| Toshkent |
UZ
Malibu•••
USD/UZS 11 990,54 −12,39 ↓EUR/UZS 13 136,84 −19,57 ↓RUB/UZS 146,24 −0,50 ↓
Jamiyat2 daqiqada oʻqiladi63 marta oʻqildi

Oʻzbekistonda SkillsPassport tizimi joriy etiladi

2021 yil 1 yanvardan boshlab «Ishga marhamat» monomarkazlari hamda kasb-hunarga oʻqitish markazlari bitiruvchilarining kasbiy malakasi WorldSkills standartlari asosida baholanadi.

Oʻzbekistonda SkillsPassport tizimi joriy etiladi

Prezident 11 avgust kuni mamlakatimizda kasb-hunarga oʻqitish sohasini yanada rivojlantirish toʻgʻrisidagi qarorni imzoladi.

Normaʼning yozishicha, hujjat asosida quyidagilar tashkil etiladi:

a) 2021 yil 1 yanvarga qadar – Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda «Ishga marhamat» monomarkazlari;

b) bir oy muddatda:

  • Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida Mehnat vazirligi tizimidagi kasb-hunarga oʻqitish markazlari;

  • poytaxt tumanlarida qisqa muddatli kasb-hunarga oʻqitish kurslari (Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda);

v) 2 oy muddatda – mahalla aholisini kasb-hunarga oʻqitish maskanlari (Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi bilan birgalikda).

2021 yil 1 yanvardan boshlab «Ishga marhamat» monomarkazlari hamda kasb-hunarga oʻqitish markazlari bitiruvchilarining kasbiy malakasi WorldSkills standartlari asosida baholanadi. Baholashdan muvaffaqiyatli oʻtgan bitiruvchilarga mamlakatimizda va xorijiy davlatlarda tan olinadigan Skills pasporti beriladi. Kasbiy malakasi tasdiqlangan bitiruvchilarning Yagona reyestri shakllantiriladi. Monomarkazlar hamda kasb-hunarga oʻqitish markazlari tomonidan berilgan hujjat hamda Skills pasporti oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi diplomi darajasiga tenglashtiriladi, biroq taʼlimning keyingi turini davom ettirish uchun asos hisoblanmaydi.

Parallel ravishda sohada xususiy sektorni faol rivojlantirish koʻzda tutilmoqda. Ragʻbatlantiruvchi choralar sifatida preferensiyalar joriy etilmoqda.

Davlat va nodavlat kasb-hunarga oʻqitish muassasalarida mehnat organlari yoʻllanmasi bilan yuborilgan ishsiz fuqarolarni oʻqitish xarajatlari Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan, boshqa fuqarolarni oʻqitish xarajatlari esa – quyidagi manbalar hisobidan qoplanadi:

  • fuqarolarning oʻz mablagʻlari;

  • oʻz ishchilarini kasbiy malakasini oshirish uchun (kasbiy oʻqitish, qayta oʻqitishga) yuborgan ish beruvchilar mablagʻlari;

  • yangi ishchilarni kasbga tayyorlash uchun buyurtma bergan tashkilotlar mablagʻlari;

  • qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

2020 yilda tajriba oʻtkaziladi, uning doirasida:

birinchidan, tadbirkorlik subʼyektlariga Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan quyidagilar berila boshlaydi:

a) quyidagi shartlar bilan (banklar orqali) mikrokreditlar:

  • nogironligi boʻlgan shaxslar uchun ish oʻrinlari yaratish – yaratilgan ish oʻrnida ular kamida bir yil ishlashlari kerak;

  • miqdori – har bir yaratilayotgan ish oʻrni uchun BHMning 25 baravarigacha, biroq jami har bir tadbirkorlik subʼyekti uchun BHMning 500 baravaridan oshmagan miqdorda;

  • muddati – 3 yil muddatga, bir yillik imtiyozli davr bilan;

  • stavkasi – MBning asosiy stavkasida (hozir – yillik 15 foiz);

b) ish oʻrinlari va sharoitlarini nogironligi boʻlgan shaxslarga moslashtirish uchun subsidiya – har bir moslashtirilayotgan ish joyi uchun BHMning 40 baravarigacha miqdorda;

ikkinchidan, Ishga layoqatli nogironligi boʻlgan shaxslarning elektron reyestri shakllantiriladi – unga kiritilgan shaxslarni boʻsh ish oʻrinlariga joylashtirishga koʻmaklashiladi;

uchinchidan, Mehnat vazirligi tizimidagi kasb-hunarga oʻqitish markazlarida ijtimoiy himoyaga muhtoj, ayniqsa, kam taʼminlangan va mehnat migrantlari oilalarining aʼzolari, nogironligi boʻlgan shaxslarni bepul oʻqitish kurslari tashkil etiladi.

Bundan tashqari, Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan har bir taʼlim oluvchi uchun bir oyda BHMning 4 baravaridan ortiq boʻlmagan miqdorda grantlar ajratiladi:

  • davlat yoki nodavlat kasb-hunarga oʻqitish muassasalariga – ishsiz va band boʻlmagan aholini, shuningdek «labor-migration» dasturiy majmuasida roʻyxatga olingan mehnat migrantlarini tadbirkorlik koʻnikmalari, xorijiy tillar va kasb-hunarga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish uchun;

  • tashkilotlarga – ishlab chiqarishning oʻzida oʻqitish uchun hamda «usta-shogird» maktablariga.

RF hududida mehnat faoliyatini olib borayotgan Oʻzbekiston fuqarolarini kasb-hunarga va rus tiliga oʻqitish tashkil etiladi. Xarajatlarni Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolarni qoʻllab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamgʻarmasi qoplaydi.

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

davaktiv.uze-auksion.uzBD terminalSOS 24
UZ