| Toshkent |
UZ
Malibu•••
USD/UZS 11 990,54 −12,39 ↓EUR/UZS 13 136,84 −19,57 ↓RUB/UZS 146,24 −0,50 ↓
Jamiyat1 daqiqada oʻqiladi

Oʻzbekistonlik oʻquvchi ilk bor Xalqaro biologiya olimpiadasida oltin medalni qoʻlga kiritdi

Xalqaro biologiya olimpiadasida oltin medalni Toshkent pediatriya instituti qoshidagi akademik litsey 2-bosqich oʻquvchisi Saida Valijonova qoʻlga kiritgan.

Oʻzbekistonlik oʻquvchi ilk bor Xalqaro biologiya olimpiadasida oltin medalni qoʻlga kiritdi

Xalqaro biologiya olimpiadasida oʻzbekistonlik oʻquvchilar oltin va kumush medallarni qoʻlga kiritdilar. Bu haqda Xalq taʼlimi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Yaponiya tomonidan tashkil qilingan IBO2020 Challenge — Xalqaro biologiya olimpiadasida 52 ta davlatdan 262 nafar ishtirokchi qatnashdi. Masofaviy tarzda oʻtkazilgan ushbu olimpiada natijalariga koʻra, Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi mamlakat tarixida ilk bor biologiya yoʻnalishida oltin medalni qoʻlga kiritdi.

Maʼlum boʻlishicha, ushbu natijani Toshkent pediatriya instituti qoshidagi akademik litsey 2-bosqich oʻquvchisi Saida Valijonova qayd etdi.

Shu bilan bir qatorda, olimpiadada Buxoro viloyati Qorakoʻl tumanidagi BDU akademik litseyi oʻquvchisi Ravshanbek Karimov hamda Jizzax pedagogika instituti akademik litseyining 2-bosqich oʻquvchisi Sardor Tojiboyev kumush medal sohibiga aylandi.

Maʼlumot uchun, 1997 yilda Oʻzbekiston uchun xalqaro olimpiadadagi ilk medalni biologlar qoʻlga kiritgan, bu bronza edi. 1998 yilda oʻzbekistonlik oʻquvchilar ikkita bronza, 1999 yilda bitta bronza, 2000 yilda ilk kumush medalni olib kelgan. Uzoq tanaffusdan soʻng 2019 yilda uchta bronza qoʻlga kiritilgan.

2019 yil 3 maydagi «Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi prezident qaroriga muvofiq xalqaro olimpiadalar gʻoliblari va ularning oʻqituvchilari bazaviy hisoblash miqdorining quyidagi miqdorlarida bir martalik pul mukofotlari bilan taqdirlanishi belgilangan:

  • 1-oʻrin (oltin medal) uchun — oʻquvchiga bazaviy hisoblash miqdori (hozirda 223 ming soʻm)ning 500 baravar (111,5 mln soʻm), oʻqituvchisiga — 450 baravar (100,35 mln soʻm);

  • 2-oʻrin (kumush medal) uchun — oʻquvchiga bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravar (66,9 mln soʻm), oʻqituvchisiga — 250 baravar (55,75 mln soʻm);

  • 3-oʻrin (bronza medal) uchun — oʻquvchiga bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravar (44,6 mln soʻm), oʻqituvchisiga -150 baravarida (33,45 mln soʻm).

Eslatib oʻtamiz, avvalroq, Oʻzbekistonlik oʻquvchilar Xalqaro kimyo olimpiadasi kumush va bronza medallarini qoʻlga kiritgandi.

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

davaktiv.uze-auksion.uzBD terminalSOS 24
UZ