Ruslanbek Davletov bilan oʻtgan onlayn muloqotda 1500 ta savol kelib tushgan
Onlayn muloqotda murojaatlar oqimining kattaligi va vaqt chegaralanganligi bois, muloqot davomida tilga olinmay qolgan savollarga fuqarolarning shaxsiy manziliga albatta javob yuborilishi, hech bir murojaat eʼtiborsiz qolmasligi taʼkidlandi.

Joriy yilning 25 noyabr kuni Adliya vaziri Ruslanbek Davletovning Facebookʼdagi “Xalq bilan muloqot/Dialog s narodom” guruhida fuqarolar bilan onlayn muloqoti boʻlib oʻtdi.
Aholi murojaatlari bilan ishlashning yangicha shakli sifatida ilk bora tashkil etilgan ushbu muloqotga fuqarolardan qariyb 1500 ta savol kelib tushdi. Xususan, maxsus @adliyaga_savolbot telegram boti orqali 500 ga yaqin, “Onlayn muloqot” payti Youtube tarmogʻida 300 dan, “Xalq bilan muloqot” guruhida esa 700 dan ortiq xabarlar, murojaatlar va savollar yozib qoldirildi.
Onlayn muloqot davomida fuqarolar nafaqat adliya tizimi va norma ijodkorligiga doir savollar bilan murojaat qildilar, balki davlat organlari ishiga oʻzlarining munosabatlarini, baho va eʼtirozlarini ham bayon etishdi.
Xususan, gaz va elektr muammolari, klasterlar, fermer xoʻjaliklari va hokimliklar oʻrtasidagi munosabatlar, mehnat huquqi, notariat va advokatura, yuridik taʼlim, meros, mulk, aliment masalalari kabi bugungi kunda aholini oʻylantirayotgan savollarga huquqiy asoslantirilgan javoblar berildi.
Masalan, fuqaro Farrux Bahromovdan kelib tushgan “Nega maktablarda huquq darsi kam?” degan savolga bu yoʻnalishda Xalq taʼlimi vazirligi bilan hamkorlikda ishlar olib borilayotganligi, kelgusida umumiy oʻrta va oʻrta maxsus taʼlim muassasalarining yuqori sinflari uchun “Har kunlik huquq” yoʻnalishi boʻyicha darsliklar yaratilishi va nashr etilishi koʻzda tutilganligi taʼkidlandi.
Foydalanuvchilaridan birining “Taʼlim muassasalari va tibbiyot xodimlarini tibbiy koʻrikdan oʻtkazish uchun pul toʻlanadimi?” degan savoliga xodimlarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish davlat byudjeti hisobidan bepul amalga oshirilishi shartligi, agar bu borada qonunbuzarlik holatlariga yoʻl qoʻyiladigan boʻlsa, adliya xodimlariga murojaat qilish mumkinligi maʼlum qilindi.
Ikki soatdan ortiq davom etgan muloqot jarayonida kelib tushgan savollarga imkon qadar javoblar berildi. Biroq murojaatlar oqimining kattaligi va vaqt chegaralanganligi bois, muloqot davomida tilga olinmay qolgan savollarga fuqarolarning shaxsiy manziliga albatta javob yuborilishi, hech bir murojaat eʼtiborsiz qolmasligi alohida taʼkidlandi.
Loyiha aholining savollari, ularni tashvishga solayotgan masalalarni oʻrganishda, umuman xalq dardini tinglashda noanʼanaviy yoʻllarni oʻylab topish, xalq bilan muloqotni yangicha formatlarda yoʻlga qoʻyish zaruriyati mavjudligini koʻrsatdi.
Adliya vazirligi uchun ushbu loyiha yana bir jihati bilan ahamiyatlidir: muloqot davomida kelib tushgan murojaatlar aholi muammolarini aniqlash va xalqning real ahvolini his qilish uchun muhim manba boʻlib xizmat qiladi. Ushbu maʼlumotlar tizimlashtirilgan holda tahlil qilinib, natijalar va xulosalar kelgusida norma ijodkorligi sohasida eʼtiborga olinadi.
Jumladan, muloqot yakunlangach, vazirlik mutaxassislariga muloqot davomida kelib tushgan ayrim takliflar yuzasidan qonunchilikka oʻzgarishlar kiritish masalasini oʻrganish topshirigʻi berildi.
Vazirlik mazkur loyihani muntazam davom ettirishni rejalashtirgan.
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

Poytaxt sektor rahbarlari aholi muammolarini qay darajada hal eta olyapti?

Toshkentda ommaviy qabullar viloyatlardagi ommaviy qabullardan nimasi bilan farq qiladi?

«Oʻztransgaz» aholiga murojaat yoʻlladi

