Shavkat Mirziyoyev Xitoy delegatsiyasini qabul qildi
Uchrashuvda koʻp qirrali Oʻzbekiston-Xitoy sherikligining dolzarb masalalari muhokama qilindi, boʻlajak oliy darajadagi tadbirlar rejasi koʻrib chiqildi.

Bugun, 2 mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizda amaliy tashrif bilan boʻlib turgan Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy qoʻmitasi Siyosiy byurosi aʼzosi, Tashqi ishlar boʻyicha komissiya devonxonasi rahbari Yan Szechi boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Davlatimiz rahbari bugungi kunda Oʻzbekiston va Xitoyni doʻstlik va har tomonlama strategik sheriklik munosabatlari yaqindan bogʻlab turganini qayd etdi.
Mamlakatlarimiz yetakchilarining muntazam uchrashuvlari ikki tomonlama hamkorlikni sifat jihatidan yangi darajaga koʻtarish, uni aniq mazmun bilan boyitish imkonini berdi.

Birgalikdagi saʼy-harakatlar tufayli oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi izchil ortib bormoqda. Xitoyning ilgʻor kompaniyalari va moliyaviy institutlari ishtirokida Oʻzbekistonda yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Madaniy-gumanitar almashinuvlar kengaymoqda.
Yuqori martabali mehmon Prezidentimizga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, XXR Raisi Si Szinpinning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi. Yan Szechi yangi turdagi koronavirus tarqalishiga qarshi kurashda koʻrsatilayotgan koʻmak uchun Xitoy rahbariyatining minnatdorligini yana bir bor izhor etdi hamda bu borada yaqindan hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanini tasdiqladi.

Uchrashuvda koʻp qirrali Oʻzbekiston-Xitoy sherikligining dolzarb masalalari muhokama qilindi, boʻlajak oliy darajadagi tadbirlar rejasi koʻrib chiqildi.
Mamlakatimizda energetika, neft-gaz, kimyo, toʻqimachilik, qishloq xoʻjaligi va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida hamda infratuzilmani modernizatsiya qilish boʻyicha ustuvor loyihalarni birgalikda ishlab chiqish va amalga oshirishni davom ettirish zarurligiga alohida eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, ShHT va boshqa tuzilmalar doirasidagi konstruktiv muloqotni mustahkamlash, shuningdek, “Bir makon, bir yoʻl” tashabbusini ilgari surish doirasidagi hamkorlik yuzasidan fikr almashildi.
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

Oʻzbekiston Prezidentining Fransiyaga davlat tashrifi yakunlandi

Oʻzbekiston Prezidentining Fransiyaga davlat tashrifi yakunlandi

Poytaxt sektor rahbarlari aholi muammolarini qay darajada hal eta olyapti?

