Oʻzbekiston baxtli mamlakatlar reytingida koʻtarildi va 38 oʻrinni egalladi
Gallup tomonidan anʼanaviy ravishda eʼlon qilinadigan World Happiness Report 2020 reytingida Oʻzbekiston 153 ta mamlakat orasida 38-oʻrinni egalladi. Oʻzbekiston MDHga aʼzo davlatlar orasida yetakchilikni saqlab turibdi.
Butun dunyoda Xalqaro baxt kuni sifatida nishonlanadigan 20 mart kuni baxtli mamlakatlar reytingi eʼlon qilindi. Gallup tomonidan anʼanaviy ravishda eʼlon qilinadigan World Happiness Report 2020 reytingida Oʻzbekiston 153 ta mamlakat orasida 38-oʻrinni egalladi. Bu 2019 yilgi koʻrsatkichlardan uch pogʻona yuqoriroq.
Oʻzbekiston MDHga aʼzo davlatlar orasida yetakchi va 1-oʻrinni saqlab turibdi. Keyingi
pogʻonalardan Qozogʻiston (umumiy reytingda 50-oʻrin), Tojikiston (71-oʻrin), Rossiya (73-oʻrin), Qirgʻiziston (74-oʻrin) joy oldi. Turkmaniston esa 95-oʻrinni band etdi.
Reytingda uchinchi yil qatorasiga Finlyandiya yetakchilik qilmoqda. U eng baxtli davlat deb topilgan. Undan keyingi oʻrinlarni Daniya, Shveysariya, Islandiya, Norvegiya, Niderlandiya, Shvetsiya, Yangi Zelandiya, Avstriya va Lyuksemburg egallagan.
Shuningdek, yetakchi davlatlardan Buyuk Britaniya 13-oʻrinni, Germaniya 17-oʻrinni, AQSh 18-oʻrinni, Fransiya 23-oʻrinni, Xitoy 94-oʻrinni egallagan.
Hindiston, Malavi, Yaman, Botsvana, Tanzaniya, Markaziy Afrika Respublikasi, Ruanda, Zimbabve, Janubiy Sudan, Afgʻoniston reytingning quyi pogʻonalaridan joy olgan.
Bu yilgi hisobotning avvalgilaridan farqli tomoni, unda har bir mamlakatning asosiy shaharlari aholisining hozirgi kundagi hayotidan qoniqishi va kelajakda ushbu shaharda yashash qanchalik yaxshi boʻlishi haqidagi fikrlari oʻrganilgan.
Soʻrovnomalar natijalariga koʻra, Toshkent — aholisi eng optimist shahar deb topildi. Soʻrovnomada qatnashgan Oʻzbekiston poytaxti aholisi kelajakda ushbu shaharda yashash sharoitlaridan umidlari katta ekanligini bildirgan, oqibatda Toshkent kelajakdagi hayot reytingida 186 mamlakat poytaxtlari orasida 1-oʻrinni egallagan.
Hozirgi kundagi hayotdan qoniqish boʻyicha esa Toshkent 75-oʻrinda. Anʼanaviy tarzda dunyo boʻylab oʻtkaziladigan Gallup soʻrovnomalarida har bir mamlakatdan 1000 ga yaqin 15 va undan katta yoshdagi aholi qatnashadi. Soʻrovnomalar davlat tilida oʻtkaziladi.
Soʻrovnomalar asosida yuzaga keladigan global indekslar mamlakatning yalpi ichki mahsuloti, umr koʻrish davomiyligi, ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, ozodlik, korrupsiya va boshqa koʻrsatkichlar asosida tuziladi.
World Happiness Report (Baxtiyorlik toʻgʻrisidagi hisobot) BMTning barqaror rivojlanish yechimlarini izlash boʻlimi tomonidan har yili tuzib kelinadi. Ushbu hisobot va reyting 2012 yildan beri eʼlon qilib boriladi.