| Toshkent |
UZ
Malibu•••
USD/UZS 11 990,54 −12,39 ↓EUR/UZS 13 136,84 −19,57 ↓RUB/UZS 146,24 −0,50 ↓
Jamiyat3 daqiqada oʻqiladi90 marta oʻqildi

Qodiriya GES modernizatsiyasi: gidroenergetik quvvatlarni oshirish sari

29 iyul kuni Chirchiq-Boʻzsuv suv-energetik traktidagi “Qodiriya GESlar kaskadi” unitar korxonasi tarkibidagi Qodiriya GES (GES-3) da olib borilgan modernizatsiya jarayonlari yakunlari hamda ushbu GESning ishga tushirilishiga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi.

Qodiriya GES modernizatsiyasi: gidroenergetik quvvatlarni oshirish sari

Zamonaviy Oʻzbekistonda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan jadal va keng koʻlamli islohotlar qatorida mamlakatimiz energetika tarmogʻining ajralmas boʻgʻini hisoblangan gidroenergetika sohasida ham izchil islohotlar bosqichma-bosqich olib borilmoqda.

Mamlakatimiz gidroenergetika sohasining bosh tashkiloti hisoblangan “Oʻzbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati tomonidan soʻnggi yillarda investitsiyaviy loyihalar asosida yangi gidroelektr stansiyalarni qurish, uzoq yillardan buyon ishlab kelayotgan GESlarni zamon talablari asosida modernizatsiya qilish ishlari yuqori surʼatlarda olib borilmoqda.

Taʼkidlash joizki, “Oʻzbekgidroenergo” AJ tomonidan qayta tiklanuvchi elektr energiyasini ishlab chiqarish va realizatsiya qilish, istiqbolli va samarali loyihalar asosida investitsiya mablagʻlarini jalb qilish, rejali tartibda oʻzlashtirish, yangi gidrotexnik obʼyektlarni ekspluatatsiyaga topshirish, uzoq yillar mobaynida ishlab kelayotgan GESlarni modernizatsiya qilish, ishlab chiqarishdagi mahalliylashtirish jarayonlarini kengaytirish borasidagi ishlar qizgʻin ravishda amalga oshirilmoqda.

“Oʻzbekgidroenergo” AJ mamlakatimizning tabiiy suv resurslaridan samarali foydalanib, xalqimiz xonadonlaridagi yorugʻlik manbai barqarorligini, aholini qayta tiklanadigan, ekologik toza va arzon elektr energiyasi bilan uzluksiz taʼminlash jarayoniga munosib hissa qoʻshib kelmoqda.

Yurtimizda murakkab pandimiya sabab joriy etilgan qatʼiy karantin sharoitida ham, tizimli ishlar olib borilib, Jamiyat bilan hamkorlik qilayotgan XXR dan soha mutaxasislarning bir guruhi Qodiriya GES-3 modernizatsiyasiga jalb qilindi hamda hukumat yordami bilan Oʻzbekistonga yetib kelishdi. Bu esa oʻz navbatida, GESda rejaga binoan oʻz vaqtida modernizatsiya ishlarining tugallanishida muhim oʻrin tutdi. Shu oʻrinda, bu borada har tomonlama amaliy yordam koʻrsatgan Hukumatimizga, Tashqi ishlar hamda Investitsiya va tashqi savdo vazirligiga alohida minnatdorlimizni bildiramiz.

2020 yil 29 iyul kuni Chirchiq-Boʻzsuv suv-energetik traktidagi “Qodiriya GESlar kaskadi” unitar korxonasi tarkibidagi Qodiriya GES (GES-3) da olib borilgan modernizatsiya jarayonlari yakunlari hamda ushbu GESning ishga tushirilishiga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi.

Ushbu tadbirda “Oʻzbekgidroenergo” AJ rahbariyati, “Qodiriya GESlar kaskadi” UK masʼul vakillari hamda xorijiy mutaxassislar ishtirok etdi.

Qayd etish joizki, 1933 yilda qurilgan mazkur GESning oʻrnatilgan umumiy quvvati 13,2 MVt dan iborat. Qariyb 85 yildan buyon ishlab kelayotgan GESning 4 ta agregati ishlash quvvatini samaradorligini yoʻqotib, taʼmirga muhtoj boʻlib qolgan edi.

Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2017 yilda Qodiriya GES (GES-3) modernizatsiyasi boʻyicha tegishli qaror qabul qilinib, 2017 yilning dekabr oyida belgilangan loyiha asosida qurilish ishlari boshlab yuborilgan edi. Qariyb uch yil mobaynida GESda investitsiyaviy loyihalar asosida, bosqichma-bosqich modernizatsiya ishlari olib borildi.

Reja asosidagi modernizatsiya ishlari mobaynida GESda qurilish-montaj, texnik qurilmalarni yigʻish va oʻrnatish, ehtiyot qismlarni butlash ishlari izchillik bilan olib borildi.

Asosiy gidrotexnik jihozlar Xitoy Xalq Respublikasining yetakchi kompaniyasi “Dongfang Electric International Corporation” tomonidan ishlab chiqilgan boʻlib, ushbu texnik jihozlash, texnik qurilmalarni yigʻish, ehtiyot qismlarni butlash ishlari xorijiy va mahalliy malakali mutaxassislar tomonidan amalga oshirildi.

Loyihalashtirish ishlari tizim tashkiloti hisoblangan “Gidroproyekt” AJning malakali mutaxassislari tomonidan bajarildi. Yana bir tizim tashkiloti hisoblangan “Suvsanoatmash” AJ tomonidan modernizatsiya jarayonida ishlatiladigan zarur texnik jihozlar yetkazib berildi. Shuningdek, “Oʻzbekgidroenergoqurilish” AJ tomonidan oʻziga ajratilgan obʼyektlarda rejali tartibda, bosqichma-bosqich hamda izchil ravishda qurilish ishlari amalga oshirildi.

Modernizatsiya ishlari yakunlanganidan soʻng, GESning umumiy quvvati 15,34 MVt ga yetkazildi. GESning yillik oʻrtacha elektr energiyasi ishlab chiqarish koʻrsatkichi 124 mln.kVt.soatga yetkazilishi koʻzda tutilmoqda.

Alohida qayd etish joizki, Qodiriya GES (GES-3) modernizatsiyasi loyihasida tunu-kun tartibidagi ish jarayonlari tashkil etilib, ishchi-xodimlar tomonidan izchil va samarali faoliyat olib borildi. Ayniqsa, dunyo davlatlari qatori mamlakatimizda ham hukm surayotgan tahlikali va murakkab koronavirus pandemiyasi sharoitida “Oʻzbekgidroenergo” AJ va tizim tashkilotlarining fidoyi, matonatli faoliyatini alohida taʼkidlash lozim. Ushbu murakkab vaziyatda, soha mutaxassislari barcha karantin qoidalariga toʻla rioya qilgan holda, modernizatsiya ishlarini reja asosida yakunlash jarayonida bor kuch-gʻayratlarini ayamasdan, jonbozlik koʻrsatishdi.

Soha mutaxassislarining jonkuyarligi, fidoyiligi hamda samarali mehnatlari natijasida yurtimizning gidroenergetika salohiyati yanada yuksalmoqda.

Gidroenergetika sohasining taraqqiyoti mamlakatimizda elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish bilan birga, yangi GESlar qurilayotgan, modernizatsiya qilinayotgan gidrotexnik inshootlar joylashgan hududlar aholisining turmush farovonligini oshishiga, ishlab chiqarish subʼyektlarining elektr quvvatlari bilan taʼminlanishiga, tom maʼnoda, xalqimiz farovonligini ortishiga mustahkam zamin yaratadi.

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

davaktiv.uze-auksion.uzBD terminalSOS 24
UZ