| Toshkent |
UZ
Malibu•••
USD/UZS 11 990,54 −12,39 ↓EUR/UZS 13 136,84 −19,57 ↓RUB/UZS 146,24 −0,50 ↓
Jamiyat1 daqiqada oʻqiladi175 marta oʻqildi

Rossiyada boʻlib turgan Oʻzbekiston fuqarolari ogohlikka chaqirildi

Rossiya hududidagi vatandoshlarimizdan turli yolgʻon xabarlar va mish-mishlarga ishonmasliklarini, Rossiya-Qozogʻiston davlatlararo chegara punktlariga borishga urinmaslik, hozirgi yashash joylarida qolib, karantin choralariga qatʼiy rioya qilishlari soʻralmoqda.

Rossiyada boʻlib turgan Oʻzbekiston fuqarolari ogohlikka chaqirildi

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi axborot xizmati Oʻzbekistonning Rossiyadagi elchixonasiga tayanib xabar berishicha, soʻnggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlar va ommabop messenjerlarda Rossiya Federatsiyasi va Qozogʻiston Respublikasi oʻrtasidagi chegara ochilgani hamda Rossiyadagi Oʻzbekiston fuqarolari Qozogʻiston hududi orqali Vatanimizga qaytishlari mumkinligi haqidagi yolgʻon xabarlar tarqalmoqda. Bundan tashqari, yoʻlovchi tashish bilan shugʻullanadigan ayrim shaxslar Rossiya-Qozogʻiston chegarasiga odamlarni yetkazib qoʻyish va chegarani kesib oʻtishda “yordam berish”ni vaʼda qilib, turli eʼlonlar tarqatmoqda.

Oʻzbekistonning Rossiyadagi elchixonasi vatandoshlarimizdan bu kabi yolgʻon xabarlarga ishonmasliklarini soʻrab qoladi. Rossiya, Oʻzbekiston va Qozogʻistonda joriy etilgan karantin choralari, shu jumladan mamlakatlarga kirish boʻyicha cheklovlar oʻz kuchida qolmoqda.

Afsuski, shu kunlarda Samara viloyatidagi Bolshaya Chernigovka qishlogʻi, Orenburg viloyatidagi Buzuluk tumani va Sol-Iletsk shaharlarida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining yana toʻplanishi kuzatilmoqda. Ularning koʻpchiligi, yolgʻon xabarlarga ishonib, Rossiyaning turli hudularidan kelgan va Qozogʻiston orqali Vatanimizga qaytish istaginini bildirmoqda.

Koronavirus infeksiyasi tarqalayotgan bir paytda fuqarolarning bir joyda toʻplanishi ularning virus bilan kasallanish ehtimolini keskin oshiradi. Bunday holat ayniqsa qariyalar, kasallar, doimiy kasalligi bor fuqarolar uchun nihoyatda xavflidir.

Yana bir bor, Rossiya hududidagi vatandoshlarimizdan turli yolgʻon xabarlar va mish-mishlarga ishonmasliklarini, Rossiya-Qozogʻiston davlatlararo chegara punktlariga borishga urinmaslik, hozirgi yashash joylarida qolib, karantin choralariga qatʼiy rioya qilishlarini soʻrab qolamiz, deyiladi xabarda.

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

davaktiv.uze-auksion.uzBD terminalSOS 24
UZ