| Toshkent |
UZ
Malibu•••
USD/UZS 11 990,54 −12,39 ↓EUR/UZS 13 136,84 −19,57 ↓RUB/UZS 146,24 −0,50 ↓
Jamiyat2 daqiqada oʻqiladi558 marta oʻqildi

Mehnat vaziri Nozim Husanov oʻzbek paxtasiga boykotni toʻxtatishni soʻradi

Mehnat vaziri COVID-19 oqibatlarini yumshatish uchun Cotton Campaignʼdan oʻzbek paxtasiga boykotni toʻxtatishni soʻrab ochiq xat yozdi.

Mehnat vaziri Nozim Husanov oʻzbek paxtasiga boykotni toʻxtatishni soʻradi

Oʻzbekiston bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov Cotton Campaign xalqaro koalitsiyasiga mamlakatda ishlab chiqarilgan paxtadan foydalanish uchun boykotni olib tashlashni soʻrab ochiq xat yubordi.

Unda taʼkidlanishicha, Oʻzbekistondagi ayrim tarmoq va korxonalar koronavirus tarqalishi oqibatlariga moslashishiga, hukumat esa aholining zaif qatlamlariga yordam berishga harakat qilayotganiga qaramay mamlakat iqtisodiyotini saqlab qolish uchun qoʻshimcha choralar zarur.

Nozim Husanov hukumat xoʻjalik yurituvchi subʼyektlar va fuqarolik jamiyati vakillari bilan hamkorlikda Oʻzbekiston paxtachilik tarmogʻida islohotlarning yangi bosqichini boshlashga tayyorligini bildirgan. Yangi islohotlar davriga oʻtishda aholiga zarur oʻzgarishlarni amalga oshirish uchun koalitsiya tomonidan imzolangan Uzbek Cotton Pledge majburiyati doirasida oʻzbek paxtasiga qoʻyilgan boykotni olib tashlashni soʻragan.

«Shu kunlarda koronavirus pandemiyasi sabab Oʻzbekistonning sogʻliqni saqlash va iqtisodiyot sohalari koʻrilmagan xavfga duch keldi… Hozirdanoq Oʻzbekiston mehnat bozori misli koʻrilmagan bosimga duch kelmoqda: Respublikaning 1,5 milliondan ortiq fuqarosi ishsiz. Mamlakatida amalga oshirilayotgan keskin izolyasiya tufayli 150 ming fuqaro majburan ishsiz qoldi, chet eldan qaytgan 140 mingdan ortiq fuqaro doimiy daromadlaridan mahrum boʻldi, 200 mingdan ortiq oila qashshoqlik yoqasida», — degan Nozim Husanov.

«Davlat korxonalari, xususiy sektor va butun mehnat bozori yangi sharoitlarga imkon qadar koʻproq moslashishga harakat qilmoqda. Ammo milliy iqtisodiyotimiz juda zarur boʻlgan yangi ish oʻrinlarini yaratish uchun katta kuch sarflashi kerak. Shu bois paxta boykotini olib tashlash haqidagi qaroringiz hal qiluvchi rol oʻynashi mumkin», — deb taʼkidlagan u.

«Oʻzbekiston toʻqimachilik sanoati aholi bandligini taʼminlashda yetakchi tarmoqlardan biridir. Faqat ishlab chiqarishda qariyb 7 000 korxonada 200 mingdan ortiq aholi ish bilan band boʻlganligi bois bir million aholi barqaror daromadga ega. Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, oʻzbek paxtasidan boykot olib tashlansa, toʻqimachilik mahsulotlarining umumiy eksport hajmi ikki barobarga ortishi mumkin. Bu esa xalqimiz uchun zarur ish oʻrinlarini yaratadi.

AQSh va Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga eksportni qayta tiklash koronavirusga qarshi global kurashda muhim rol oʻynashi mumkin. Oʻzbekiston toʻqimachilik mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilari qisqa vaqt ichida vaziyatga moslashgan holda shaxsiy himoya vositalari ishlab chiqarishini oʻn barobarga oshirdi. Ishlab chiqaruvchi va sotuvchilar boykotga duch kelmaganida, oʻzbek toʻqimachiligida tayyorlangan niqoblar, jarrohlik liboslari va boshqa turdagi shaxsiy himoya vositalari yuzaga kelayotgan global vaziyatni bartaraf etishda madad boʻlishi mumkin edi», — deyiladi murojaatda.

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

davaktiv.uze-auksion.uzBD terminalSOS 24
UZ