Sherzod Saparov: “Temir daftar”ga kiritish paytida mahalla raislari muayyan yordam oluvchilarni eʼtiborsiz qoldirgan
“Yuksalish” umummilliy harakati raisi oʻrinbosari Sherzod Saparov “temir daftar”ga kiritish paytida mahalla xodimlari va sektorlar rahbarlari bir necha yil davomida toʻplangan mol-mulk (transport vositalari, koʻchmas mulk va boshqalar) asosida moddiy ahvolni baholashgani, ular oilalarning daromadsiz qolganini inobatga olishmagani haqida gapirdi.

12 oktyabr kuni “Yuksalish” umummilliy harakati hamkor tashkilotlar bilan birgalikda Xalqaro munozara klubi doirasida “Pandemiya davrida aholining ijtimoiy zaif qatlamlarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash: Oʻzbekiston va Germaniya tajribasi” mavzusidagi ikkinchi uchrashuvini tashkil etdi.
Aholining ijtimoiy-iqtisodiy farovonligi masalalariga ixtisoslashgan Yevropaning yetakchi xorijiy ekspertlari, bir qator mustaqil ekspertlar, parlament, vazirlik va idoralar, xalqaro tashkilotlar, fuqarolik jamiyatlari vakillari koronavirus pandemiyasi davrida aholining ijtimoiy zaif qatlamlarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash jihatlarini Oʻzbekiston va Germaniya tajribasiga asoslangan holda ochiq muloqot shaklida muhokama qildilar. Muhokama chogʻida Germaniya va dunyoning bir qator boshqa mamlakatlari pandemiya paytida aholining ijtimoiy zaif qatlamlariga moliyaviy koʻmak berish boʻyicha tajribasi oʻrganildi.
"Pandemiya davrida aholining ijtimoiy zaif qatlamlarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash butun dunyoda boʻlgani kabi Oʻzbekistonda ham dolzarb masalaga aylandi. Shunday qiyin vaziyatda, davlat va fuqarolik jamiyati oʻrtasidagi samarali sheriklik namoyon boʻlmoqda, yaʼni Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasi, fuqarolik jamiyati institutlari, jamoat tashkilotlari birlashib, inqirozni yengib oʻtishga harakat qilinmoqda. Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga koʻmak berish maqsadida ularning roʻyxati, yaʼni “Temir daftar” shakllantirildi. Biroq mahalla raislari obʼyektiv/subʼyektiv sabablarga koʻra, muayyan yordam oluvchilarni eʼtiborsiz qoldirgan, odamlar davlat koʻmagisiz qolgan holatlar ham uchradi. Bunday vaziyatda koʻpincha inson omili rol oʻynadi, shuningdek, ehtiyojmand oilalarning farovonligini baholash mezoni standartlashtirilmagani va koʻp hollarda subʼyektiv mezonlarga asoslangani koʻzga tashlandi. Masalan, “temir daftar”ga kiritish paytida mahalla xodimlari va sektorlar rahbarlari bir necha yil davomida toʻplangan mol-mulk (transport vositalari, koʻchmas mulk va boshqalar) asosida moddiy ahvolni baholashgani, ular oilalarning daromadsiz qolganini inobatga olishmaganini aytish mumkin. “Ijtimoiy himoya”, “reabilitatsiya” kabi atamalar mohiyati yanada chuqurlashdi. Bu hayotimiz holatini toʻliq baholash, aholi bilan ishlashda boshqaruv tamoyillarini oʻrganish, ijtimoiy himoya uchun masʼul boʻlgan davlat idoralari tarkibida oliy maʼlumotli xodimlarning yangi ish uslublarni oʻzlashtirishni taqozo etadi. Hozirgi kunda mamlakatimizda ijtimoiy himoya bilan shugʻullanuvchi kadrlarni 3 ta OTM tayyorlaydi. Har yili 900 dan ortiq bitiruvchi diplomga ega boʻladi, ammo aksariyat davlat idoralarida ijtimoiy xodimlar shtat birliklari mavjud emas. Vaholanki, bu davlat idoralari uchun keng inson resursi boʻlishi mumkin. Mamlakatda muhtojlarga ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish uchun ijtimoiy xodimlar tizimini yaratish kerak. Bunda ijtimoiy himoya nafaqat moddiy yordam shaklida, balki inqirozga uchragan oilalarga patronaj xizmati, yolgʻiz keksalarga, yetimlarga yordam va mehnat muhojirlari oilalari bilan ishlash shaklida ham boʻlishi mumkin", dedi “Yuksalish” umummilliy harakati raisi oʻrinbosari Sherzod Saparov.
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

Poytaxt sektor rahbarlari aholi muammolarini qay darajada hal eta olyapti?

Toshkentda ommaviy qabullar viloyatlardagi ommaviy qabullardan nimasi bilan farq qiladi?

«Oʻztransgaz» aholiga murojaat yoʻlladi

