| Toshkent |
UZ
Malibu•••
USD/UZS 11 990,54 −12,39 ↓EUR/UZS 13 136,84 −19,57 ↓RUB/UZS 146,24 −0,50 ↓
Siyosat1 daqiqada oʻqiladi

Maxsus iqtisodiy zonaning ishtirokchisiga yer ajratishni rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi

Maxsus iqtisodiy zonaning faoliyat koʻrsatish muddatini uzaytirish, chegaralarini oʻzgartirish va uni tugatish Prezident qaroriga binoan amalga oshiriladi.

Maxsus iqtisodiy zonaning ishtirokchisiga yer ajratishni rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi

“Maxsus iqtisodiy zonalar toʻgʻrisida”gi Qonun 17 fevral kuni Prezident tomonidan imzolandi.

Qonunga muvofiq, maxsus iqtisodiy zona tegishli hududni jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun chet el investitsiyalari va mahalliy investitsiyalarni, yuqori texnologiyalar hamda boshqaruv tajribasini jalb etish maqsadida maxsus ajratilgan, belgilangan chegaralarga va maxsus huquqiy rejimga ega boʻlgan hudud hisoblanadi.

Maxsus iqtisodiy zonalar boʻsh turgan va faoliyat koʻrsatmayotgan davlat mulki obʼyektlari, maʼmuriy-hududiy tuzilmalar hududlari negizida, shuningdek qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yerlarda tashkil etiladi.

Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar alohida hollarda faqat farmatsevtika va agrar yoʻnalishidagi maxsus iqtisodiy zonalar uchun berilishi mumkin.

Vazirlar Mahkamasi maxsus iqtisodiy zonalarning faoliyat koʻrsatishini va ularni rivojlantirishni tashkil etish sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlaydi.

Maxsus iqtisodiy zonaning ishtirokchisiga yer uchastkasini ajratishni rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Maxsus iqtisodiy zonalar quyidagi turda tashkil etilishi mumkin:

  • erkin iqtisodiy zonalar

  • maxsus ilmiy-texnologik zonalar;

  • turistik-rekreatsion zonalar

  • erkin savdo zonalari;

  • maxsus sanoat zonalari.

Shuningdek, bunday hududlarda qurol va oʻq-dorilar ishlab chiqarish va ularning savdosini olib borish, alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish kabi bir qator faoliyat turlarini amalga oshirish taqiqlanadi.

Maxsus iqtisodiy zona Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga binoan 30 yil muddatga tashkil etiladi.

Maxsus iqtisodiy zonaning faoliyat koʻrsatish muddatini uzaytirish, chegaralarini oʻzgartirish va uni tugatish Prezident qaroriga binoan amalga oshiriladi.

Erkin iqtisodiy zonalar hududida ushbu Qonun kuchga kirgunga qadar erkin iqtisodiy zonalar direksiyalari tomonidan roʻyxatga olingan va investitsiya loyihalarini amalga oshirayotgan erkin iqtisodiy zonalar ishtirokchilari uchun qonunchilikda nazarda tutilgan imtiyoz va preferensiyalar ular taqdim etilgan muddat oʻtguniga qadar saqlab qolinadi.

Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi.

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

davaktiv.uze-auksion.uzBD terminalSOS 24
UZ