Qurilish materiallari sanoatida amalga oshirilayotgan investitsion loyihalar
Yurtimizda barcha sohalarda erishilgan yutuqlarga nazar tashlash, sarhisob qilish anʼanaga aylanib ulgurdi. Shu oʻrinda iqtisodiyotimizning muhim jabhalaridan biri boʻlgan qurilish sohasida qilinayotgan ishlar, kecha va buguni haqida Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markaziy eksperti Alisher Xalmurzayev hamma uchun qiziq boʻlgan tahlillarini keltirdi.

Yurtimizda soʻnggi yillarda qurilish sohasiga alohida eʼtibor qaratib kelinmoqda. Qabul qilingan qator davlat dasturlari, sohani yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida Prezident farmon va qarorlari, ularning ijrosini taʼminlash, shuningdek, sohada olib borilayotgan islohotlarning samaradorligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qarorlari shular jumlasidan. Natijada yurtimizda bunyodkorlik ishlari keng avj olmoqda.
Shiddat bilan qad koʻtarayotgan ijtimoiy obʼyektlar koʻp qavatli turar joylar va umuman olib borilayotgan barcha turdagi bunyodkorlik ishlari oʻz oʻrnida sifatli qurilish mahsulotlariga boʻlgan talabni kuchaytirmoqda. Bugungi kunda sohaning asosiy yoʻnalishlaridan biri korxonalarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilanishga qaratilgan qurilish materiallari sanoatidagi tarkibiy oʻzgartirishlarni yanada chuqurlashtirish yuzasidan tizimli ishlarni amalga oshirishdir. Shuningdek, raqobatbardosh mahsulotlarni ishlab chiqarish va eksport qilish boʻyicha barqaror oʻsish surʼatlari taʼminlanmoqda.

Qurilish sohasiga oid islohotlar
Mamlakatimizda uy-joylar, yirik zavodlar, zamonaviy infratuzilma obʼyektlari qurilishi kengayib bormoqda. Tabiiyki, bunday katta hajmdagi ishlarni sifatli va oʻz vaqtida bajarilishida qurilish materiallariga boʻlgan talab ortadi. Shu bois, ushbu yoʻnalishdagi ishlarni toʻgʻri yoʻlga qoʻyish, yangi turdagi energiya tejamkor qurilish materiallar ishlab chiqarish, sohaga investorlarni keng jalb qilish orqali yirik loyihalarni amalga oshirish, tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash borasida tizimli ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Buning natijasida esa sohada jiddiy oʻzgarishlar kuzatildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 2 fevraldagi PQ-4198-sonli va 2019 yil 23 maydagi PQ-4335-sonli qarorlari qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish istiqbollari va strategiyasini belgilab berdi.
Tahlillarga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, ayni kunda yurtimizda 10 mingga yaqin qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyat yuritmoqda. Oʻtgan yillarda 120 turdagi qurilish materiallari ishlab chiqarilgan boʻlsa, bugungi kunda ularning soni 180 tadan oshadi.
Soha boʻyicha 2016 yilda 6 trln. 831 mlrd soʻmlik mahsulot ishlab chiqarilgan, 2019 yilda esa bu koʻrsatkich 16,8 trln soʻmga yetkazildi.
Taʼkidlash joiz, qurilish sohasida xususan, qurilish materiallarini ishlab chiqarishga investitsiyalarni keng jalb etish orqali mahsulot turlarini koʻpaytirish va sifatni oshirishga, eng muhimi bugungi kundagi ustuvor vazifa aholini ish bilan taʼminlash kabi vazifalar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2016 yilda 360 mln dollar investitsiya sohaga jalb qilingan boʻlsa, oʻtgan 2019 yilda ushbu koʻrsatkich 1 mlrd 332 mln dollarga yetkazildi. Uning 680,4 mln dollari xorijiy investitsiya va kreditlar hisobiga toʻgʻri keladi.
Olib borilayotgan ishlar va kiritilayotgan investitsiyalar mahsulot sifatini oshirish orqali sohaning eksport salohiyatini ham oshirmoqda. Bugunga kelib keramik plitkalar, santexkeramika mahsulotlari, gulqogʻoz, quruq qurilish aralashmalari, pishgan gʻisht, tabiiy toshdan yasalgan pardozbop plitalar, ohak, polipropilen quvurlar, deraza oynasi, fitinglar kabi qurilish materiallarini eksport qilmoqda. 2016 yilda 55,3 mln dollarlik mahsulotlar eksport qilingan boʻlsa, 2019 yilda 2,3 barobar koʻp qurilish materiallari jahon bozoriga chiqarildi.
Taʼkidlash joiz, Respublikada oxirgi 3,5 yilda amalga oshirilgan loyihalar natijasida, bugungi kunda keramik plitka, gipsokarton, shifer, sement, ohak, bazalt armaturasi, temir-beton mahsulotlari, bezakli oyna, devorbop va noruda materiallar kabi asosiy turdagi qurilish materiallari boʻyicha ichki talabni toʻliq qoplash va eksportga ushbu mahsulotlarni sotish imkoniga ega boʻlgan ishlab chiqarish quvvatlari yaratilgan. Birgina 2016 yilning oʻzida umumiy qiymati 153,2 mln dollar boʻlgan jami 21 ta loyiha amalga oshirilgan boʻlsa, 2019 yilda bu koʻrsatkich 42 taga yetkazildi. Hududlarda qurilish materiallari sanoatini yanada rivojlantirish borasida ham bir qator ishlar amalga oshirilyapti. Xususan, 2019 yilda jami 757 ta investitsiya loyihalari foydalanishga topshirildi.
Qurilishning asosi boʻlgan sement mahsulotini ishlab chiqarish borasida ham tizimli ishlar yoʻlga qoʻyilgan. Ayni paytda mamlakatimizda sement ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan 29 ta korxona boʻlib, ularning yillik quvvati yil oxiriga qadar 20 mln. tonnani tashkil qiladi. Bunda “Qizilqumsement”, “Ohangaronsement”, “Quvasoysement”, “Bekobodsement” aksiyadorlik jamiyatlari singari yirik ishlab chiqaruvchilarning hissasi katta. 2020-2021 yillarda yana 10 dan ortiq yangi sement zavodlarini ishga tushirish rejalashtirilgan. Mazkur korxonalar Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo, Toshkent, Andijon, Fargʻona va Namangan viloyatlarida tashkil etiladi.
Maʼlumotlarga koʻra, Jizzax viloyatida yillik ishlab chiqarish quvvati 4 mln. tonna boʻlgan eng yirik sement zavodi barpo etiladi. "UTD Holding" MCHJ QKni tashkil etish loyiha qiymati 400 mln. dollarni tashkil etadi. Hozirda bu yerda qurilish-montaj ishlari davom etmoqda. Viloyatda shuningdek, "Eko sement" MCHJ (yillik quvvati – 810 ming tonna), "Enter sement" MCHJ QK (yillik quvvati – 1 mln tonna), "Jizzax sement" MCHJ QK (1 mln tonna) kabi korxonalar faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.
Toshkent viloyatidagi “Ohangaronsement” AJ hududida ham ulkan sement zavodi qad rostlagan boʻlib, hozirda uskunalarni oʻrnatish ishlari olib borilmoqda. Umumiy qiymati 160 mln dollar boʻlgan ushbu loyiha amalga oshirilgach, yillik quvvati 2,4 mln tonna boʻlgan korxona joriy yili oʻz ishini boshlaydi. Eʼtiborlisi, bu yerda 400 ga yaqin yangi ish oʻrinlari yaratiladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasida ham 2020-2021 yillarda sement ishlab chiqarish boʻyicha umumiy qiymati 500 mln dollar boʻlgan investitsiya loyihalari ishga tushiriladi. Hududda umumiy quvvati 3 mln tonna boʻlgan 2 ta yangi zavod faoliyati yoʻlga qoʻyiladi. Bular, Qoraoʻzak tumanidagi "Qarataw Cement Plant" MCHJ XK va Beruniy tumanida joylashgan "Caris Karakalpak cement" MCHJ XKdir. Ayni damda yangi korxonalarni barpo etish ishlari jadal surʼatlarda olib borilyapti.
Shuningdek, Samarqand ("Hengyuan Sement” MCHJ KQ, “Marokand sement invest" MCHJ QK), Qashqadaryo ("Karshi konch sement" MCHJ XK), Andijon ("GRS building materials" MCHJ, "Rash milk" MCHJ, "Ishonchli posbon tekstil"), Namangan ("Pop sement" MCHJ, "Namangan Jingmingyang marerials buldings" MCHJ QK) va Fargʻona (“Jakob Pfeiffer” MCHJ QK, "Shaffof Sement Sanoat” MCHJ QK) viloyatlarida ham yangi sement zavodlarini qurish loyihalari amalga oshirilyapti.
Shu bilan birga “Qizilqumsement” AJ, “Bekobodsement” AJ, “Surxonsementinvest” MCHJ QK va “Fargʻona Yasin qurilish mollari” MCHJ QKlarida qoʻshimcha yangi quvvatlar yaratiladi. Eʼtiborli jihati shundaki, yangi sement zavodlari energiya tejamkor, muqobil energiya manbaida ham ishlaydigan, ekologiyaga taʼsiri kam boʻlgan texnologiyalar bilan jihozlanmoqda.
Keyingi yillarda sohani isloh qilish, korxonalar samaradorligi va salohiyatini oshirish boʻyicha koʻplab ishlar amalga oshirildi. Tarmoqdagi har bir korxona faoliyatini tanqidiy tahlil qilib, mahsulotlar sifatini oshirish, energiya tejamkor, innovatsion qurilish materiallari ishlab chiqarish hisobiga tannarxni pasaytirish boʻyicha topshiriq berildi. Korxonalarda “raqamli texnologiyalar”ni qoʻllash, inson hayoti uchun xavfli jarayonlarda avtomatizatsiya darajasida oshirildi. Qurilish materiallari sohasida yangi yoʻnalishlar rivojlantirilib, bunga xorijiy investorlar keng jalb qilindi. Yetakchi xorijiy davlatlar qurilish sohasining rivojlanish tendensiyasidan kelib chiqib, yangi qurilish materiallarini oʻzlashtirish va sohaga innovatsiyani jalb qilishga alohida eʼtibor qaratildi.
Yildan-yilga qurilish materiallariga boʻlgan talabning ortib borishini inobatga olib, joriy yilda arxitektura-qurilish oynasini 23 mln kv.m, sementni 14,5 mln, keramik plitkani 32 mln kv.m, sanitar-texnik buyumlarni 650 ming dona, issiqlik izolyatsiyasi materiallarini 67 tonna, 2,6 mln oʻram, gazobeton bloklarini 1 mln kub m.ga yetkazish rejalashtirilgan.
Yana bir narsani alohida taʼkidlash lozim, Joriy yilda mamlakatimizda shu kungacha ishlab chiqarilmagan: gazobeton bloklari, oboy, keramogranit, quyma pol, 600 markali sement, geosetka, penoblok, shisha kristallit, kompozit qurilish materiallari va DSP ishlab chiqarish oʻzlashtirildi. Yurtimizning drayver sohalaridan biri boʻlgan sanoat qurilish mahsulotlari sohasining bugungi kundagi tendensiyalari, uning Oʻzbekiston iqtisodiyotida tutgan oʻrni ham katta. Shu bois mazkur yoʻnalishdagi izlanishlar va rivojlanishlar jarayonlarini davomiy tarzda amalga oshirish ham katta vazifa va masʼuliyat hisoblanadi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Bosh ilmiy xodimi Alisher Xalmurzayev
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

Oʻzbekiston Prezidentining Fransiyaga davlat tashrifi yakunlandi

Oʻzbekiston Prezidentining Fransiyaga davlat tashrifi yakunlandi

Poytaxt sektor rahbarlari aholi muammolarini qay darajada hal eta olyapti?

