Oʻzbekistonda koronavirusning tarqalishini oldini olish maqsadida karantinga olish tartiblari eʼlon qilindi
Koronavirus tarqalgan davlatlardan toʻgʻridan-toʻgʻri yoki boshqa davlatlar orqali Oʻzbekistonga kirib kelayotganlarning barchasi, fuqaroligidan qatʼi nazar, majburiy karantinga olinadi. Karantindagi shaxslar tomonidan intizomni buzish holatlari kuzatilsa, qonuniy javobgarlikka tortish belgilangan.

1 martdan boshlab Oʻzbekistonga koronavirus COVID-19 kasalligining kirib kelishi va tarqalishining oldini olish boʻyicha tartiblar tasdiqlandi.
Tartibga muvofiq, epidemiya xavfi yuqori boʻlgan davlatda boʻlib, Oʻzbekistonga toʻgʻridan-toʻgʻri yoki boshqa davlatlar orqali kirib kelayotgan har qaysi davlat fuqarosi karantinga olinadi. Agarda, fuqarolar COVID-19 koronavirus kasalligi qayd etilmagan boshqa davlatlarda 14 sutkadan ortiq vaqt mobaynida istiqomat qilib, soʻngra Oʻzbekistonga kirib kelayotgan boʻlsa, ularga nisbatan karantin va cheklovlar joriy etilmaydi.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi axborotiga koʻra, oxirgi ikki hafta mobaynida Xitoy Xalq Respublikasi, Janubiy Koreya, Eron Islom Respublikasi, Italiya, Afgʻoniston Islom Respublikasi, Yaponiyada boʻlib, Oʻzbekistonga kirib keluvchi barcha fuqarolar karantinga olinadi.
Ammo ushbu tartibda istisno ham mavjud: rasmiy va hukumat delegatsiyalari aʼzolari, shuningdek, xizmat va diplomatik pasport egalari, aviakompaniyalar uchuvchilari va ekipaj aʼzolari, lokomotiv brigadalar, temir yoʻl transportining transport faoliyati bilan bogʻliq shaxslar va xalqaro avtoulovlarda yuk tashish bilan shugʻullanadigan haydovchilar qayd etilgan davlatda boʻlganda ham karantinga olinmaydi.
Karantinga olingan shaxslar 14 kun mobaynida jamiyatdan toʻliq ajratib olinadi. Karantin tugagandan keyin (shifoxonadan chiqqandan keyin), 10 kun mobaynida tibbiyot xodimi tomonidan telefon orqali soʻrash oʻtkazadi.
Xitoy, Janubiy Koreya, Eron, Italiya, Afgʻoniston, Yaponiya, Fransiya, AQSh, Germaniya, Singapur, Ispaniya, Gonkong, Makao, Tayvandan toʻgʻridan-toʻgʻri yoki boshqa davlatlar orqali uyushmagan holda kirib kelgan fuqarolar, agar oxirgi tashrifidan 14 kundan kam vaqt oʻtgan boʻlsa, uy karantiniga olinadi. Ular ikki hafta yashash joyida (uy, mehmonxona, yotoqxona va boshqa) doimiy ravishda izolyasiyada boʻlishi lozim, oila aʼzolaridan tashqari kishilar bilan muloqotda boʻlmasliklari, aholining ommaviy toʻplanadigan joylariga borishiga ruxsat etilmaydi.
Tailand, Ozarbayjon, Buyuk Britaniya, Malayziya, BAAdan kelgan fuqarolar, xususan, ekipaj aʼzolari, lokomotiv brigadalari, temiryoʻl transporti faoliyati bilan bogʻliq shaxslar va xalqaro avtoulovlarda yuk tashish bilan shugʻullanadigan haydovchilar yashash joylaridagi davolash-profilaktika muassasalari shifokorlari tomonidan 14 kun mobaynida tibbiy kuzatuvga olinadi. Ularga aholi ommaviy toʻplanadigan joylarga bormaslik, odamlar bilan muloqotni mumkin qadar kamaytirish tavsiya qilinadi.
Bahrayn, Kuvayt, Armaniston, Belarus, Ummon, Pokiston, Gruziya, Chexiya, Iroq, Livan, Kanada, Litva, Estoniya, Ruminiya, Gretsiya, Niderlandiya, Norvegiya, Avstriya, Daniya, Shvetsiyadan kelgan fuqarolarning sogʻlik holati yuzasidan esa distansion monitoring olib boriladi — agar ularning oxirgi tashrifidan 14 kundan kam vaqt oʻtgan boʻlsa, ulardan telefon orqali xabar olinadi. Ayni vaqtda, ularga ham aholi ommaviy toʻplanadigan joylarga bormaslik, odamlar bilan muloqotni kamaytirish boʻyicha tavsiyalar beriladi.
Karantindagi shaxslar tomonidan intizomni buzish holatlari kuzatilsa, qonuniy javobgarlikka tortish belgilangan. Masalan, ularning tartibbuzarligi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 54-moddasi («epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish») va Jinoyat kodeksining 195-moddasi («mansabdorlar tomonidan atrof tabiiy muhitning ifloslanishi oqibatlarini bartaraf qilish choralarini koʻrmaslik»), 257−1-moddasida («sanitariyaga oid qonun hujjatlarini yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish») nazarda tutilgan javobgarlikka sabab boʻladi.
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

Poytaxt sektor rahbarlari aholi muammolarini qay darajada hal eta olyapti?

Toshkentda ommaviy qabullar viloyatlardagi ommaviy qabullardan nimasi bilan farq qiladi?

«Oʻztransgaz» aholiga murojaat yoʻlladi

