Shavkat Mirziyoyev yangi qurilayotgan uylarning kredit muddatini uzaytirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi
Shavkat Mirziyoyev Toshkentdagi Mirzo Ulugʻbek tumanida qurilayotgan uylarni borib koʻrdi. Mutasaddilarga uylarning narxini arzon qilish, ularni turli soha vakillari bilan birga kam taʼminlanganlarga ham ajratish boʻyicha koʻrsatmalar berdi. Kredit muddatini uzaytirish, ijaraga berish orqali kambagʻal oilalarni qoʻllab-quvvatlash muhimligini taʼkidladi. Shuningdek, kommunal toʻlovlarni 50 foizgacha arzonlatish mumkinligi haqida gapirdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 28 fevral kuni poytaxtimizning Mirzo Ulugʻbek tumani Avayxon mahallasida bunyod etilayotgan koʻp qavatli uy-joylarni koʻzdan kechirdi.
Bu yerda jami 1 ming 120 ta xonadondan iborat 17 ta koʻp qavatli uylar qurilishi loyihalashtirilgan. Bugungi kunda 5 ta turar joy qad rostlab, ichki pardozlash ishlari olib borilmoqda.

Prezident xonadonlardan birini kirib koʻrdi, uylarning qurilish texnologiyasi va energiya tejamkorligiga eʼtibor qaratdi.
Tashqi devorlar bazalt materiali bilan qoplangani ob-havo taʼsirini kamaytirib, xonadonlarning qishda isiq, yozda salqin boʻlishini taʼminlaydi. Yana bir samarali tomoni – bu toʻliq mahalliylashtirilgan mahsulot.

Prezidentimiz mahalliy materiallarni koʻproq ishlatib, uylarning narxini arzon qilish, ularni turli soha vakillari bilan birga kam taʼminlanganlarga ham ajratish boʻyicha koʻrsatmalar berdi. Kredit muddatini uzaytirish, ijaraga berish orqali kambagʻal oilalarni qoʻllab-quvvatlash muhimligini taʼkidladi.
- Shaharlarda odamlar kommunal xizmatlar sifatsizligidan norozi. Binolarni ekspluatatsiya qiladigan barqaror tashkilotlar, malakali kadrlar yetishmaydi. Yangi obʼyektlar eski tarmoqlarga ulab qoʻyiladi. Butun kvartal birdaniga uzoqdagi stansiyadan isitiladi. Aslida, aql bilan qilinsa, kommunal toʻlovlarni 50 foizgacha arzonlatish mumkin, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yangi mavzeda avtonom issiqlik stansiyasi qurish, imoratlarni ekspluatatsiya qiladigan va sifatli xizmat koʻrsatadigan zamonaviy shirkat tashkil etish boʻyicha koʻrsatma berildi.
Hududda yana bir nechta 9, 16 va bitta 25 qavatli turar joy barpo etilishi rejalashtirilgan. Loyihada zamonaviy qurilish normalari bilan birga milliy qadriyatlarimiz, turli marosimlar uchun qulayliklar ham inobatga olingan. Barcha uylarni 2020 yil sentabrda foydalanishga topshirish moʻljallangan.
Shuningdek, maktab, bolalar bogʻchasi, dam olish va sport maydonchalari, bolalar oʻyingohlari, koʻp qavatli avtoturargoh barpo etilishi loyihalashtirilgan.
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

Oʻzbekiston Prezidentining Fransiyaga davlat tashrifi yakunlandi

Oʻzbekiston Prezidentining Fransiyaga davlat tashrifi yakunlandi

Poytaxt sektor rahbarlari aholi muammolarini qay darajada hal eta olyapti?

