Oʻzbekistonlik talabalari Xalqaro matematika olimpiadasida 10 ta medalni qoʻlga kiritdi
Yurtimiz talabalari Xalqaro matematika olimpiadasida (IMC- International Mathematical Competition) 2 ta oltin medal, 5 ta kumush medal, 3 ta bronza medal va 4 ta faxriy yorliqni qoʻlga kiritdi.

2020 yilning 25-30 iyul kunlari talabalar oʻrtasidagi Xalqaro matematika olimpiadasi (IMC- International Mathematical Competition) onlayn tarzda oʻtkaziladi. Bu haqda Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot kotibi Nazokat Abduqunduzova xabar qildi.
Ushbu olimpiadada 46 ta davlatdan 546 nafar talabalar ishtirok etdi. Jumladan, AQShning Massachusets texnologiyalar instituti (Massachusetts Institute of Technology), Stenford Universiteti (Stanford University), Nyu-York Universiteti (New York University), Merilend universiteti (University of Maryland), Karnegi Mellon Universiteti (Carnegie Mellon University), Rossiyaning Sankt-Peterburg davlat universiteti, Moskva Fizika-texnika instituti , Iqtisodiyot Oliy maktabi, Tel Aviv University, shuningdek, Isroil davlatining Bar Ilan University , Germaniyaning Rheinische Friedrich-Wilhelms-Universität Bonn, Universität Leipzig, Georg-August-Universität Göttingen, Buyuk Britaniyaning University of Cambridge, University College London, Imperial College London, University of Manchester, University of Warwick, University of Leeds va boshqa nufuzli universitetlardan talabalar ishtirok etishdi.

Talabalarning xalqaro matematika olimpiadalarida munosib ishtirok etishi va iqtidorli talabalarni saralash maqsadida Matematika instituti va Oʻzbekiston Milliy universiteti hamkorlikda tashkil etgan “Mathematical olympiads of Uzbekistan for University Students” nomli onlayn loyiha doirasida iyun oyining oxirida 1200 dan ortiq ishtirokchilar orasidan 17 nafar talaba saralab olindi. 2020 yilning aprel oyidan shu kunga qadar talabalarni Karim Raximov (OʻzMU), Abror Pirnafasov (Ruhr-Universität Bochum, Germaniya) va Hakimboy Egamberganov (Universite de Paris, Fransiya) xalqaro olimpiadalarga tayyorlashdi.
Ushbu olimpiadada Qarshi davlat universitetidan 1 nafar, Toshkent davlat iqtisodiyot universitetidan 1 nafar, Buxoro davlat universitetidan 2 nafar, Guliston davlat universitetidan 2 nafar va Oʻzbekiston Milliy universitetidan 11 nafar talaba 3 ta guruh boʻlib ishtirok etdi. Karim Raximov (OʻzMU) guruhlar rahbari, Gʻolib Botirov (Matematika instituti), Shohruh Ibragimov (OʻzMU) esa guruh rahbari oʻrinbosarlari sifatida qatnashdi. Talabalarimizning olimpiada ishtiroki uchun badal toʻlovi Matematika instituti huzuridagi Matematika fani va taʼlimini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hisobidan amalga oshirildi.
Olimpiada natijalariga koʻra, Guliston davlat universiteti talabasi Abdushukur Ahadov va Oʻzbekiston Milliy universiteti talabasi Shahzod Quroqboyev oltin medal, Oʻzbekiston Milliy universiteti talabalari Tolibjon Ismoilov va Maftuna Samatboyeva, Oʻzbekiston Milliy universiteti talabasi Jahongir Toʻrayev, Oʻzbekiston Milliy universiteti talabasi Jasurbek Imomov, Buxoro davlat universiteti talabasi Sobir Boymurodov kumush medal, Oʻzbekiston Milliy universiteti talabalari Nilufar Rajabova, Doniyor Yazdanov, Davrbek Oltiboyev bronza medal, Oʻzbekiston Milliy universiteti talabalari Jahongir Tursunov va Xurshid Turgʻunboyev, Guliston davlat universiteti talabasi Olimjon Jalilov, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti talabasi Abdumalik Abduqayumov faxriy yorliqqa sazovor boʻldilar.
Oʻzbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vazirligi matematika sohasida taʼlim olayotgan va ilmiy-tadqiqot bilan shugʻullanayotgan iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlashga masʼul organ sifatida mazkur xalqaro olimpiadada gʻolib boʻlgan talabalarni tabriklab, ularning oʻqituvchilari hamda ularni xalqaro olimpiadaga tayyorlagan jonkuyar ustozlar – Karim Raximov , Abror Pirnafasov va Hakimboy Egamberganovga oʻz minnatdorchiligini bildiradi
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

Poytaxt sektor rahbarlari aholi muammolarini qay darajada hal eta olyapti?

Toshkentda ommaviy qabullar viloyatlardagi ommaviy qabullardan nimasi bilan farq qiladi?

«Oʻztransgaz» aholiga murojaat yoʻlladi

