Oʻzbekistonda ilk bor onlayn poliklinika ishga tushirildi
Oʻzbekistonda ilk marta “Shifokordan soʻrang” onlayn poliklinikasi sinov tariqasida ishga tushirildi. Ushbu onlayn xizmatdan Oʻzbekiston Respublikasining har bir fuqarosi foydalanish imkoniyatiga ega boʻlib, karantin tadbirlari davrida mutlaqo bepul.

Oʻzbekistonda ilk marta “Shifokordan soʻrang” onlayn poliklinikasi sinov tariqasida ishga tushirildi. Sogʻliqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan “AskDoctor” kompaniyasi va UZINFOCOM Yagona integratori oʻzaro hamkorlikda ishlab chiqilgan mazkur loyiha oʻzbek va rus tillarida faoliyat yuritadi.
Ushbu loyihadan foydalanish uchun www.AskDoctor.uz veb-saytida roʻyxatdan oʻtish kerak. Buning uchun aloqa maʼlumotlarni kiritib, telefon raqam orqali tasdiqlash lozim boʻladi. Soʻngra tegishli yoʻnalish boʻyicha shifokor va qulay boʻlgan aloqa usullaridan (chat, audio yoki video) birini tanlash lozim.
Oldindan yoki muloqot paytida anketalar, kasalxonadan chiqqanligi toʻgʻrisidagi hujjatlar, yaʼni, shifokorga tavsiyalarni tayyorlashda yordam beradigan maʼlumotlar tasvirini yuklashingiz mumkin. Shifokor maslahatidan soʻng telefoningizga tavsiya yozilgani toʻgʻrisidagi xabar keladi. Uni saytning shaxsiy kabineti orqali yuklab olish mumkin. Taʼkidlash joizki, loyiha maqsadidan kelib chiqqan holda, onlayn maslahatlar faqat tavsiya xarakteriga ega.Chunki shifokor masofadan turib, tahlil olish, harorat, bosim va pulsni oʻlchash kabi harakatlarni amalga oshira olmaydi.
Ushbu onlayn xizmatdan Oʻzbekiston Respublikasining har bir fuqarosi foydalanish imkoniyatiga ega boʻlib, karantin tadbirlari davrida mutlaqo bepul. Xizmatdan foydalanish uchun maxsus dasturlarni oʻrnatish talab etilmaydi va Internet brauzeriga ega har qanday qurilma (smartfon, planshet, noutbuk, kompyuter) orqali foydalanish mumkin. Brauzer sozlamalarida saytning mikrofon va vebkamera qurilmalaridan foydalanishiga ruxsat berilishiga alohida ahamiyat berish kerak.
Sifat va xavfsizlik borasida toʻxtaladigan boʻlsak, onlayn poliklinikaning barcha mutaxassislari Sogʻliqni saqlash vazirligida qoʻshimcha sinovdan oʻtgan yuqori malakali shifokorlar (shu jumladan, professorlar) hisoblanadi. Tez orada uyda boʻlgan va tibbiy maslahatlarni taqdim etish uchun texnik imkoniyatga ega shifokorlarni ham jalb qilish funksiyasi ishga tushiriladi.
Bundan tashqari, ushbu saytda maqolalar, tavsiyalar va tibbiy ensiklopediya ham mavjud boʻlib, shifokor bilan onlayn maslahatlashuvdan oldin oʻzingizni qiziqtirgan savollaringizga javob topishingiz mumkin.
Toʻsatdan paydo boʻlgan ogʻriq va kasallik alomatlari paytida diqqatni jamlash juda qiyin boʻlishini hisobga olgan holda, www.askdoctor.uz saytida oldindan roʻyxatdan oʻtish tavsiya qilinadi.
Shuningdek, mamlakatimizdagi noqulay sanitariya-epidemiologik vaziyat davrida shifokorlar maslahati bepul ekanligini inobatga olib, shifokorlar bilan muloqot soʻzlashuv madaniyatiga rioya qilgan holda, haqorat va tahdidlarsiz oʻtishi lozim. Shuni bilingki, onlayn maslahat toʻliq davolanish hisoblanmaydi. Zarur holda shifokor-konsultant tez yordam chaqirishi yoki shifokor koʻrigiga yoʻnaltirishi mumkin.
Eslatib oʻtamiz, ushbu loyiha qisqa fursatlarda ishga tushirilib, maʼlum bir muddat sinov tariqasida faoliyat yuritadi. Ushbu davrda texnik nosozliklar yuzaga kelishi va matnda xatoliklar kuzatilishi mumkin. Shu bilan birga, ayni paytda shifokorlar soni kam boʻlganligi bois murojaatchilar koʻpayib, konsultantlar band boʻlgan taqdirda, birozdan soʻng qayta murojaat qilib koʻrish tavsiya etiladi.
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

Poytaxt sektor rahbarlari aholi muammolarini qay darajada hal eta olyapti?

Toshkentda ommaviy qabullar viloyatlardagi ommaviy qabullardan nimasi bilan farq qiladi?

«Oʻztransgaz» aholiga murojaat yoʻlladi

