"Raqamli Toshkent" tizimi ikki yil davomida sinovdan oʻtkaziladi
Keyingi yillarda dunyoda “raqamli shahar” konsepsiyasi ommalashmoqda. Shu tajribadan kelib chiqib, “Raqamli Toshkent” tizimini joriy etish, uni ikki yil davomida sinovdan oʻtkazib, boshqa hududlarga esa tayyor dasturiy taʼminotlarni yetkazib berish rejalashtirilmoqda.

10 mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatimiz hayotining qator sohalarida amalga oshiriladigan loyihalar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qilgan.
Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili uchun qabul qilingan Davlat dasturida joriy yilda “Raqamli Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.
Keyingi yillarda dunyoda “raqamli shahar” konsepsiyasi ommalashmoqda. Shu tajribadan kelib chiqib, “Raqamli Toshkent” tizimini joriy etish, uni ikki yil davomida sinovdan oʻtkazib, boshqa hududlarga esa tayyor dasturiy taʼminotlarni yetkazib berish rejalashtirilmoqda.
Bugungi taqdimotda raqamli texnologiyalarni joriy qilish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berildi.
“Tibbiyot muassasalari pasporti”, “UzTrans”, turistlar hisobini yuritish boʻyicha “Ye-Mehmon” va boshqa axborot tizimlari yurtimiz aholisi hamda mehmonlariga katta qulaylik yaratdi.
Shavkat Mirziyoyev joriy yilda bolalar bogʻchasi, masofaviy taʼlim, shahar jamoat transportlari uchun yagona elektron chipta, qurilishni nazorat qilish, elektron tibbiyot kartasi kabi yangi dasturiy taʼminotlar ishlab chiqish va tatbiq etish boʻyicha topshiriqlar berdi.
Masalan, elektron tibbiyot kartasi joriy etilsa, shifokorlarning qogʻoz toʻldirishga ketadigan vaqti ancha qisqarib, aholi bilan ishlashi uchun koʻproq imkoniyat boʻladi.
Shu maqsadda Toshkent shahridagi 15 ta ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, 11 ta koʻp tarmoqli tibbiyot markazi hamda 62 ta poliklinika “Yagona elektron tibbiy karta” va “Elektron poliklinika” axborot tizimiga ulanib, xususiy klinikalar bilan integratsiya qilinadi. Bunday tizim boshqa soha va tarmoqlarda ham tatbiq etiladi.
Dasturiy mahsulotlar uzluksiz va samarali ishlashi uchun infratuzilma zarurligi qayd etilar ekan, barcha davlat muassasalarini yuqori tezlikda maʼlumot uzatish tarmogʻiga ulash, zamonaviy kompyuter texnologiyalari bilan taʼminlash vazifasi qoʻyildi.
Aholi, ayniqsa, yoshlar orasida raqamli koʻnikmalarni takomillashtirish, «Bir million dasturchi» loyihasini amalga oshirish belgilangan.
Telekommunikatsiya infratuzilmasi “raqamli shahar” konsepsiyasining asosi ekanligini hisobga olib, ikki yil mobaynida 1,5 mingdan ziyod ijtimoiy obʼyektni yuqori tezlikdagi internet bilan taʼminlash boʻyicha topshiriq berildi.
Prezident Toshkent shahar hokimligi tarkibida taʼlim, tibbiyot, uy-joy kommunal, transport, qurilish, kadastr va boshqa yoʻnalishlar boʻyicha alohida loyiha ofislari tashkil etish zarurligiga eʼtibor qaratdi. Bunday tuzilmalarda dasturchilar har bir soha mutaxassislari bilan birgalikda oʻsha sohaga mos dasturiy taʼminot yaratadi, ularni sinovdan oʻtkazib, hayotga tatbiq etadi. Zarur hollarda boshqa sohaga tegishli dastur bilan bogʻliqligini taʼminlaydi.
“Raqamli Toshkent” loyihasini moliyalashtirish masalalari ham koʻrib chiqildi. Bu jarayonda davlat-xususiy sheriklik asosida biznes doiralarning faol ishtiroki uchun sharoit yaratish kerakligi taʼkidlandi.
“Elektron hukumat” tizimi orqali koʻrsatilayotgan davlat xizmatlari sifatini oshirish, ularni elektron shaklga oʻtkazish ishlarini jadallashtirish hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini taʼminlash masalalariga ham toʻxtalib oʻtildi.
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

Oʻzbekiston Prezidentining Fransiyaga davlat tashrifi yakunlandi

Oʻzbekiston Prezidentining Fransiyaga davlat tashrifi yakunlandi

Poytaxt sektor rahbarlari aholi muammolarini qay darajada hal eta olyapti?

