| Toshkent |
UZ
Malibu•••
USD/UZS 11 990,54 −12,39 ↓EUR/UZS 13 136,84 −19,57 ↓RUB/UZS 146,24 −0,50 ↓
Jamiyat2 daqiqada oʻqiladi50 marta oʻqildi

Laylo Rustamova: Elektron kundalikning joriy etilishi bilan qogʻoz kundalikdan voz kechilmoqda

“Ota-onalar har doim oʻz farzandlari uchun zarur barcha narsalarni oʻzlari xarid qilib kelishgan. Elektron kundalikning joriy etilishi bilan qogʻoz kundalikdan voz kechilmoqda. Bunda qogʻozli kundalikning oʻrtacha bahosi hisobi olinib, uning elektron muqobili uchun yillik obuna 9200 soʻmga baholanmoqda”, deb javob berdi Laylo Rustamova ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab boʻlayotgan elektron kundalik haqidagi savollarga.

Laylo Rustamova: Elektron kundalikning joriy etilishi bilan qogʻoz kundalikdan voz kechilmoqda

Xalq taʼlimi vazirligi matbuot kotibi Laylo Rustamova maxsus brifing orqali ijtimoiy tarmoqlarda koʻplab muhokamalarga sabab boʻlayotgan elektron kundalik masalasidagi qator savollarga javob berdi.

«Oʻzbekistonda har kim bepul taʼlim olish huquqiga ega. Elektron kundalik uchun toʻlov bolaning bu huquqini cheklamaydimi?» degan savolga XTV rasmiysi «Yoʻq» deya javob berdi.

«Yoʻq, cheklamaydi. Sababi kundalik yoki boshqa oʻquv anjomlari maktab tomonidan bepul berilmaydi. Ota-onalar har doim oʻz farzandlari uchun zarur barcha narsalarni oʻzlari xarid qilib kelishgan.

Elektron kundalikning joriy etilishi bilan qogʻoz kundalikdan voz kechilmoqda. Bunda qogʻozli kundalikning oʻrtacha bahosi hisobi olinib, uning elektron muqobili uchun yillik obuna 9200 soʻmga baholanmoqda.

Shularni inobatga olib, Xalq taʼlimi vazirligi 2020/2021-oʻquv yili boshlanishidan oldin elektron kundalik joriy etilayotgan maktablarning ota-onalariga qogʻoz kundalik sotib olmaslikni soʻrab murojaat qilgan», – dedi Laylo Rustamova.

Uning aytishicha, kundalikning elektron talqini ota-onaga va bolaning boshqa yaqinlariga darslarni, uy vazifalarni, bolalarning davomatini uydan chiqmasdan turib, ishdan chalgʻimagan holda va hatto chet elda turib ham nazorat qilish imkoniyatini beradi.

«Ushbu kundalik yordamida ota-onada bolaning uy vazifasi, davomati, sharhlar, baholar, maktab hayotidan doimiy xabardor boʻlish imkoniyati mavjud. Agar uy vazifasini bajarish jarayonida bolada savol tugʻilsa, u oʻqituvchisiga tizim orqali toʻgʻridan-toʻgʻri murojaat qilishi ham mumkin. Oʻqituvchi esa, oʻz navbatida, oʻquvchilarga qoʻshimcha oʻquv materialini taqdim etishi, video darsiga havola yuborishi mumkin boʻladi», – dedi vazirlik rasmiysi.

Shuningdek, Laylo Rustamova ota-onalarda tanlash huquqi borligini taʼkidladi.

«Ular ushbu tizim orqali farzandlarining bilim olish darajasini nazorat qilishi va bu bilan uning sifatini oshirib borishi yoki elektron kundalikdan voz kechgan holda bolaning baholarini maktabga borganda bilib turishlari mumkin. Hech kimga hech qanday majburiy talab yoʻq.

Bilamizki, hech qanday yangilik osonlik bilan qabul qilinmaydi. Lekin aytish joizki, elektron kundalikning afzalliklari juda koʻp. Bu birinchi navbatda oʻqituvchining vaqtini tejashdir. Oʻqituvchilar endilikda qogʻoz jurnalini toʻldiradigan vaqtini oʻzi va oʻquvchilari ustida ishlashga sarflashi mumkin boʻladi.

Koʻp yillar davomida elektron jurnal va kundalik qoʻllanilayotgan mamlakatlar tajribasi shuni koʻrsatmoqdaki, oʻqituvchilar uning yordami bilan har chorakda 20 soatdan ortiq ish vaqtini tejay oladi», – dedi Xalq taʼlimi vazirligi matbuot xizmati boshligʻi Laylo Rustamova.

Shuningdek, vazirlik vakilining maʼlum qilishicha, Oʻzbekistonda bugungi kunga qadar elektron Kundalik tizimida roʻyxatdan oʻtgan maktablar soni 1557 ta boʻlib, shundan 1482 ta maktab qogʻoz jurnal va kundalikdan butunlay voz kechgan.

Uning soʻzlariga koʻra, elektron obuna uchun 9200 soʻm boʻlgan toʻlovni 30 noyabrdan eʼtiboran amalga oshirish mumkin.

«23 noyabrdan sinov muddatining oxirgi 7 kuni boshlangan. Ota-onalarga oʻzlarining profillaridan kirish va barcha farzandlarining kundaliklarini koʻra olayotganliklarini tekshirishlari tavsiya etiladi», – dedi vazirlik vakili.

Elektron kundalik xorijiy kompaniyaniki boʻlsa, bu bolalarning maʼlumotlarini xavfga qoʻymaydimi? Ushbu savolga Laylo Rustamova quyidagicha javob berdi.

«Elektron kundalik foydalanuvchilari toʻgʻrisidagi barcha maʼlumotlar «Oʻzbektelekom» serverlarida saqlanadi. Bu esa, oʻquv jarayonidagi barcha ishtirokchilarning shaxsiy maʼlumotlari ishonchli himoyasini taʼminlaydi. Bundan tashqari, Kundalik.com TAS-IX hududida joylashgan boʻlib, platforma bilan ishlashda uyali aloqa operatorlari orqali foydalanilganda internet-trafik sarflanmaydi.

Agar elektron kundalikni qoʻllash boʻyicha savollar yuzaga kelsa, ularga javoblarni kompaniyaning qoʻllab-quvvatlash xizmatiga +998 (78) 888-82-82 raqami orqali murojaat qilgan holda olish mumkin», – deydi Laylo Rustamova.

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

davaktiv.uze-auksion.uzBD terminalSOS 24
UZ