| Toshkent |
UZ
Malibu•••
USD/UZS 11 990,54 −12,39 ↓EUR/UZS 13 136,84 −19,57 ↓RUB/UZS 146,24 −0,50 ↓
Tahlil3 daqiqada oʻqiladi183 marta oʻqildi

Oʻzbekiston YeOIIga aʼzo boʻlishining farmatsevtika tarmogʻiga taʼsiri

Oʻzbekiston YeOIIga aʼzo boʻlsa, mamlakatimizda ishlab chiqarilgan va Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridan import qilinadigan dori-darmon va farmatsevtika mahsulotlariga narxlarning pasayishi, sifatsiz dori-darmonlar ulushining kamayishi seziladi. Shu bilan birga uchinchi mamlakatlardan olib kirilayotgan dorilar narxlarining oshishi ham kuzatiladi.

Oʻzbekiston YeOIIga aʼzo boʻlishining farmatsevtika tarmogʻiga taʼsiri

Oʻzbekistonda farmatsevtika sohasi 1993 yildan shakllanishni boshladi. Oʻsha yili Oʻzkimyofarm zavodi va Vaksinalar ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasini oʻz ichiga olgan "Oʻzfarmsanoat" davlat konserni tashkil etildi.

Hozirgi kunda mahalliy dori-darmon ishlab chiqarishni koʻpaytirish boʻyicha uzoq muddatli strategiya mavjud boʻlib, davlat eng zarur dori preparatlari, infuzion eritmalar, vaksinalar, qon preparatlari, bir marta ishlatiladigan qon quyish tizimlari va qon oʻrnini bosadigan mahsulotlar ishlab chiqarishda ichki ehtiyojni taʼminlash siyosatini amalga oshirib kelmoqda. Shuningdek, dori vositalarini ishlab chiqarishning xalqaro standartlari tadbiq etilmoqda.

2017 yildan boshlab mazkur sohani yanada rivojlantirishga eʼtibor kuchaydi va dori vositalari ishlab chiqaruvchilar 5 yil davomida barcha soliqlarni toʻlashdan ozod etilishi belgilab qoʻyildi.

Shuningdek, yangi ishlab chiqarish kuchlarini tashkil etish va mavjudlarini rekonstruksiya qilish boʻyicha loyihalarni amalga oshirayotgan kompaniyalar texnologik asbob-uskunalarni olib kirishda barcha bojxona toʻlovlarini toʻlashdan ozod qilindi. Xuddi shu yili Oʻzbekiston Prezidentining “Dorivor oʻsimliklarni yetishtirish va ularni maxsus tabiiy sharoitlarda qayta ishlashga ixtisoslashgan yettita erkin iqtisodiy zonani tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Natijada, mamlakatimiz farmatsevtika tarmogʻiga sarmoyalar koʻlami oshib borishiga huquqiy zamin yaratildi.

Oʻzbekistonda farmatsevtika kompaniyalari soni 1994 yilda 2 ta, 2002 yilda 68 ta, 2012 yilda 130 ta boʻlgan boʻlsa, bugungi kunda ularning soni 191 taga yetib, mazkur korxonalarda 2500 dan ortiq turdagi farmatsevtik mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda.

Jumladan, 2018 yil mobaynida ishlab chiqarilgan mahsulotlarning umumiy qiymati 200 million dollarni tashkil etgan boʻlib, shundan 20,3 million dollarlik mahsulot eksport qilingan. Oxirgi yillarda ichki ishlab chiqarishdagi oʻsish koʻrsatkichi oʻrtacha 20 foizdan yuqorilagan.

Ichki ishlab chiqarishda dori vositalari va tibbiy buyumlarning salmogʻi katta boʻlib, ishlab chiqarish quyidagi asosiy yoʻnalishlarga ega:

a) 2018 yil yakunlari boʻyicha 179 million dollarlik dori vositalari ishlab chiqarilgan. 6,4 mln dollarlik dori vositalari esa eksport qilingan. Bu sohadagi korxonalarning 40-60 foiz quvvat bilan ishlayotganini hisobga olsak dori vositalari yoʻnalishi boʻyicha yuqori eksport potensiali mavjud.

b) 2018 yil yakunlari boʻyicha 17,2 million dollarlik farmatsevtik materiallar (tibbiy paxta, tibbiy doka, bint va b.) ishlab chiqarilgan boʻlib, shulardan jami 6,6 mln dollarlik tibbiy buyumlar eksport qilingan. Xususan 5,4 mln dollari (82%) YeOII davlatlari hisobiga toʻgʻri keladi. Farmatsevtik materiallar ishlab chiqaruvchi korxonalar 77-80 foiz quvvat bilan ishlamoqda.

Oʻzbekiston farmatsevtika bozori tez rivojlanmoqda

Oʻzbekistonning farmatsevtika bozori MDHda Rossiya va Ukrainadan keyingi uchinchi yirik bozor hisoblanadi. Oʻsish dinamikasi (yiliga 8-10 foiz) boʻyicha MDH mintaqasida eng tez rivojlanayotgan bozorlar qatoriga kiradi. Masalan, 2010 yilda 370 million dollaridan ortiq miqdorda dori-darmon import qilingan boʻlsa, 2018 yilda bu raqam 775 mln dollarni tashkil etadi. Oʻzbekiston farmatsevtika bozorida bugungi kunda 9000 turdagi dori vositalari, 1684 turdagi tibbiy buyumlar va 1529 turdagi tibbiy texnika mahsulotlari isteʼmol qilinmoqda.

2018 yilda farmatsevtika sohasida ichki bozor hajmi qariyb 1 mlrd dollarni tashkil etib, uning 21 foizi mahalliy ishlab chiqarish hisobidan taʼminlangan. Farmatsevtika vositalari importining 98 mln dollari YeOII davlatlari hisobiga, jumladan, 81 mln dollari Rossiya ulushiga toʻgʻri keladi. Aholi sonining yiliga oʻrtacha 1,5 foizga oshib borayotganligi va kishi boshiga sogʻliqni saqlashga ajratilayotgan xarajatlar koʻrsatkichi oxirgi yillarda oʻrtacha 15 foizga oshib borayotganligi kuzatilmoqda, va bu koʻrsatkich keyingi yillarda farmatsevtik vositalarga ham talabni mos ravishda oʻsib borishiga sabab boʻlmoqda.

Shuni taʼkidlash joizki, hozirda Oʻzbekistonda import qilinayotgan farmatsevtik mahsulotlarning koʻpchiligiga nisbatan hech qanday tarif qoʻllanilmaydi. Tibbiy paxta, tibbiy doka kabi farmatsevtik materiallarga 10 foiz miqdorida bojxona tarifi qoʻllaniladi va 2020 yil 1 yanvardan boshlab mazkur koʻrsatkich 30 foizgacha oshirilishi koʻzda tutilgan.

YeOIIga kirish natijasida ichki bozor va mahalliy ishlab chiqarish istiqbollari

2010 yilda Belarusiya, Qozogʻiston va Rossiya Federatsiyasi oʻrtasida Yevrosiyo Bojxona Ittifoqi ish boshladi. Ittifoq doirasida oʻzaro ayirboshlanadigan tovarlarga bojxona toʻlovlari toʻliq bekor qilindi, yagona tashqi tarif joriy etildi. Iqtisodiy integratsiya jarayoni 2012 yilga kelib ishchi kuchi, tovarlar, xizmatlar va kapital oqimining erkin harakatlanishini taʼminlaydigan yagona iqtisodiy makon, yaʼni Yevrosiyo iqtisodiy makonini tashkil etishga kelishib olinishi bilan davom etdi. 2015 yilning yanvar oyida Bojxona ittifoqi Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga (YeOII) aylantirildi. Shu yilning oʻzida Armaniston va Qirgʻiziston mazkur ittifoqqa qoʻshildi.

Toʻliq maqola "Ekonomicheskoye obozreniye" jurnalining 2 sonida chop etiladi.

Infografika: Oʻzbekiston farmatsevtika sanoati YeOIIga aʼzo boʻlish sharoitida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Bosh ilmiy xodimi Baxtishod Xamidov

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

davaktiv.uze-auksion.uzBD terminalSOS 24
UZ