| Toshkent |
UZ
Malibu•••
USD/UZS 11 990,54 −12,39 ↓EUR/UZS 13 136,84 −19,57 ↓RUB/UZS 146,24 −0,50 ↓
Jamiyat1 daqiqada oʻqiladi87 marta oʻqildi

Oʻzbekiston koronavirusga qarshi emlash dasturiga qoʻshildi

JSST portfelida koronavirusga qarshi 9 ta vaksina mavjud ekani aytilmoqda.

Oʻzbekiston koronavirusga qarshi emlash dasturiga qoʻshildi

Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmatining xabar qilishicha, kuni kecha Jenevada boʻlib oʻtgan brifingda Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti bosh direktori Tedros Gebreyesus koronavirusga qarshi vaksina ishlab chiqish va tarqatish boʻyicha “COVAX” xalqaro mexanizmiga 172 davlat qoʻshilgani toʻgʻrisida maʼlum qilgan. Ayni paytda JSST portfelida koronavirusga qarshi 9 ta vaksina mavjud ekani aytilmoqda.

Yana bir yangilik, JSST va uning Yevropa mintaqaviy byurosining faol aʼzosi sifatida Oʻzbekiston ham tashkilotning koronavirusga qarshi emlash dasturiga qoʻshildi. Maʼlum qilinishicha, tashkilot barcha vaksina ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlik qiladi. Ushbu mexanizm barcha aʼzo mamlakatlarning litsenziyalangan va tasdiqlangan vaksinalardan teng foydalanishni taʼminlashga qaratilgan.

Maʼlumot uchun, Oʻzbekiston JSST Yevropa mintaqaviy byurosiga aʼzo boʻlgan 53 davlatdan biri boʻlib, tashkilot bilan koʻp tomonlama hamkorlik qilib keladi. Tashkilotning 69-sessiyasida uning direktorligiga saylangan doktor Xans Klyuge oʻzining ilk rasmiy xorijiy tashrifini 2020 yil 10 fevral kuni aynan Oʻzbekistondan boshlaganini alohida taʼkidlash lozim.

Shuningdek, 2019 yilning 20 may kuni boʻlib oʻtgan JSSTning oliy organi Jahon sogʻliqni saqlash assambleyasining 72-sessiyasida Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov Jahon sogʻliqni saqlash assambleyasining JSST Yevropa mintaqasi boʻyicha vitse-prezidenti etib saylangan.

Ushbu keng koʻlamli hamkorlik ayni vaqtda koronavirusga qarshi kurash masalasini ham qamrab olgan. Hozirda JSST Yevropa mintaqaviy byurosining vaqillari Oleg Storojenko va Tanya Shmid yurtimizda boʻlib, koronavirusga chalingan bemorlarni davolash jarayonlarida bevosita ishtirok etmoqda.

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

davaktiv.uze-auksion.uzBD terminalSOS 24
UZ