Prezident amaldagi karantin cheklovlarini uzaytirish taklifiga rozilik bildirdi
Kasallik yuqtirilishining oldini olish, oʻlim holatlarini keskin kamaytirish maqsadida Respublika maxsus komissiyasining amaldagi karantin cheklovlarini uzaytiriladi.

Ayni daqiqalarda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida navbatdagi videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtmoqda. Tadbir avvalida bugun mamlakatimiz pandemiyaga qarshi qanday kurash olib borayotganiga alohida toʻxtalib oʻtildi.
- Biz pnevmoniyani davolashda nafaqat oʻzimizning shifokorlar, balki videoaloqa orqali xorijdagi yetakchi mutaxassislarni konsultatsiya berishga jalb qilyapmiz, - dedi Shavkat Mirziyoyev. - Hozirgi vaqtda germaniyalik tibbiyot professori yurtimizga kelib, davolash jarayonlarida bevosita ishtirok etmoqda. Bugun Turkiyadan bir guruh professorlar yetib keladi. Boshqa davlatlardan ham eng tajribali mutaxassislarni jalb qilish boʻyicha ish olib boryapmiz.
Prezidentimizning qayd etishicha, bugungi kunda eng muhim vazifa aholi oʻrtasida virus zanjirini uzish hisoblanadi. Buning uchun karantin talablariga soʻzsiz amal qilish, ularning immunitetini mustahkamlash, sogʻligini asrab-avaylash, har bir insonning hayoti uchun kurashish zarur.
Shu munosabat bilan, shuningdek, kasallik yuqtirilishining oldini olish, oʻlim holatlarini keskin kamaytirish maqsadida Respublika maxsus komissiyasining amaldagi karantin cheklovlarini uzaytirish taklifiga rozilik bildirildi.
Bunda “Pandemiyaga qarshi kurash – har birimizning vijdon ishimiz”, “Oʻzim, oilam, farzandlarim sogʻligʻi uchun avvalo oʻzim javobgarman”, degan fikrlarni xalqimiz ongiga chuqur singdirish va amaliy hayot mezoniga aylantirish lozimligi taʼkidlandi.
Bugun pandemiyani jilovlashda hokimliklar, sektorlar, sogʻliqni saqlash, ichki ishlar idoralari rahbarlari va xodimlari, mahalla faollari, nuroniylar zimmasida juda katta masʼuliyat turibdi. Chunki aholining aksariyati, keksalar, bolalar, xotin-qizlar uyda oʻtirishga majbur. Ularning birinchi galdagi hayotiy ehtiyojlarini taʼminlash, tegishli tibbiy va boshqa yordam koʻrsatish aynan ana shu tashkilotlarga va faollarimizga bogʻliq.
- Barchamiz hamjihatlikda, chuqur masʼuliyat bilan tizimli ishlasak, bu ogʻir sinovlarni albatta yengamiz. Yana bir bor takrorlayman, bugungi kundagi eng muhim talab - barchamiz pandemiya sharoitida yashash va ishlashga oʻrganishimiz shart, - dedi, jumladan, Prezident Shavkat Mirziyoyev.
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

Oʻzbekiston Prezidentining Fransiyaga davlat tashrifi yakunlandi

Oʻzbekiston Prezidentining Fransiyaga davlat tashrifi yakunlandi

Poytaxt sektor rahbarlari aholi muammolarini qay darajada hal eta olyapti?

