| Toshkent |
UZ
Malibu•••
USD/UZS 11 990,54 −12,39 ↓EUR/UZS 13 136,84 −19,57 ↓RUB/UZS 146,24 −0,50 ↓
Siyosat1 daqiqada oʻqiladi230 marta oʻqildi

Shavkat Mirziyoyev: Tibbiyot xodimlari ularga tegishli boʻlmagan birorta qoʻshimcha ishlarga jalb qilinmaydi

Prezident raisligida oʻtayotgan videoselektor yigʻilishida tibbiyotning birlamchi boʻgʻinidagi muammolar tahlil qilinmoqda.

Shavkat Mirziyoyev: Tibbiyot xodimlari ularga tegishli boʻlmagan birorta qoʻshimcha ishlarga jalb qilinmaydi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida sogʻliqni saqlash tizimining birlamchi boʻgʻinini takomillashtirish hamda aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini shakllantirish chora-tadbirlari boʻyicha videoselektor yigʻilishi boshlandi.

Unda qishloq vrachlik punktlari va oilaviy poliklinikalarining vazifa va funksiyalarini qayta koʻrib chiqish, oilaviy shifokor institutini keng tatbiq etish, tibbiy yordam qamrovini kengaytirish va boshqa muhim masalalar muhokama qilinishi kutilmoqda.

2019 yilgi oʻlim holatlarining 60 foizi shu boʻgʻinda oldini olish mumkin boʻlgan yurak-qon tomir kasalliklari hisobiga toʻgʻri kelgan. Onkologiya yoʻnalishidagi bemorlarning yarmida kasallik ikkinchi va uchinchi bosqichga oʻtib boʻlganidan keyin aniqlanmoqda.

– Endi vazirlik faoliyatiga, uning kadrlar masalasiga hech kim aralashmaydi. Bosh shifokorlar, vrach yoki boshqa tibbiyot xodimlari ularga tegishli boʻlmagan birorta qoʻshimcha ishlarga jalb qilinmaydi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Qishloq vrachlik punktining umumiy amaliyot shifokori zimmasiga 146 turdagi kasallikka diagnoz qoʻyish va davolash, 213 turdagisiga birlamchi diagnoz qoʻyish va yoʻllanma berish, shuningdek, reabilitatsiya, dispanserizatsiya va profilaktika boʻyicha juda koʻp vazifalar yuklatilgan.

Shu bois davlatimiz rahbari qishloq vrachlik punktlari va oilaviy poliklinikalardagi tibbiy xizmat tizimi, shifokorlar va oʻrta tibbiyot xodimlarining vazifa va funksiyalarini toʻliq qayta koʻrib chiqish zarurligini aytdi.

Ilgʻor xorijiy tajriba asosida umumiy amaliyot shifokorini haqiqiy oilaviy shifokorga aylantirish choralari belgilandi. Ularga yordam berish uchun terapiya, pediatriya, akusherlik va patronaj boʻyicha tibbiyot brigadalari tashkil etiladi. Bu brigadalar oʻzlariga biriktirilgan oilalar kesimida “tibbiy xarita”lar shakllantirib, manzilli ish olib boradi. Aholining salomatlik holati baholanib, elektron bazasi yaratiladi. Buning uchun tibbiyot xodimlari planshet, mobil diagnostika vositalari bilan taʼminlanadi.

5 yoshgacha boʻlgan bolalar, homilador, tugʻish yoshidagi va 35 yoshdan oshgan ayollar, 40 yoshdan oshgan shasxlar doimiy nazoratga olinib, skrining tekshiruvlari oʻtkaziladi. Kasallikka moyil boʻlganlar individual patronajga olinadi.

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

davaktiv.uze-auksion.uzBD terminalSOS 24
UZ