda barcha choralarni toʻliq va toʻgʻri amalga oshirilishini oʻrganib chiqish ham rejalashtirilgan. Maktabga oʻquvchilarning bir vaqtda kelmasligi, kirayotganda isitmasi oʻlchanishi, barcha darslar bir sinf xonasida oʻtilishi, tanaffusda sinf havosi shamollatilishi, oʻquvchilarga ijtimoiy masofani saqlashni tushuntirish kabi qator talablar ishlab chiqilib, joylardagi barcha maktablarda ijrosini taʼminlanish choralari koʻrilish kerak boʻladi.

Shu sababli, bugun-erta barcha maktablarda ota-onalardan soʻrovnomalar oʻtkazilmoqda. Bizga har bir ota-onaning fikri muhim. Iltimos, ushbu soʻrovnomada faol qatnashing! Pandemiya sharoitidan kelib chiqib, aynan sizning farzandingiz maktab ochilganda maktabga borib oʻqiydimi yoki uydan onlayn oʻqiydimi degan savolga faqat siz javob bera olasiz! Bizga esa bu soʻrovnomalar barcha maktablar kesimida aniq, obʼyektiv holat boʻyicha maʼlumotni yigʻishga imkon beradi.

Maktablar qayta ochilishi, taʼlimni aralash koʻrinishda tashkil etish, albatta, maktab jamoasiga qoʻshimcha masʼuliyat va vazifalar yuklaydi. Shuning uchun, ushbu jarayonlarda, hurmatli ota-onalarimizdan, pedagoglar mehnatini ham qadrlashlarini soʻrab qolamiz!

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

davaktiv.uze-auksion.uzBD terminalSOS 24
UZ