Oʻzbekistonda kambagʻallik darajasini kamaytirish uchun Xitoy tajribasidan foydalanish taklif qilindi
Xitoyda kambagʻalikka qarshi kurashishda davlat boshqaruv apparati xodimlaridan jami 2,9 million davlat xizmatchilari kambagʻal qishloqlarga safarbar etilgan. Natijada, 800 million fuqaro kambagʻallikdan chiqarilib, Xitoyda kambagʻallik darajasining 94 foizga kisqarishiga olib keldi.

Koronavirus infeksiyasining jahon miqyosida tarqalishi va unga qarshi kurashishda dunyo mamlakatlari boʻylab insonlar haraktlanishiga cheklovlar va korxonalar faoliyatini toʻxtalishi kabi keskin choralar qoʻllanib kelinmoqda. Bu esa dunyo moliya bozorlarida xom-ashyo tovarlari narxining pasayishi va konʼyunkturaning yomonlashuvi, global ishlab chiqarish zanjirlari va savdo aloqalarining izdan chiqishi, global talabning keskin qisqarib ketishiga olib kelib jahon iqtisodiyotining inqirozga yuz tutishiga sabab boʻlmoqda.
Oʻzbekistonda kambagʻallik va uni qisqartirish yoʻllari
Jahon inqirozining darajasi va uning davomiyligi koʻpgina xalqaro moliya tashkilotlari tomonidan turlicha baholanib kelinmoqda. Jumladan, dunyoda nufuzli xalqaro moliya tashkilotlaridan biri boʻlmish Jahon bankining prognozlariga koʻra 2020 yilda global Yalpi ichki mahsulot 5,2 foizga, AQShda – 6,1 foizga, Rossiyada – 6 foizga, Yevropa Ittifoqida – 9,1 foizga tushishi kutilmoqda. Shu bilan birga, Xitoyda iqtisodiyot oʻsishi 1 foizga, Oʻzbekistonda – 1,5 foizga prognoz qilinmoqda.
Mamlakatimizda ham koronavirus pandemiyasining iqtisodiyotimizga salbiy oqibatlarini kamaytirishga soʻnggi oylarda hukumat tomonidan bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilib ijobiy natijalarga erishildi. Xususan:
10 trln.soʻm miqdoridagi mablagʻga ega boʻlgan Inqirozga qarshi kurashish fondi tashkil etilib, bugungacha mazkur fonddan jami 5,5 trln.soʻm miqdoridagi mablagʻlar, shundan 651,3 mlrd.soʻm sogʻliqni saqlash maqsadlariga yoʻnaltirildi.
Mol-mulk va yer soligʻini 59,8 mingta kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subʼyektlari 257,1 mlrd. soʻm toʻlashdan ozod etildi.
Ishlatilmayotgan yer uchastkalari va binolari uchun 20,3 mingta tadbirkorlik subʼyektlariga nisbatan yuqori stavkalar va peniyalarni qoʻllash vaqtincha toʻxtatildi.
Ijtimoiy soliq stavkasi 328,8 mingta mikrofirma va kichik korxonalar uchun amaldagi 12% dan 1% tushirildi.
Yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun ijtimoiy soliqning minimal summasi 50% gacha qisqartirildi.
Debitorlik kazdorligi mavjud boʻlgan 4022 ta eksportyor korxonalarga jarima sanksiyalarini qoʻllash toʻxtatildi.
Rahbarlarga kambagʻallikdan xalos etish rejasini ishlab chiqish topshirigʻi berildi
Ushbu choralarning oʻz vaqtida va samarali amalga oshirilishi evaziga iqtisodiyotimizning barqarorligini taʼminlashga erishildi va uning istiqboldagi rivojlanishiga zamin yaratilmoqda. Buning isbotini xalqaro moliya tashkilotlarining jahon iqtisodiyoti rivojlanishining istiqbollariga bagʻishlangan hisobotlarida keltirilayotgan prognozlarida ham koʻrishimiz mumkin.
Shu bilan birga koronavirus pandemiyasining global iqtisodiyotga taʼsiri va inqirozning oqibatlari hali bir necha yil davom etishi eʼtirof etilmoqda. Ushbu holatni inobatga olgan holda dunyo mamlakatlari tomonidan istiqboldagi rivojlanish va makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlashga qaratilgan dasturlar ishlab chiqilmoqda.
Oʻzbekistonda ham mamlakatimiz Prezidenti Sh.Mirziyoyev tomonidan joriy yilning 9 iyun kuni milliy iqtisodiyotimizning barqarorligini taʼminlash va uning istiqboldagi rivojlanishini belgilashga doir dolzarb masalalar muhokamasiga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazildi.
Yigʻilishda davlatimiz rahbari tomonidan iqtisodiy yondashuvni tubdan oʻzgartirib, yangi mexanizm va instrumentlarni qoʻllash lozimli taʼkidlandi. Bundan tashqari, iqtisodiyotimiz joriy yil 2,2 foizga oʻsishiga erishish uchun barcha imkoniyatlar mavjudligi belgilab oʻtildi.
Shu bilan birga mamlakatimiz iqtisodiy barqarorligini joriy yil oxirigacha va keyingi yilda taʼminlash maqsadida 8 ta asosiy yoʻnalishda kompleks chora-tadbirlarni jadal tarzda amalga oshirish rejalashtirildi.
Yil soʻngiga qadar 145 ming nafar kambagʻal aholi ishga joylashtirish rejalashtirilmoqda
Jumladan:
– Iqtisodiyot va byudjet barqarorligini taʼminlash zaruriyati belgilanib, mazkur yoʻnalishda byudjet tushumi va xarajatlarini qayta koʻrib chiqish, yil yakuni bilan byudjet defitsitini 3,5 foiz miqdorida taʼminlash ustuvor vazifa etib belgilandi. Bundan tashqari, davlat tashqi qarzi 2019 yil boshidan 7 milliard dollar, yalpi ichki mahsulotga nisbatan 29 foiz oshgani sababli xavf-xatarlarni oldini olish uchun yangi qarz bitimlarini tuzishda belgilangan cheklovdan, yaʼni byudjet toʻgʻrisidagi qonunda belgilangan 4 milliard dollardan oshirmaslik taʼkidlandi;
– Iqtisodiy barqarorlikni taʼminlash uchun korxonalar faoliyatini qayta tiklash va soliq maʼmurchiligini yaxshilash hisobiga qoʻshimcha daromadlar olish hamda davlat qarzi hisobiga amalga oshirilayotgan loyihalarni aniq baholash mezonlari va kafolatli qaytarishning samarali mexanizmlarini joriy etish vazifasi belgilandi;
– Kambagʻallikka qarshi kurashish va aholi bandligini taʼminlash yoʻnalishida joriy yilda 810 mingta doimiy ish oʻrnini qayta tiklash, 310 ming yangi doimiy va 633 mingta mavsumiy ish oʻrni yaratish vazifasi belgilandi. Shu bilan birga, oʻzini-oʻzi band qilish turlari sonini 24 tadan 67 taga koʻpaytirilishi evaziga kamida 100 mingta yangi ish joylarini tashkil etilishi zaruriyati taʼkidlandi;
– Xitoy tajribasidan kelib chiqib, kambagʻallik darajasi yuqori boʻlgan qishloqlarga vazirlik va idoralarni biriktirish va koʻmaklashish tizimini joriy etilishi belgilandi. Bundan tashqari, davlat granti hisobiga tahsil olgan talabalarni 3 yil muddatga ushbu hududlarga mehnat faoliyati uchun yoʻnaltirish tizimini tatbiq etish vazifasi qoʻyildi.

Oʻzbekistonda kambagʻallik darajasi. Kambagʻallikni kamaytirish uchun nima qilish kerak?
Xitoyda kambagʻalikka qarshi kurashishda davlat boshqaruv apparati xodimlaridan jami 2,9 million davlat xizmatchilari kambagʻal qishloqlarga safarbar etilgan. Natijada, 800 million fuqaro kambagʻallikdan chiqarilib, Xitoyda kambagʻallik darajasining 94 foizga kisqarishiga olib keldi. Bu esa jahon miqyosida qashshoqlikdan chiqarilgan aholining 70 foizini tashkil etadi. Xitoyda 2020 yilga kelib kambagʻallikga butkul barham berish vazifasi qoʻyilgan.
– Bank tizimida islohotlarni jadallashtirish yoʻnalishida davlat ulushiga ega boʻlgan 10 ta banklarda transformatsiya jarayonlarini izchillik bilan amalga oshirish va anti-inflyasion siyosat bilan uygʻunlashgan foiz stavkalarini tushirish boʻyicha aniq mexanizmini joriy etish belgilandi;
– Toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar oqimi baqarorligini taʼminlash yoʻnalishida joriy yilda jami investitsiyalar hajmini oʻtgan yilga nisbatan kam boʻlmasligini taʼminlash, ayniqsa, xorijiy investitsiyalar hajmini 6,7 milliard dollarga yetkazish vazifasi quyildi;
– Qurilish sohasining oʻsish suratini oʻtgan yilga nisbatan kamida 5 foizga oʻsishini taʼminlash, bunda ichimlik va oqova suv tarmoqlarini, avtomobil yoʻllari hamda ijtimoiy soha obʼyektlarini qurish boʻyicha dasturlarni urbanizatsiya va hududlardagi sanoat salohiyati bilan oʻzaro hamohang holda amalga oshirilishini taʼminlash belgilandi;
– Eksport salohiyatini oshirish va valyuta tushumlarini taʼminlash yoʻnalishida eksport salohiyatini oshirish boʻyicha Respublika komissiyasining eksportyor korxonalarga koʻmaklashish faoliyatini jadallashtirish vazifasi taʼkidlandi. Shuningdek, pandemiya sharoitida chet el bozorlarida talab oshayotgan eksport tovarlarning yuklab joʻnatilishi jarayonlarini keskin soddalashtirish va vaqtini qisqartirish, eksport savdosini moliyalashtirishning yangi mexanizmlarini joriy etish taʼkidlandi. Bundan tashqari, eksporter korxonalarning meva-sabzavot mahsulotlarini sotib olish uchun olingan naqd pul shaklidagi kreditlarini qaytarish muddatlarini 180 kungacha uzaytirish kabi choralarni amalga oshirish belgilandi;
– Ushbu vazifalarni amalga oshirish natijasida tashqi talabning keskin kamayishini inobatga olgan holda mamlakatimiz eksport hajmini joriy yilda ham oʻtgan yilgi 17 milliard dollardan kam boʻlmagan miqdorda taʼminlash taʼkidlandi.
Sanoat tarmogʻining raqobatbardoshligini oshirish. Ishlab chiqarish yaxlit zanjirini yaratish va yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulot chiqarish sanoat tarmoqlarida toʻliq joriy etilmagan. Faqatgina paxta klasterlarida bu yoʻnalishda maʼlum natijalarga erishilib kelinmoqda.
– Kimyo sanoatida toʻqimachilik uchun sintetik tola, poliester, avtomobil va qurilish materiallari tarmoqlariga kord va turli boʻyoqlar, oziq-ovqat sanoatiga aromatizatorlar yetkazib berish imkoniyatlari mavjudligi takidlandi;
– Sanoat tarmoqlarida koopreatsiyani rivojlantirish imkoniyatlari va sohada raqobatbardoshlik darajalarini oshirish zaruriyatini inobatga olgan holda zamonaviy texnologiyalar transferini yoʻlga qoʻyish, tarmoqlarning energiya samaradorligini va raqobatdoshligini oshirishni nazarda tutuvchi Sanoat siyosati strategiyasini ishlab chiqish vazifasi belgilandi.
Bunda, alohida eʼtibor kimyo, tekstil, qurilish materiallari, avtomobil va elektrotexnika hamda oziq-ovqat sanoati sohalariga qaratish lozimligi taʼkidlandi. Shuningdek, xalqaro mezonlar asosida respublika energiya balansini ishlab chiqish vazifasi quyildi.
– Ushbu choralarni samarali amalga oshirish evaziga joriy yilda sanoat tarmoqlarini 3,5 foizga oʻsishni taʼminlash imkoniyati mavjudligi taʼkidlandi;
Kichik biznesni iqtisodiyotning oʻsish nuqtasiga aylantirish maqsadiga erishish. Bugungi kunda mamlakatimizda kichik biznesning yuqori zamonaviy texnologiyali tarmoqlarda hissasi pastligi taʼkidlandi. Ushbu yoʻnalishda yuqori texnologiyalarga ega kichik biznesni davlat tomonidan ragʻbatlantirish mexanizmlarini joriy etish vazifasi belgilandi.
– Xususiy tadbirkorlikning yirik sanoat korxonalari va boshqa xususiy tadbirkorlik korxonalari bilan oʻzaro kooperatsiya darajalarini oshirishga zamin yaratish, kichik biznes subʼyektlariga ulgurji va chakana savdo bilan shugʻullanishga keng imkoniyatlarini soddalashtirish, jumladan chakana savdo va xismat koʻrsatishda kredit olish shartlarini yengillashtirishni joriy etish vazifasi qoʻyildi;
– Shuningdek, aholisi 10 mingdan ziyod boʻlgan hududlarda kichik sanoat zonalarini tashkil etish zarurligi taʼkidlandi;
– Bundan tashqari, tadbirkorlarga erkin raqobat muhitini yaratish uchun xususiy mulkchilikni himoya qilishga qaratilgan sud-huquq tizimini isloh etish boʻyicha ishlarni jadallashtirish lozimligi belgilandi;
Raqamli texnologiyalarni barcha tarmoqlarda keng joriy qilish boʻyicha birlamchi navbatda ijtimoiy soha tarmoqlarida, jumladan, xalq taʼlimi muassasalarining 70 foizi, maktabgacha taʼlim va sogʻliqni saqlash muassasalarining 100 foizini yuqori tezlikdagi internet tarmogʻi bilan taʼminlash vazifasi qoʻyildi.
Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida joriy yil yakunigacha 50 ta yangi xizmat turini joriy etish va 2021 yilda qoʻshimcha 60 ta yangi xizmat turini joriy etish rejalashtirilgan.

– Barcha davlat boji va yigʻimlarni toʻlashni yagona elektron billing toʻlov tizimi orqali amalga oshirishni joriy etish, litsenziya va ruxsatnoma berish xizmatlarini 50 foizini raqamli formatga oʻtkazish, «Raqamli litsenziya» tizimini modernizatsiya qilish lozimligi taʼkidlandi.
– Bundan tashqari, axbrot-kommunikatsiya xizmatlari hajmini 8 foizga, dasturiy taʼminot mahsulotlari hajmini – 20 foizga oshirish vazifalari belgilandi.
Xulosa qilib aytganda, belgilangan 8 ta ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni sifatli va oʻz vaqtida amalga oshirilishi, jahon iqtisodiyotida global inqirozning tobora chuqurlashib borishi sharoitida milliy iqtisodiyotimizni joriy yil yakunlarida barqaror oʻsishini va keyingi yillarda iqtisodiy oʻsish surʼatlarini yanada jadallashib borishiga zamin yaratadi.
Xurshid Asadov,
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Sektor mudiri
Manba: Yangi Oʻzbekiston gazetasi 110-son, 2020 yil 18 iyun
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

Oʻzbekistonda davlat organlari va hududlar uchun korrupsiya hamda yashirin iqtisodiyot reytingi ishga tushiriladi

UZ V Uzbekistane zapuskayetsya reyting korrupsii i tenevoy ekonomiki dlya gosorganov i regionov

Infografika: Oʻzbekistonning 2020 yil yanvar-sentyabr oylarida MDH davlatlari bilan savdo aloqasi

