Prezidenti huzurida Jamoatchilik palatasi tashkil etildi
Hududiy jamoatchilik palatasi jamoatchilik asosida ishlaydigan 21 nafar aʼzodan iborat boʻlib, ular hududlarda faoliyat olib borayotgan NNTlar, ilmiy doiralar, OAVlar va keng jamoatchilik vakillaridan shakllantiriladi.

16 aprel kuni “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Jamoatchilik palatasini tashkil etish toʻgʻrisida” Prezident Farmoni qabul qilindi.
Farmonga muvofiq, Prezident huzurida Jamoatchilik palatasi va har bir hududda uning boʻlimlari tashkil etiladi.
Fuqarolarning davlat va jamiyat ishlaridagi ishtirokini faollashtirishga hamda davlat-xususiy sheriklikning zamonaviy mexanizmlarini joriy etishga koʻmaklashish Jamoatchilik palatasi faoliyatining asosiy yoʻnalishlaridan biridir.
Jamoatchilik palatasi jamoatchilik asosida ishlaydigan 50 nafar aʼzodan iborat boʻlib, ularning:
18 nafari Prezident tomonidan tayinlanadi;
18 nafari mahalliy NNTlar, OAV va keng jamoatchilik vakillari taqdim etgan nomzodlar orasidan tanlab olinadi;
14 nafari hududiy jamoatchilik palatalari vakillaridan iborat.
Hududiy jamoatchilik palatasi jamoatchilik asosida ishlaydigan 21 nafar aʼzodan iborat boʻlib, ular hududlarda faoliyat olib borayotgan NNTlar, ilmiy doiralar, OAVlar va keng jamoatchilik vakillaridan shakllantiriladi.
Jamoatchilik palatasi va hududiy jamoatchilik palatalari aʼzolarining vakolat muddati – 3 yil.
Farmon bilan Prezident huzuridagi Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish boʻyicha maslahat kengashi va Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish markazi faoliyati tugatildi.
Shuningdek, “Mening fikrim” veb-portali Jamoatchilik palatasi tasarrufiga oʻtkazildi.
Jamoatchilik palatasi:
Prezident va Oliy Majlisi palatalariga fuqarolik jamiyatining holati va rivojlanish tendensiyalari toʻgʻrisida yillik milliy maʼruzalarni taqdim etadi;
Konstitutsiyaga oʻzgartirish hamda tuzatishlar kiritish toʻgʻrisidagi takliflar, mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga oid va jamoatchilikda alohida qiziqish uygʻotadigan oʻta muhim va dolzarb masalalarga doir qonun hujjatlari loyihalarini koʻrib chiqadi;
davlat organlariga qonunlarning, turli sohalardagi davlat dasturlarining ijrosi hamda ularning vakolatlariga kiradigan boshqa muhim masalalar yuzasidan tushuntirish berish talabi bilan Jamoatchilik palatasi soʻrovini yuborish huquqiga ega.
Jamoatchilik palatasi Raisi maqomiga koʻra vazirga, raisning birinchi oʻrinbosari va oʻrinbosarlari esa tegishlicha vazirning birinchi oʻrinbosari va vazir oʻrinbosarlariga tenglashtiriladi.
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

Poytaxt sektor rahbarlari aholi muammolarini qay darajada hal eta olyapti?

Toshkentda ommaviy qabullar viloyatlardagi ommaviy qabullardan nimasi bilan farq qiladi?

«Oʻztransgaz» aholiga murojaat yoʻlladi

