Masofaviy ishlashga oʻtkazish tartibi tasdiqlandi. Bu huquqdan birinchi boʻlib qaysi xodimlar foydalanadi?
Masofaviy ishlash usuliga oʻtkazilgan xodimlarning mehnat taʼtili, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik boʻyicha nafaqa olish hamda qonun hujjatlari va jamoa shartnomasida nazarda tutilgan boshqa huquqlari saqlab qolinadi.

“Karantinga oid choralar amal qilish davrida xodimlarni masofaviy ish usulida, moslashuvchan ish grafigida yoki uyda ishlashga oʻtkazishning vaqtinchalik tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyruq Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazildi.
Buyruq bilan tasdiqlangan nizomga koʻra, karantin davrida ish beruvchi xodimning roziligi bilan uni masofaviy ish usulida, moslashuvchan ish jadvalida yoki uyda ishlashga oʻtkazishi mumkin.
Bunda ushbu huquqdan birinchi navbatda homilador ayollar, keksalar, imkoniyati cheklangan shaxslar va surunkali kasalliklarga chalingan xodimlar foydalanadi.
Xodimning masofaviy ish usulida, moslashuvchan ish jadvalida yoki uyda ishlashga oʻtkazilishi ish beruvchining buyrugʻi bilan rasmiylashtiriladi.
Masofaviy ishga oʻtkazish yuzasidan mehnat shartnomasiga kiritiladigan oʻzgartirishda, mehnatning boshqa shartlari bilan birga quyidagilar ham koʻrsatiladi:
elektron hujjat almashinuvi boʻyicha oʻzaro aloqa tartibi;
xodimga ish uchun zarur boʻlgan jihozlar, texnika vositalaridan foydalanish tartibi;
xodimni aloqa vositalari bilan taʼminlash, Internet tarmogʻidan foydalanish;
xodimga ish beruvi tomonidan berilgan jihozlar buzilganda zararni qoplash boʻyicha shartlar;
xodim shaxsiy jihoz, texnika vositalaridan, Internetdan foydalanganda xarajatlarni qoplash tartibi;
xodim va ish beruvchining zaruriy mehnat muhofazasi va mehnat sharoitlariga amal qilish boʻyicha majburiyatlari;
ishlab chiqarish zaruriyati tugʻilganda xodimni doimiy ishga oʻtkazish shartlari.
Mazkur ishlash usuliga oʻtkazilgan xodimlarning mehnat taʼtili, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik boʻyicha nafaqa olish hamda qonun hujjatlari va jamoa shartnomasida nazarda tutilgan boshqa huquqlari saqlab qolinadi.
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

Poytaxt sektor rahbarlari aholi muammolarini qay darajada hal eta olyapti?

Toshkentda ommaviy qabullar viloyatlardagi ommaviy qabullardan nimasi bilan farq qiladi?

«Oʻztransgaz» aholiga murojaat yoʻlladi

