| Toshkent |
UZ
Malibu•••
USD/UZS 11 990,54 −12,39 ↓EUR/UZS 13 136,84 −19,57 ↓RUB/UZS 146,24 −0,50 ↓
Siyosat4 daqiqada oʻqiladi185 marta oʻqildi

Shavkat Mirziyoyev: Bozor boʻlmasa, eksport ham boʻlmaydi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida oʻtkazilgan videoselektorda meva-sabzavotchilik va uzumchilik klasterlari faoliyatini samarali tashkil qilishga qaratilgan ustuvor vazifalar muhokama qilindi.

Shavkat Mirziyoyev: Bozor boʻlmasa, eksport ham boʻlmaydi

Shavkat Mirziyoyev raisligida 14 fevral kuni meva-sabzavotchilik klasterlarini samarali tashkil qilish, paxtachilik klasterlari faoliyatini takomillashtirish hamda davlat ehtiyojlari uchun paxta va gʻalla yetishtirish tizimidan bosqichma-bosqich voz kechish masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.

Qishloq xoʻjaligi rivojlantiriladi

Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil 23 oktyabrdagi farmoni bilan Qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga moʻljallangan strategiyasi qabul qilindi. Oliy Majlisga Murojaatnomada barcha sohalar qatori qishloq xoʻjaligi boʻyicha ham aniq yoʻnalishlar koʻrsatib oʻtildi.

2025 yilgacha mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti hajmini 100 milliard dollar, yillik eksportni 30 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan. Bu koʻrsatkichlarga erishish uchun qishloq xoʻjaligi sohasida ham juda katta rezerv va imkoniyatlar bor.

Uzumchilikda ham klaster tizimi joriy qilinmoqda

Meva-sabzavot eksportini tizimli tashkil qilish, mahsulot ishlab chiqaruvchi bilan eksportyor oʻrtasida oʻzaro munosabatlarni toʻgʻri yoʻlga qoʻyish maqsadida meva-sabzavotchilik va uzumchilikda ham klaster tizimi joriy qilinmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2019 yil 11 dekabrdagi qarori bilan bu boradagi barcha tashkiliy-huquqiy asoslar yaratib berildi.

Videoselektor yigʻilishida meva-sabzavotchilik va uzumchilik klasterlari faoliyatini samarali tashkil qilishga qaratilgan ustuvor vazifalar muhokama qilindi.

Avvalo, tizimdagi shartnomaviy munosabatlarni toʻgʻri shakllantirish, mahsulot yetishtiruvchi, qayta ishlovchi va eksportchining manfaati, majburiyati hamda javobgarligini aniq belgilash muhimligi taʼkidlandi.

Klaster tashkil etish uchun hokim oʻrinbosarlari masʼul etib belgilandi

Klasterlar takliflari asosida eksportbop ekinlarni joylashtirib, zarur urugʻlik, koʻchat, mineral oʻgʻit, yoqilgʻi masalasini hal qilish va ularning taʼminotini tizimli yoʻlga qoʻyish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Joylarda klasterlar faoliyatini samarali tashkil etishga viloyatlar va tumanlar hokimlarining birinchi oʻrinbosarlari shaxsan masʼul etib belgilandi.

Markaziy bank va tijorat banklari rahbarlarining oʻrinbosarlaridan biri meva-sabzavotchilik klasterlarini aylanma mablagʻlar bilan taʼminlash va ular tomonidan ishlab chiqilgan loyihalarni oʻz vaqtida moliyalashtirishga masʼul qilindi.

"Asosiy maqsad – eksport hajmini oshirish"

– Klasterlar faoliyatini yoʻlga qoʻyishdan asosiy maqsad – eksport hajmini oshirish. Buning uchun esa yangi bozorlarni topish kerak. Bozor boʻlmasa, eksport ham boʻlmaydi, klaster tizimi ham yurmaydi. Shuning uchun chet ellardagi talabni muntazam oʻrganib, imkoniyatlardan samarali foydalanish, eksportda izchillikni taʼminlash kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

“Oʻzbekoziqovqatxolding” kompaniyasiga tashkil etilayotgan har bir klaster bilan individual ishlab, eksport shartnomalarini chuqur tahlil qilish, aylanma mablagʻlar ajratilishini hisobga olib, qoʻshimcha kontraktlar tuzishga koʻmaklashish vazifasi yuklatildi.

Yigʻilishda viloyatlar hokimlari meva-sabzavot klasterlarini tashkil qilish, bozorbop mahsulotlar yetishtirish va qayta ishlash, eksport hajmi va geografiyasini kengaytirish borasidagi rejalari yuzasidan axborot berdi.

Davlat ehtiyojlari uchun paxta va gʻalla yetishtirish tizimidan voz kechiladi

Paxtachilik klasterlari faoliyatini takomillashtirish, davlat ehtiyojlari uchun paxta va gʻalla yetishtirish tizimidan qadamma-qadam voz kechish masalalari ham yigʻilishda batafsil muhokama qilindi.

Prezidentimiz Oliy Majlisga Murojaatnomasida ushbu mahsulotlarni bozor tamoyillari asosida xarid qilish tizimiga bosqichma-bosqich oʻtish zarurligini taʼkidlagan edi.

Maʼlumki, bu boradagi birinchi qadam sifatida qolipli non, un, bugʻdoy, chigit, paxta yogʻi narxi erkinlashtirilgan edi. Bunga puxta tayyorgarlik koʻrilgani natijasida narxlarda keskin oʻzgarish boʻlmadi.

Paxta va gʻallaga davlat buyurtmasini bekor qilish masalasida ham Jahon banki ekspertlari ishtirokida tegishli chora-tadbirlar ishlab chiqildi.

Shavkat Mirziyoyev: Endi orqaga yoʻl yoʻq

– Bu yil qishloq xoʻjaligida katta islohotlarni boshlayapmiz. Hokimlar bu masalani chuqur tushunib, ichiga kirishlari shart. Endi orqaga yoʻl yoʻq. Qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishini erkinlashtirmasak, manfaatdorlikni oshirmasak, iqtisodiy oʻsish va samaradorlikka erishib boʻlmaydi, – dedi Prezidentimiz.

Yigʻilishda klasterlar faoliyatining samaradorligini oshirish va ularni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash masalasi ham atroflicha tahlil qilindi.

Adliya vazirligi hamda Qishloq xoʻjaligi vazirligiga klasterlarning huquq va majburiyatlarini belgilab, ularning faoliyatini tartibga solish yuzasidan koʻrsatma berildi.

Klasterlarni takomillashtirish uchun kredit ajratiladi

Paxta yetishtirishning amaldagi tizimi fermerlar va klasterlar oʻrtasida moliyaviy jihatdan koʻplab savollarni keltirib chiqarmoqda. Bu bir tarafdan paxtani qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarishga mablagʻ yetishmasligini keltirib chiqarsa, ikkinchidan, paxta yetishtirgan fermer xoʻjaliklari bilan hisob-kitob qilish imkoniyatini cheklab qoʻymoqda.

Shu bois klasterlar moliyalashtirish tizimini takomillashtirish, ularda mahsulot ishlab chiqarish va qayta ishlashni alohida faoliyat turi sifatida kreditlash tizimini joriy etish zarurligi taʼkidlandi.

Raqobatdan dehqonlar ham manfaatdor

Paxta-toʻqimachilik klasterlari tashkil etilmagan joylarda paxta tozalash zavodlari negizida fermerlar kooperatsiyalari yoʻlga qoʻyilishi belgilandi.

Bu tajriba Turkiyada oʻzini oqlagan. Ushbu tizimning eng muhim jihati – fermerlar nafaqat paxta xomashyosini, balki uni qayta ishlashdan olingan mahsulotlarni (tola, chigit, shrot, sheluxa) sotishdan ham manfaatdor boʻladi.

Yana bir ahamiyati – paxta yetishtirishda raqobat shakllanadi. Klasterlar va kooperativlar oʻrtasida raqobat boʻlsa, bundan faqatgina fermerlar, yaʼni yer egalari boʻlgan dehqonlar manfaatdor boʻladi.

Majburiy gʻalla sotish tizimi bekor qilinadi

Paxta va gʻalla yetishtirishda davlat buyurtmasi bekor boʻlsa, ilgarigidek reja ortidan quvish barham topadi. Endilikda hokimlar xalq deputatlari kengashi bilan birga ekin yerlaridan samarali foydalanish va ekin turlarini toʻgʻri joylashtirishga masʼul boʻladi. Ular, shuningdek, qishloq xoʻjaligi infratuzilmasini yaxshilash, irrigatsiya tarmoqlarini taʼmirlash, suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish, ushbu maqsadlarda ajratilayotgan mablagʻlar va subsidiyalardan samarali foydalanish ishlarini tashkil etadi. Dehqonlarga servis xizmatlari koʻrsatish, zararkunandalarga qarshi kurashish, paxta yigʻim-terimida mexanizatsiya darajasini oshirish choralarini ham koʻradi.

Videselektor yigʻilishida gʻalla hosilini gʻamlash masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi

Qayd etilganidek, gʻallani davlat ehtiyoji uchun majburiy sotib olish tizimidan davlat zaxiralari tizimiga oʻtilmoqda va fermerlarga gʻallani erkin sotish huquqi berilmoqda. Bu masala oziq-ovqat xavfsizligi bilan bogʻliq boʻlganligi bois davlatga majburiy gʻalla sotish tizimi ikki bosqichda bekor qilinishi rejalashtirilgan.

Bu yil yetishtiriladigan gʻalla hosilidan davlat ehtiyojlari uchun sotiladigan hajmi kamaytiriladi. Yaʼni, mamlakatimiz boʻyicha bu yil qoʻshimcha 1 million tonnadan ortiq gʻalla fermerlar ixtiyorida qoladi.

2021 yil hosilidan boshlab esa davlatga gʻalla sotish rejasi toʻliq bekor qilinib, mahsulotni bozor narxlarida sotib olish yoʻlga qoʻyiladi.

Yigʻilishda mutasaddilarga topshiriqlar berildi

Prezidentimiz bu oʻzgarishlarning ahamiyatini alohida taʼkidlab, mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

Yer ajratish borasidagi muammolar koʻrib chiqildi. Sugʻoriladigan maydonlar talon-torojiga chek qoʻyish, har bir qarich yerdan xalq manfaati yoʻlida samarali foydalanish zarurligi koʻrsatib oʻtildi. Shundan kelib chiqqan holda, joylardagi mutasaddilarning masʼuliyati va javobgarligini oshirish yuzasidan tegishli vazifalar belgilab berildi.

Yigʻilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan soha mutasaddilari, hududlar va tarmoqlar rahbarlari axborot berdi.

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

davaktiv.uze-auksion.uzBD terminalSOS 24
UZ