Prezident qurilish materiallari, avtomobilsozlik hamda oziq-ovqat sanoatlariga alohida eʼtibor qaratish boʻyicha koʻrsatmalar berdi
9 iyun kuni milliy iqtisodiyot barqarorligini taʼminlashga doir dolzarb masalalar muhokamasiga bagʻishlangan yigʻilishda sanoatni rivojlantirish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9 iyun kuni milliy iqtisodiyot barqarorligini taʼminlashga doir dolzarb masalalar muhokamasiga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi.

Yigʻilishda sanoatni rivojlantirish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi. Ayrim tarmoqlarda xomashyoni chuqur qayta ishlash va qoʻshimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishning yaxlit zanjiri yaratilmagani koʻrsatib oʻtildi.
Misol uchun, misni qayta ishlash 25 foiz, ipakchilikda 20 foizga ham yetmaydi. Tarmoqlararo kooperatsiya ham toʻliq yoʻlga qoʻyilmagan. Jumladan, elektrotexnika va qishloq xoʻjaligi sohalarida oʻzaro kooperatsiya hisobiga kamida 80 million dollarlik mahsulot tayyorlasa boʻladi. Yoki kimyo sanoati toʻqimachilik uchun sintetik tola va poliester, avtomobilsozlik hamda qurilish materiallari sohasiga kord va turli boʻyoqlar, oziq-ovqat sanoatiga aromatizatorlar yetkazib berishi mumkin.
Shu bois zamonaviy texnologiyalar transferini yoʻlga qoʻyish, tarmoqlarning energiya samaradorligi va raqobatdoshligini oshirishni nazarda tutuvchi Sanoat siyosati strategiyasini ishlab chiqish zarurligi taʼkidlandi.
Kimyo, toʻqimachilik, qurilish materiallari, avtomobilsozlik, elektr texnikasi hamda oziq-ovqat sanoatlariga alohida eʼtibor qaratish, davlat korxonalarini isloh qilish jarayonlarini jadallashtirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Mamlakatimizda kichik biznes iqtisodiyotning oʻsish nuqtasi etib belgilangan. Yigʻilishda tadbirkorlarga erkin raqobat muhitini yaratish uchun xususiy mulkchilikni himoya qilishga qaratilgan sud-huquq tizimini isloh etish zarurligi taʼkidlandi.
Yuqori texnologiyali tarmoqlarda kichik biznes hissasi kamligi qayd etilib, bunday subʼyektlarni davlat tomonidan ragʻbatlantirish mexanizmini ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi. Hududlarda kichik sanoat zonalari tashkil etish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Maʼlumki, kecha, 8 iyun kuni Prezidentimiz huzurida oʻtkazilgan taqdimot chogʻida raqamli texnologiyalarni tezkor rivojlantirish, ularni barcha tarmoqlarda keng joriy qilish vazifalari kelishib olingan edi. Bu boradagi ishlarni bugun belgilangan sakkizinchi ustuvor yoʻnalishga muvofiq tashkil qilish lozimligi koʻrsatib oʻtildi.
Yigʻilishda mutasaddi rahbarlar iqtisodiyotni rivojlantirish boʻyicha qisqa va oʻrta muddatda amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan oʻz takliflarini bildirdi.
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

Oʻzbekiston Prezidentining Fransiyaga davlat tashrifi yakunlandi

Oʻzbekiston Prezidentining Fransiyaga davlat tashrifi yakunlandi

Poytaxt sektor rahbarlari aholi muammolarini qay darajada hal eta olyapti?

