| Toshkent |
UZ
Malibu•••
USD/UZS 11 990,54 −12,39 ↓EUR/UZS 13 136,84 −19,57 ↓RUB/UZS 146,24 −0,50 ↓
Siyosat2 daqiqada oʻqiladi200 marta oʻqildi

Prezident videoselektor yigʻilishida bir qancha topshiriqlar berdi

Suv xoʻjaligi vazirligiga 2025 yilga qadar sohani toʻliq raqamlashtirish, jumladan, suvni nazorat qilish va hisobini onlayn tarzda yuritish boʻyicha dasturiy mahsulot ishlab chiqish yuzasidan koʻrsatmalar berildi.

Prezident videoselektor yigʻilishida bir qancha topshiriqlar berdi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23 iyul kuni videoselektor yigʻilishi oʻtkazdi. Yigʻilishda suvdan oqilona foydalanish masalalari haqida ham soʻz yuritildi.

Davlatimiz rahbarining shu yil 10 iyuldagi farmoni bilan tasdiqlangan Suv xoʻjaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga moʻljallangan konsepsiyasida bu boradagi barcha jihatlar belgilab berilgan. Jumladan, kanallarning foydali ish koeffitsiyentini oshirish hamda 2 million gektarda suv tejovchi, shundan 600 ming gektarda tomchilatib sugʻorish texnologiyasini joriy qilish hisobiga yiliga 7 milliard kub metr suvni iqtisod qilish koʻzda tutilgan. Shuningdek, raqamlashtirish hisobiga elektr energiyasi sarfini 2 milliard kilovatt soatga qisqartirish kabi koʻrsatkichlar belgilangan.

2021 yil yakunigacha 3 ming gektarda plantatsiya shaklida intensiv bogʻlar barpo etiladi

Suv xoʻjaligi vazirligi bu vazifalar ijrosini oʻz vaqtida taʼminlashi, xalqaro ekspertlarni jalb qilib, yangicha uslubda ishlashi zarurligi taʼkidlandi. 2025 yilga qadar sohani toʻliq raqamlashtirish, jumladan, suvni nazorat qilish va hisobini onlayn tarzda yuritish boʻyicha dasturiy mahsulot ishlab chiqish yuzasidan koʻrsatmalar berildi.

Prezidentimiz gʻalla yetishtirish yakunlariga toʻxtalib, shunday murakkab sharoitda ham dala mehnatkashlari omilkorlik bilan 6 million 400 ming tonnadan ortiq gʻalla hosili yetishtirganini taʼkidladi. Buning uchun barcha fermer, dehqon va klasterlarga xalqimiz nomidan chuqur minnatdorlik bildirdi.

Videoselektorda, shuningdek, gʻoʻza parvarishi boʻyicha agrotexnik tadbirlarni oʻz vaqtida oʻtkazish hamda takroriy ekinlar ekish masalalariga ham eʼtibor qaratildi.

– Umuman olganda, qishloq xoʻjaligini tubdan isloh qilish va sohada bozor iqtisodiyotini keng joriy etish boʻyicha tegishli qarorlar qabul qilinib, ustuvor vazifalar belgilab berilgan. Ularning ijrosi mamlakat oziq-ovqat xavfsizligiga, eng asosiysi, xalqimizning kayfiyati va turmush tarziga taʼsir koʻrsatadigan juda muhim masala, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Soha mutasaddilari va hokimlar topshiriqlar ijrosini tashkil etish, aytib oʻtilgan kamchiliklarni bartaraf qilish chora-tadbirlari yuzasidan axborot berdi.

Yigʻilish soʻngida davlatimiz rahbari yana bir bor pandemiya masalasiga toʻxtaldi:

- Yana bir marta xalqimizga murojaat qilib, iltimos qilmoqchiman. Oʻtgan davrda juda katta tajriba orttirdik. Keyingi paytlarda iqtisodiyotimizni tiklash uchun karantin tartibini yumshatdik, lekin kasallanganlar va oʻlimlar soni koʻpaygani bizni, albatta, katta tashvishga solmoqda.

Oʻzimizni, farzandlarimizni, aziz ota-onalarimizni asraylik. Faqat va faqat sogʻligʻimizni oʻzimiz asrab, oila aʼzolarimizni, qarindoshlarimizni sogʻligʻiga ogoh boʻlib, yigʻinlarni kamaytirib, karantin normalariga rioya qilsak, kasallikni jilovlab olamiz.

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

davaktiv.uze-auksion.uzBD terminalSOS 24
UZ