| Toshkent |
UZ
Malibu•••
USD/UZS 11 990,54 −12,39 ↓EUR/UZS 13 136,84 −19,57 ↓RUB/UZS 146,24 −0,50 ↓
Jamiyat2 daqiqada oʻqiladi106 marta oʻqildi

Oʻtgan ikki yilda 1 986 nafar mansabdor shaxslar korrupsiyaviy jinoyatlarni sodir etgan

Mansabdor shaxslar tomonidan amalga oshirilgan korrupsiyaviy jinoyatlar oqibatida 2 trln. soʻm miqdorida davlatga zarar yetgan.

Oʻtgan ikki yilda 1 986 nafar mansabdor shaxslar korrupsiyaviy jinoyatlarni sodir etgan
Foto: Gazeta.uz

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan birgalikda korrupsiya holatlari kuzatilayotgan sohalar uni keltirib chiqarayotgan omillar va ularni oladini olishga bagʻishlangan idoralararo yigʻilish tashkil etildi.

Yigʻilishda Bosh prokuror Nigʻmatilla Yoʻldoshev kun tartibidagi masala yuzasidan maʼruza qildi.

Maʼruzada taʼkidlanganidek, Prezidentimiz tashabbusi va qatʼiy siyosiy irodasi bilan mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi murosasiz kurash olib borilmoqda.

Eng avvalo, huquqiy asoslarni yaratishga eʼtibor berilib, soʻnggi toʻrt yilda 70 dan ortiq qonun hujjatlari qabul qilindi.

Davlat xizmati tizimi tubdan takomillashtirildi. Davlat xizmatchilarining ijtimoiy himoyasi kuchaytirilib, soʻnggi yillarda ish haqlari sezilarli oshirildi.

Vazirlik va idoralarda, mahalliy hokimliklarda “komplayens nazorat” tizimi yoʻlga qoʻyilmoqda.

Qisqa muddatda koʻrilgan chora-tadbirlar oʻzining dastlabki natijalarini ham koʻrsata boshladi.

Oʻzbekiston soʻnggi toʻrt yilda Jahon bankining “Biznes yuritish” indeksida 18 pogʻonaga, Meros jamgʻarmasining “Iqtisodiy erkinlik” indeksida esa 52 pogʻonaga koʻtarildi.

Shuningdek, Jahon bankining “Korrupsiyani tiyib turish”, “Transperens interneshnl” xalqaro nohukumat tashkilotining “Korrupsiyani qabul qilish”, Jahon odil sudlov loyihasining “Korrupsiyaning mavjud emasligi” indekslarida sezilarli yuqoriladi.

Shu bilan birga, ayrim sohalarda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishda tizimli muammo va kamchiliklar mavjudligi koʻrsatildi.

Taassufki, respublikamizda oʻtgan ikki yilda 1 986 nafar mansabdor shaxslar korrupsiyaviy jinoyatlarni sodir etganligi uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan. Bunday jinoyatlar oqibatida yetkazilgan moddiy zarar miqdori 2 trln. soʻmdan oshgan.

Iqtisodiy sohadagi korrupsiyaviy holatlar asosan byudjet mablagʻlaridan foydalanish jarayonida sodir etilayotanligi taʼkidlandi.

Vazirlik va idoralarda korrupsiyaga imkon berayotgan ayrim sabab va shart-sharoitlar oʻrganilganda, ayrim sohalarda ichki idoraviy nazorat hamda yuridik xizmatning oʻrni sezilmayotganligi, baʼzi rahbarlarning oʻzi bundan manfaatdor emasligi ham korrupsiyaga chek qoʻyishga imkon bermayotganligi taʼkidlandi.

Barcha sohalarda qonunlar ijrosini bevosita taʼminlashga masʼul boshqaruv idoralari, ijro ustidan nazoratga masʼul esa 50 dan ortiq nazorat - tekshiruv organlari mavjud. Biroq, nazorat organlarining qonuniylikka taʼsiri sezilmayotganligi tanqid ostiga olindi.

Komissiya yigʻilishi qizgʻin muhokamalar bilan kechdi. Soʻzga chiqqan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov quyidagi masalalarga eʼtibor qaratdi.

“Korrupsiyaga qarshi kurashishda ochiqlik va oshkoralik, ommaviy axborot vositalari va keng jamoatchilik bilan hamkorlikning oʻrni muhim. Mana bugungi yigʻilish va unda sohalar, vazirliklar boʻyicha oshkor etilayotgan korrupsion holatlarning oʻziyoq korrupsiyaga qarshi kurashishdagi islohotlarning amaliy ifodasi boʻlmoqda.

Albatta bu bilan toʻxtab qolmoqchi emasmiz. 9 dekabr — Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan mamlakatimizda antikorrupsiya-haftaligida bu kabi tadbirlar davom etadi. Unda davlat idoralarida ochiq eshiklar kuni, jamoatchilik va OAVlari uchun tanlovlar, xalqaro va tashkilot va ekspertlar bilan vebinar, konferensiyalar oʻtkazish rejalashtirilgan.

Shu bilan birga, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi quyidagi asosiy yoʻnalishlarga eʼtibor qaratish lozim deb hisoblaydi.

Birinchidan, sohaga oid qonunchilikni takomillashtirish. Bunda eng avvalo korrupsion jinoyatlarga jazo muqarrarligini taʼminlash lozim.

Ikkinchidan, axborot kommunikatsiya vositalari rivojlangan sari korrupsion jinoyatlarning zamonaviy, yangi turlari paydo boʻlmoqda. Bu kabi holatlarga qarshi kurashishning samarali usullarini qoʻllash boʻyicha ham ish olib bormoqdamiz.

Uchinchidan, korrupsion jinoyatlar eng koʻp uchrayotgan qurilish, oliy taʼlim sohalarida amaliyotga joriy etilgan “Korrupsiyasiz soha” loyihasini hozirda eng koʻp eʼtirozlarga sabab boʻlayotgan davlat haridlari va sogʻliqni saqlash sohalariga ham qoʻllash choralarini koʻrayapmiz”.

Yigʻilish yakuni boʻyicha tegishli sohalar, vazirlik va idoralarda korrupsiyaga barham berish boʻyicha kompleks tadbirlarni amalga oshirishga qaratilgan qaror qabul qilindi.

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

davaktiv.uze-auksion.uzBD terminalSOS 24
UZ